Jon berayotgan kishiga kalima aytish

Assalomu alaykum! O‘lim oldidan qanday kalima aytiladi (savolim noo‘rin bo‘lgan bo‘lsa uzr) . Iloji bo‘lsa yozib bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Kifoya” kitobida quyidagicha keladi:
Muhtazar(o‘limga yuz tutgan shaxs)ni o‘ng yonboshi ila qiblaga yuzlantirish sunnatdir. Chalqancha yotqizish ixtiyor qilingan. Shahodat talqin qilinadi. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَقِّنُوا مَوْتَاكُمْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ الْبُخَارِيَّ  Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jon taslim qilayotganlaringizga: «La ilaha illallohu»ni talqin qilinglar», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
O‘lim oldida turgan shaxsning yonida hozir bo‘lgan kishilar ovozlarini chiqarib «Laa ilaaha illallohu»ni aytib turishlari hukmi mana shu hadisi sharifdan olingan.
Muhtazarga «Shu kalimani ayt», deb majbur qilinmaydi. Jon achchig‘ida «Aytmayman», deb yuborishi, yuz o‘girishi yoki boshqa noqulay holat paydo bo‘lishi mumkin. Shuning e’tiboridan, hozir bo‘lganlar o‘zlaricha ovozlarini chiqarib aytib turishadi. Muhtazar ham aytsa, to‘xtashadi.
Oxirgi so‘zi kalimai shahodat bo‘lgan inson baxtli bo‘ladi. Muhtazar kalimai shahodatni aytgandan keyin yana boshqa gap aytsa, hozir bo‘lganlar yana kalimai shahodatni ayta boshlaydilar.
Xullas, nima bo‘lganda ham, muhtazar o‘z ixtiyori bilan oxirgi so‘z sifatida kalimai shahodatni aytishiga erishishga harakat qilinadi.
Bu holatdagi ishlarni muhtazarning eng yaqin va yaxshi ko‘rgan kishisi, unga qanday muomala qilishni yaxshi biladigan odam qilishi kerak. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 14:24 | Savol-javoblar | 190 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar