Ayol kishi tijorat qilsa mumkinmi?

Assalomu alaykum! 1 nafar qizim bor, yolg‘iz onaman, erim yo‘q. Ota-onam nafaqadalar, ota-onam uyida turaman. Savolim shuki tijorat maqsadida chet davlatlariga borib kiyim kechak olib kelib sotsam bo‘ladimi(chetga o‘zim bormoqchimaman aka-uka mahramim yo‘q)? Islomda begona erkakka nazar solmang deyilgan, men chet davlatiga borsam savdolashayotganda boshqa bir shunga o‘xshash hollarda erkaklar bilan savdolashish muloqot qilishga to‘g‘ri keladiku? Lekin payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam savdoni halol kasb deganlar. Ayollari Hadicha onamiz ham savdoni kasb qilganlarku, u paytda begona erkaklar bilan savdoda muloqotga kirishmaganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Avvalo shuni bilish kerakki ayol kishi savdo bilan shug‘ullanishi shariatimizda aslo qaytarilgan emas. Ayol kishi erkak kishidan narsa sotib olishi ham qaytarilmagan. Oisha roziyallohu anho onamiz Barira nomli bir cho‘ri ayolni savdolashib bir kishidan sotib olganlar. Savdo molini sotishi ham mumkin. Nojoiz joyi esa mahramsiz safar qilish va mijozga o‘z eriga ham qilmaydigan darajada muloyim gapirib xushomad darajasida muomala qilishdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayolga uch kecha va kunduzlik masofaga mahramsiz safar qilish halol emas” deganlar. Ayol kishi mahramsiz safarga chiqsa-yu, mahramlari uni qaytarmasdan unga rozi bo‘lib tursalar, barchalari gunohda barobarlar. وعَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قال : سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ :"مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَذَلِكَ أَضْعَفُ الْإِيمَانِ". رواه مسلم  Abu Sa’id Xudriy roziyallohudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlardan birortangiz gunoh ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin agar unga qodir bo‘lmasa, tili bilan o‘zgartirsin, agar bunga ham qodir bo‘lmasa, qalbida unga noroziligini bildirsin va bu iymonning eng zaifligidir» dedilar». 
Muslim rivoyati. 
Alloh taolo “Ahzob” surasida marhamat qiladi:  إِنِ اتَّقَيْتُنَّ فَلَا تَخْضَعْنَ بِالْقَوْلِ فَيَطْمَعَ الَّذِي فِي قَلْبِهِ مَرَضٌ وَقُلْنَ قَوْلًا مَّعْرُوفًا۝ 32...Agar taqvo qilsangiz, mayin so‘z qilmang, yana qalbida kasali bor bo‘lgan tama qilib yurmasin. Va ma’ruf gapni gapiringlar.
Ovozingizni mayin, nazokatli qilib, erkak kishiga ta’sir etadigan holatda gapirmang.
«...yana qalbida kasali bor bo‘lgan tama qilib yurmasin».
Munofiq va iymoni zaiflar sizning mayin ovozingizni eshitib, fisqu fujurni boshlab qolmasinlar.
«Va ma’ruf gapni gapiringlar».
Amri ma’ruf bo‘ladigan, kishilarni taqvoga, yaxshilikka chaqiradigan gaplardan gapiringlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:08 | Savol-javoblar | 162 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar