Yaxudiy

Assalomu alaykum! Biz amakim bilan bahslashib qoldik. Men “yahudiylar agar Islomga kirib payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v)ga ergashib Islomning rukunlarini qilsalar Alloh xohlasa jannatga kiradilar. Mabodo unday bo‘lmasa, o‘zining dinini to‘g‘ri deb bilib, Islom dinini qabul qilmasa do‘zaxga kiradi” deb yubordim. Men noto‘g‘ri gapirdimmi? Shuni oydinroq tushuntirib bersangiz. In shaa Alloh ularga ham ko‘rsatar edim, chunki ular “yahudiy bo‘lsa ham yaxshi inson bo‘lsa Alloh kechiradi”, deb yubordilar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! To‘g‘ri aytibsiz. Odam alayhissalomdan beri payg‘ambarlar yuborilgan. Bir payg‘ambar vafot topgach ummati ularga tushirilgan kitob yoki sahifalarni aslini yo‘qotib, o‘zgartirib fisqu fasodga berilib ketishavergan. Shu vaqtda Alloh yana bir payg‘ambar yuborib barchani o‘sha payg‘ambarga itoat qilishga buyurgan. Qavm iymon keltirib, solih amallar qilib ma’lum bir muddatgacha to‘g‘ri yo‘lda yurishgan. Payg‘ambar vafot topib bir muddat o‘tgach qavm yana avvalgi holatiga qaytishgan. So‘ng Alloh yana bir payg‘ambar va unga sahifa yoki kitob nozil qilgan. Bu ish Muso alayhissalomning davrlarida ham bo‘lgan. U zot vafot topib ma’lum bir muddatdan keyin qavmi Tavrotni o‘zgartirib asl nusxasini yo‘qotib fasodga duchor bo‘lishgach Alloh taolo Iyso alayhissalomni yubordi va u zotga Injil nozil qildi va Banu Isroilni endi Iyso alayhissalomga iymon keltirishlarini shart qildi. Iyso alayhissalom osmonga ko‘tarilgach ma’lum bir muddat qavmi to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishdi, kitoblariga amal qilishdi. 600 yilcha muddat o‘tib u qavm ham kitobining aslini yo‘qotdi, unga o‘zgartirishlar kiritdi, shariatida joiz bo‘lmagan ishlarni joizga, joiz bo‘lganlarini nojoizga chiqardi. Shunda Alloh taolo eng oxirgi payg‘ambar Muhammad alayhissalomni yuborib u zotga Qur’onni nozil qildi va barchani u zotga iymon keltirishni shart qildi. Yahudiy va nasorolardan ba’zilari iymon keltirishdi, o‘z dinida qolganlari kofir hukmida qolishdi. Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi:  إِنَّ الَّذِينَ آمَنُواْ وَالَّذِينَ هَادُواْ وَالنَّصَارَى وَالصَّابِئِينَ مَنْ آمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ وَعَمِلَ صَالِحاً فَلَهُمْ أَجْرُهُمْ عِندَ رَبِّهِمْ وَلاَ خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلاَ هُمْ يَحْزَنُونَ۝ 62. Albatta, iymon keltirganlar, yahudiy bo‘lganlar, nasorolar va sobiiylardan kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa va solih amal qilsa, ularga Robblari huzurida ajrlar bordir. Ularga xavf yo‘q va ular mahzun ham bo‘lmaslar.
Oyati karimadagi «iymon keltirganlar»dan murod musulmonlardir.
«Yahudiy bo‘lganlar» Banu Isroildir. Yahudiyning ikki toifasi bor: birinchisi – Allohga qaytgan, ikkinchisi – Yahudoning farzandlari.
«Nasorolar» deganda esa Iyso alayhissalomga iymon keltirganlar tushuniladi. Ular u kishiga yordam berganlari uchun «nasoro» («yordam beruvchilar») deb nom olganlar.
«Sobiiylar» deb, Payg‘ambarimiz kelishlaridan oldin arab mushriklaridan bir guruhi o‘z qavmlarining butu sanamlarga sig‘inishlarini yoqtirmay, o‘zlari yangi aqiyda axtarib, oxiri, Ibrohim alayhissalom dinida yuramiz, deb qavmlaridan ajrab chiqqan kishilarga aytiladi. Bu nomni ularga mushriklar bergan bo‘lib, «Otalarining dinidan burilganlar» degan ma’noni anglatadi.
Oyati karima yuqorida zikr qilinganlardan kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirib, yaxshi amallarni qilgan bo‘lsa, o‘sha ajr oladi, oldinda uni xavf-xatar kutmaydi, o‘tgan ishlarga xafa bo‘lmaydi, degan tushunchani bermoqda. Ya’ni ajr olish uchun, qiyomatda xavfda qolmaslik uchun, bo‘lib o‘tgan ishlardan xafa bo‘lmaslik uchun biror irqqa mansublik shart emas. Balki iymonu yaxshi amal bo‘lsa, kifoyadir.
Albatta, bu hukm Muhammad alayhissalom payg‘ambar bo‘lib kelgunlaricha bo‘lgan muddatga taalluqlidir. U zoti bobarakot payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ng hamma u kishiga iymon keltirishi shart. Kim u kishiga iymon keltirmasa, kofir bo‘ladi va azob-uqubatga loyiq ko‘riladi. Ajru savobdan mahrum bo‘ladi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Muhammad alayhissalom:
«Mening nafsim qudrat qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, ushbu ummatdan biror kishi – yahudiymi, nasroniymi, men haqimda eshitsa-yu, menga yuborilgan narsaga iymon keltirmasa, do‘zax ahlidan bo‘ladi», – deganlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:52 | Savol-javoblar | 188 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar