Rivoyatdagi duo haqida

Assalomu alaykum! Yaqinda bir rivoyatga ko‘zim tushdi. U quyidagicha edi: «Bir xotinning eri juda ko‘p safar qilardi. Shuning uchun u eri va farzandlarining fitnaga tushib qolishidan qo‘rqar edi. Bir kuni eri unga: «G‘alati ishlar bo‘lyapti. Masalan, harom narsalarga qarash, nomahramlar bilan gaplashish yoki shunga o‘xshash shariat man qilgan narsalardan meni nimadir to‘syapti», dedi. Boshqa kuni katta o‘g‘li kelib, «Oyijon! Menga nima deb duo qilyapsiz? Kursdoshlarim bilan qizlar kollejiga borsam, yuragim siqilib, qaytgim keladi. Kursdoshlarim qizlarning telefon raqamini berishsa, o‘sha qizlar bilan telefonda gaplashganimda yuragim shunaqangi siqiladiki, gapni tugatmagunimcha yozilmaydi. Yolg‘iz o‘zim internetda o‘tirsam ham, nimadir meni haromga qarashdan to‘sadi», dedi. Shunda ona har namoz ketidan quyidagi duoni o‘qishini aytdi: «Allohumma, inniy astavdi’uka diyniy va amaanatiy va zurriyatiy va zavjiy, va qolbiy va qolbi zurriyyatiy va qolbi zavjiy va sam’ihim va absorihim va jamii’i javaarihihim» (Allohim! Dinimni, omonatimni, farzandlarimni, erimni, qalbimni, farzandlarimning qalbini, erimning qalbini, ularning qulog‘ini, ko‘zlarini va barcha a’zolarini O‘zingga topshirdim). Shu rivoyat haqiqatmi? Shunday duo rostdan bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ القاسم بن محمد رَضِي اللهُ عَنْهُ، يقول: كُنْتُ عِنْدَ ابْنِ عُمَرَ فَجَاءَهُ رَجُلٌ، فَقَالَ: أَرَدْتُ سَفَرًا، فَقَالَ عَبْدُ اللهِ: « إنْتَظِرْ حَتَّى أُوْدِعَكَ كَمَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُوْدِعُنَا فَيَقُولُ: أَسْتَوْدِعُ اللهَ دِيْنَكَ، وَأَمَانَتَكَ، وَخَوَاتِيمَ عَمَلِكَ  Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Men ibn Umar roziyallohu anhuning huzurida edim. Bir kishi kelib: “Safarga chiqmoqchiman” dedi. Shunda ibn Umar roziyallohu anhu: “Kutib tur, toki men seni Rasululloh bizni kuzatganlaridek kuzatib qo‘yaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Astavdi’ulloha diynaka va amaanataka va xavotima amalika”, deb bizni kuzatar edilar.
Duoning ma’nosi:
“Men sizning diningizni, omonatingizni va amallaringizning xotimasini Allohga topshiraman”. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:47 | Savol-javoblar | 159 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar