Uydaga har xil sharpa jinlarni xaydash

Assalomu alaykum! Kishi har xil yomon jinlar va sehrlardan qutilish uchun qaysi duolarni qaytarib dam solib turishi kerak yoki biror domlaga dam soldirish kerakmi? O‘zimiz Alxamdulillax 5 maxal ibodatdamiz, nafl ro‘za tutamiz, taxajjud namozlarga turamiz, kun davomida oz bo‘lsada odatiy zikr-salovat va istig‘forlarni aytib xar bir ishimizga “Bismillah”ni aytib qilishga xarakat qilamiz. Lekin bizning uyimizda ham har xil narsalar bo‘lishi mumkin. Har kuni yotishda taxorat olib duolarni o‘qib keyin uxlayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hech qaysi domlani boshqasi uchun o‘qigan duosi har kim o‘z-o‘ziga o‘qiganichalik darajada kuchli ta’sir qilmaydi. Siz quyidagi duolarni doim o‘qib yurishni vazifa qilib oling. عَنْ أَبَانَ بْنِ عُثْمَانَ، عَنْ أَبِيهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «بِسْمِ اللهِ الَّذِي لَا يَضُرُّ مَعَ اسْمِهِ شَيْءٌ فِي الْأَرْضِ وَلَا فِي السَّمَاءِ وَهُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ، ثَلَاثَ مَرَّاتٍ لَمْ تُصِبْهُ فَجْأَةُ بَلَاءٍ حَتَّى يُمْسِيَ». رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ  Abon ibn Usmondan, u otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim «Bismillaahillazii laa yazurru ma’a ismihi shay’un fil arzi va laa fis samaai va huvas-samiy’ul aliym»ni uch marta aytsa, kechqurun bo‘lguncha unga to‘satdan keladigan balo etmaydi», deganlarini eshitdim».
«Sunan» sohiblari rivoyat qilishgan.
Demak, kim ixlos bilan ushbu hadisi sharifda kelgan duoni o‘qib yursa, unda berilgan va’dadan bahramand bo‘lar ekan. Bunga e’tiqod va amal qilishga odatlanmog‘imiz kerak.
Duoning ma’nosi quyidagicha: «Ismi birga bo‘lganda eru osmonda hech narsa zarar qilmaydigan Allohning nomi ila. U Zot o‘ta eshituvchi va o‘ta ko‘ruvchidir». عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُعَلِّمُهُمْ مِنَ الْفَزَعِ كَلِمَاتٍ: أَعُوذُ بِكَلِمَاتِ اللهِ التَّامَّةِ مِنْ غَضَبِهِ وَشَرِّ عِبَادِهِ، وَمِنْ هَمَزَاتِ الشَّيَاطِينِ، وَأَنْ يَحْضُرُونِ. وَكَانَ ابْنُ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ يُعَلِّمُهُنَّ مَنْ عَقَلَ مِنْ بَنِيهِ، وَمَنْ لَمْ يَعْقِلْ كَتَبَهُ فَأَعْلَقَهُ عَلَيْهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالْحَاكِمُ وَأَحْمَدُ  Amr ibn Shu’aybdan, u otasidan, u bobosi roziyallohu anhumdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga qo‘rquvda o‘qiladigan kalimalarni o‘rgatar edilar:
«A’uzu bikalimaatillahit-taammati min g‘azabihi va sharri ibaadihi va min hamazaatish-shayatiyn. Va an yahzuruuni».
Ibn Umar bularni bolalaridan aqli kirganlariga o‘rgatar, aqli kirmaganlariga yozib, ilib qo‘yar edi».
Abu Dovud, Termiziy, Hokim va Ahmad rivoyat qilganlar.
Sharh: Duoning ma’nosi bunday: «Allohning tugal kalimalari ila Uning g‘azabidan, bandalarining yomonligidan va shaytonlarning qalbga soladigan xatarlaridan va ularning menga hozir bo‘lishlaridan panoh so‘rayman». عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُعَوِّذُ الْحَسَنَ وَالْحُسَيْنَ يَقُولُ: أُعِيذُكُمَا بِكَلِمَاتِ اللهِ التَّامَّةِ مِنْ كُلِّ شَيْطَانٍ وَهَامَّةٍ وَمِنْ كُلِّ عَيْنٍ لَامَّةٍ، ثُمَّ يَقُولُ: كَانَ أَبُوكُمْ يُعَوِّذُ بِهِمَا إِسْمَاعِيلَ وَإِسْحاَقَ عَلَيْهِمُ السَّلَامُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ بِسَنَدٍ صَحِيحٍ Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husaynga panoh tilab:
«U’iyzukumaa bikalimaatillahit-taammati min kulli shaytonin va haammatin. Va min kulli aynin laammatin» der va so‘ngra:
«Bobongiz bular ila Ismoil va Ishoq alayhimussalomga panoh tilar edi», der edilar».
Abu Dovud va Termiziy sahih sanad ila rivoyat qilganlar.
Sharh: Duoning ma’nosi bunday: «Ikkingizga Allohning tugal kalimalari ila har bir shaytondan va zararkunandadan hamda gunohkor ko‘zdan panoh tilayman».
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «Bobongiz bular ila Ismoil va Ishoqqa panoh tilar edi», deganlari «Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil va Ishoq alayhimussalomga xuddi mana shu duo ila panoh so‘rar edi», deganlaridir. وَجَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، لُدِغْتُ اللَّيْلَةَ فَلَمْ أَنَمْ حَتَّى أَصْبَحْتُ، قَالَ: مَاذَا؟ قَالَ: عَقْرَبٌ، قَالَ: أَمَا إِنَّكَ لَوْ قُلْتَ حِينَ أَمْسَيْتَ: أَعُوذُ بِكَلِمَاتِ اللهِ التَّامَّاتِ مِنْ شَرِّ مَا خَلَقَ لَمْ تَضُرَّكَ إِنْ شَاءَ اللهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ بِسَنَدٍ حَسَنٍ  «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli, bu kecha bir narsa chaqib olib, tong otguncha uxlay olmadim», dedi. Shunda u zot:
«Nima chaqdi?» dedilar.
«Chayon», dedi.
«Kech kirganda «A’uzu bi kalimatillahit-taammaati min sharri maa xolaq», deganingda edi, inshaalloh, senga zarar qilmas edi», dedilar».
Abu Dovud va Nasaiy hasan sanad ila rivoyat qilganlar.
Sharh: Duoning ma’nosi bunday: «Allohning tugal kalimalari ila U zot xalq qilgan narsalarning yomonligidan panoh tilayman».
Demak, mana shu duoni yod olib, doimo o‘qib yurilsa, yaxshi bo‘ladi. وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُعَلِّمُهُمْ مِنَ الْحُمَّى وَمِنَ الْأَوْجَاعِ كُلِّهَا أَنْ يَقُولَ: بِسْمِ اللهِ الْكَبِيرِ، أَعُوذُ بِاللهِ الْعَظِيمِ مِنْ شَرِّ كُلِّ عِرْقٍ نَعَّارٍ، وَمِنْ شَرِّ حَرِّ النَّارِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ  «Nabiy sollallohu alayhi vasallam isitma va barcha og‘riqlar uchun «Bismillahil kabiri, a’uzu billahil aziymi, min sharri kulli irqin na’arin va min sharri harrin-naari»ni o‘qishni o‘rgatar edilar».
Termiziy rivoyat qilgan. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Sharh: Duoning ma’nosi bunday: «Aziym Allohdan har bir na’ra soluvchi tomirning yomonligidan va olovning issig‘i yomonligidan panoh tilayman». ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 01:35 | Savol-javoblar | 157 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar