"Men tomon yursa men u tomon yuguraman" degan oyat bormi?

Assalomu alaykum! Alloh aytadi "Kim men tomon yursa men u tomon yuguraman" yoki "Kim men tomon qadam tashlasa men 10qadam tashlayman" degan oyat bormi? Yoki shunga o‘xshash xadis kelganmi? Javob uchun oldindan katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَقُولُ اللهُ تَعَالَى: أَنَا عِنْدَ ظَنِّ عَبْدِي بِي، وَأَنَا مَعَهُ إِذَا ذَكَرَنِي، فَإِنْ ذَكَرَنِي فِي نَفْسِهِ ذَكَرْتُهُ فِي نَفْسِي، وَإِنْ ذَكَرَنِي فِي مَلَأٍ ذَكَرْتُهُ فِي مَلَأٍ خَيْرٍ مِنْهُمْ، وَإِنْ تَقَرَّبَ إِلَيَّ بِشِبْرٍ تَقَرَّبْتُ إِلَيْهِ ذِرَاعًا، وَإِنْ تَقَرَّبَ إِلَيَّ ذِرَاعًا تَقَرَّبْتُ إِلَيْهِ بَاعًا، وَإِنْ أَتَانِي يَمْشِي أَتَيْتُهُ هَرْوَلَةً  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh taolo aytadi: «Men bandamning Men haqimdagi gumonidaman.* Meni eslasa, u bilan birgaman. Agar u Meni o‘zi eslasa, Men ham uni O‘zim eslayman. Agar u Meni bir jamoa ichida eslasa, Men uni ulardan yaxshiroq jamoa ichida eslayman. Agar u Menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir ziro’ yaqinlashaman. Agar u Menga bir ziro’ yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman. Agar u Menga yurib kelsa, Men unga chopib boraman».

* Shorihlar «gumonidaman» degan so‘zni shunday izohlashgan: «Bandam Men haqimda yaxshi gumonda bo‘lib, mag‘firatimdan umidvor bo‘lsa, kechiraman. Rahmatimdan noumid bo‘lib, gunohga botsa, meni iqob qiladi, deb Men haqimda badgumon bo‘lsa, jazolayman», degan ma’noda tushunish mumkin. Umidvor bo‘lish musulmonga xos, noumid bo‘lish esa kofirga xos amaldir».
Izoh: Ushbu hadisi qudsiy Alloh taoloning bandalarga nisbatan lutfu marhamati va iltifotining namoyishidir. Hadisi sharifdagi yaqinlashish va harakatlanish ma’nolari majoziy bo‘lib, masofani emas, ma’naviy munosabatni, ma’nan yaqin bo‘lishni bildiradi. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 01:12 | Savol-javoblar | 230 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar