Davosiz kasallik

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, yoshligimdan tug‘ma ko‘z kasalligi bilan tug‘ilganman. Bu kasallik "ko‘z nervi atrofiyasi" deyilarkan. Endilikdan qulog‘imga ham shu kasallik paydo bo‘lipti. Shifokorlarning aytishlaricha bir necha yildan keyin butunlay ko‘rmay va eshitmay qolishim mumkin ekan. Allohdan shifo berishini so‘rab qaysi duoni o‘qisam bo‘ladi? Ustozlar, menga nisbatan sizlar Allohga yaqin insonlarsiz. Men haqimdayam namozlaringizga duo qilsangiz. Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hech narsa Allohning iznisiz bo‘lmaydi. Alloh bergan dardlarni dardlaridan zirapcha kirish ham savobsiz qolmaydi. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّ اللهَ تَعَالَى قَالَ: إِذَا ابْتَلَيْتُ عَبْدِي بِحَبِيبَتَيْهِ فَصَبَرَ عَوَّضْتُهُ مِنْهُمَا الْجَنَّةَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ هُنَا وَالتِّرْمِذِيُّ فِي الزُّهْدِ  Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Albatta, Alloh taolo «Qachonki bandamni ikki suyuklisi ila mubtalo qilganimda u sabr qilsa, ikkisining evaziga unga jannatni berurman», deydi», deganlarini eshitdim».
Ikki shayx bu erda, Termiziy esa «Zuhd»da rivoyat qilgan.
Sharh: Bu hadisi sharifdagi «ikki suyuklisi»dan murod insonning ikki ko‘zidir. Albatta, ikki ko‘zdan ajrash yoki umuman, ikki ko‘zi ko‘rmaydigan bo‘lib tug‘ilish har qanday banda uchun og‘ir musibatdir. Shuning uchun ham bu og‘ir musibatga sabr qilgan bandaga ulkan mukofot – jannat va’da qilinmoqda. ("Hadis va Hayot" kitobidan).
Ikki ko‘zdan mahrum bo‘lish inson uchun og‘ir, ammo taqdirga rozi bo‘lib, sabr qilib va savobini umid qilib jannatga ega bo‘lish juda ham arzon savdo bo‘ladi. Siz tuzalish sabablarini ham qiling, shu bilan birga duolarda ham astoydil bo‘ling. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:57 | Savol-javoblar | 172 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar