Halol yoki xarom?

Assalomu alaykum! Men santexnik bo‘lib ishlayman. Yaqinda bir uyda ishladim va ishimni tugatib hali pul olmadim. Keyin bilsam uy egasi aroq ishlab chiqaruvchi zavodda ishlar ekan. Aroq xarom hisoblanadi. U kishi esa mening nazdimda xaromdan pul topadi. Savolim shundan iboratki men uy egasidan o‘zimni xalol mehnatim uchun pul olsam u xarom pul bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Uning topgani harom bo‘lsa sizga berishi ham harom bo‘ladi. Birorta topgani pokizadan qarzga olib bersin.
Haromdan topilgan moldan qarzni ado qilish
Bir kishi qarzdor bo‘lsa, qo‘lida harom moldan boshqa mol bo‘lmasa, qarzini o‘sha moldan to‘lashi joizmi? ما حرم أخذه حرم إعطاؤه Olish harom bo‘lgan narsani berish ham haromdir.الربا و الرشوة و أجرة الزنا و أجرة الغناء، كلّ ذالك حرام سخت، لم يخرج من ملك صاحبه، فلا يجوز تأدية القرض به «Ribo, pora, zino va otarchilikdan topilgan pullarning barchasi harom, nopokdir. Bular beruvchining mulkidan chiqmagan bo‘lib, qarzni bular bilan ado qilish joiz emas».
Fiqh kitoblarimizdan olingan ushbu iboradan ko‘rinib turibdiki, haromdan topilgan mol kimdan olingan bo‘lsa, o‘shaning mulki hisoblanadi. Agar egalari aniq bo‘lsa, ularga qaytarib berish vojibdir. Agar ma’lum bo‘lmasa, ular kimning moli bo‘lsa, o‘shalar tarafidan sadaqa qilish vojib bo‘ladi. Kim ushbu moldan qarzini to‘lasa, birovning molini ishlatgani uchun gunohkor bo‘ladi.
Shunday fatvo berilgan: «Agar qarzdor sudxo‘rlik, qimor, mast qiluvchi ichimlik, zino orqali mol topgan bo‘lsa, uni o‘zi ishlatishi va undan foydalanishi joiz emas. Haqdorlar (qarz egalari) ham undan o‘sha molni olib foydalanishi haqida ulamolar to‘rt xil fikr aytishgan:
1. Ibn Qosim Molikiy rohimahulloh aytadilar: «Qarzdorning halolu harom aralashgan moli bo‘lib, haloli ko‘p bo‘lsa, haqdor haqqini o‘sha moldan olishi va undan foydalanishi joizdir»
2. Ibn Vahb Molikiy rohimahulloh: «Qarzdorning harom molidan olib, undan foydalanish joiz emas. Alloma Ibn Rushd Molikiy: «Agar molning ko‘pi haloldan bo‘lsa, qarzini olishi va undan foydalanishi joiz. Agar molining ko‘pi harom bo‘lsa, undan qarzni olish ham, foydalanish ham joiz emas».
3. Imom Muhammad Shayboniy rohimahulloh aytadi: «Haqdor odam qarzdor kishining harom molidan qarzini undirib olishi va undan foydalanishi durustdir. Agar ushbu masala qozining oldiga olib borilsa, qazoan joiz deb hukm qilinadi, diyonatan esa joiz emas».
4. Boshqa ahli ilmlar shunday deyishgan: «Qarzdor qarzini harom moldan to‘layotgan bo‘lsa va bu haqdorga ma’lum bo‘lib qolsa, uni olishi va foydalanishi joiz emas. Lekin halol moldan bersa, olish ham, foydalanish ham joiz». Mana shu holatda haqdor kishi qarzning qanday moldan berilayotganligini qarzdor kishidan so‘rash vojibmi yoki vojib emasmi? Musulmon musulmon haqida yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Lekin fisqu fujuri ortadigan bo‘lsa, iloji yo‘q.
 Bu to‘rt qavldan fatvo berilgani shuki, qarzdorning xuzuridagi mol asl egasining roziligisiz, shariat ko‘rsatmalariga zid tarzda, masalan, o‘g‘rilik, qaroqchilik yo‘li bilan topilgan bo‘lsa, haqdorning bunday moldan olishi va foydalanishi joiz emas. Qarzdorning huzuridagi mol shariat ko‘rsatmalariga zid bo‘lsa ham, egasining roziligi orqali topilgan bo‘lsa, masalan, sudxo‘rlik, qimor, zino sababidan topilgan bo‘lsa, haqqini shu moldan olish qazoan joiz, diyonatan joiz emas, ya’ni taqvo nuqtai nazaridan olmagani afzaldir.
Ba’zi ulamolar bunday holatdagi qarzdor kishiga yuqorida zikr qilingan ishlar dinida harom sanalmagan g‘ayridinlardan qarz olib, haqdorga to‘lashni tavsiya qiladilar. Shunda u g‘ayridinlardan olgan qarzini mazkur g‘ayrishar’iy yo‘l bilan topilgan moldan to‘layveradi. Muftiy Kamoliddin Roshidiy. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:34 | Savol-javoblar | 160 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar