Xajdan qaytganda dabdabali yig‘in

Assalomu alaykum! So‘nggi paytlarda xaj amalini bajarib qaytgan xojilarimizni kutib olish uchun yig‘inlar ancha dabdabali tus olmoqda. Videochi, fotoapparatchi, oformleniya, 150-200 kishilik yig‘in, xammaga sovg‘a salom tarqatish va hokazolar. Bu kabi xarakatlar to‘g‘rimi? Aslida xaj amalini qilib qaytgach nimalar qilish kerak? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayh aytadilar: “Hajdan kelgan bir kishining ziyoratiga kirdik. Shunda u xizmatchisiga :“Avvalgi safar olib kelgan zam-zamdan olib chiq” dedi. Aslida avvalgi, keyingi kelgan zam-zamning ta’mida hech qanday farqi bo‘lmaydi. U kishi bu gaplari bilan men ikki marta hajga borganman deb faxrlanmoqchi bo‘ldi. Bechora bunday gaplar bilan amali xabata bo‘lishini bilganida edi” deganlar. Shayx Sa’diy She’roziy rahmatullohi alayh : “Bir kun karvonsaroyda qoldik. Otam bilan men kechasi bilan namoz o‘qib chiqdik. Hamrohlarimiz esa subhigacha uxladilar. Shunda men : “Ularni ham tuni o‘tdi, bizning ham tunimiz o‘tdi. Biz ibodat qildik ular qilmadi” degan edim otam : “Hay bolam-a, ular uxlab rohat olishdi, sen esa uyqudan ham qolding, ibodatning savobidan ham mahrum bo‘lding” dedilar” dedi. Hakim Axtar rahmatullohi alayh : “Ibodat bug‘doy ekiniga o‘xshaydi, uni ekib, yig‘ib, terib olish bir mashaqqat bo‘lsa sichqon-kalamushga edirmay saqlab olish ham bir mashaqqat. Ya’ni inson bir ibodatni qilish uchun vaqt sarflaydi, harajat qiladi, mehnat qiladi, uni ado qilgach savobini saqlab qolish ham bir mashaqqatdir. Riyo, xo‘ja ko‘rsin, xo‘ja eshitsin, minnat qilish, u ibodatni qilolmaganlarni haqir sanash va hokazolar ibodatning savobini habata qilib yuboradi” deganlar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 02:10 | Savol-javoblar | 154 | Haj va umra
|
Boshqa savol-javoblar