Mayyitni zamzam suvida yuvish

Assalomu alaykum! Aytishlaricha mayyitni zamzam suv bilan yuvilsa do‘zaxga tushmaydi, chunki zamzam suv jannat suvi, jannatdan chiqqan narsa hech qachon do‘zaxda yonmaydi deyishadi. Bu fikr(aqida) to‘g‘risida biron bir hadis bormi? Javobingiz uchun oldidan katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Munofiqlarning kattasi Abdulloh ibn Ubay vafot topganida o‘g‘li Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, “Vahiy nozil bo‘lgan, bir necha bor tahajjud va nafllarga guvoh bo‘lgan ustki kiyimingizni bersangiz. Otamni shunga kafanlab dafn qilsak” deydi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ko‘ngliga qarab bir choponlarini beradilar. O‘zlari janoza o‘qiydilar, qabrning ustida turib istig‘for aytadilar. Shunday bo‘lsa ham amali nopok bo‘lgani uchun Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi.  وَلاَ تُصَلِّ عَلَى أَحَدٍ مِّنْهُم مَّاتَ أَبَدًا وَلاَ تَقُمْ عَلَىَ قَبْرِهِ إِنَّهُمْ كَفَرُواْ بِاللّهِ وَرَسُولِهِ وَمَاتُواْ وَهُمْ فَاسِقُونَ۝ 84. Va hech qachon ulardan o‘lgan birortasiga ham (janoza) namoz o‘qima, qabri ustida turma. Chunki ular Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiq hollarida o‘ldilar.
Tavba qilmasdan, fosiq – dindan chiqqan holida, munofiqlik holida, ya’ni Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirgan holatda o‘lganlarga nisbatan ana shunday munosabatda bo‘lish kerak. Chunki janoza namozini o‘qish, qabri ustida turish o‘lgan uchun katta hurmat va e’zozdir. Bu ulkan hurmat va e’zozni haqdor kishilarga qilish kerak. Munofiq va fosiqlar bunga loyiq emas. (“Tavba” surasi "Tafsiri Hilol" kitobidan).
Zam-zam suvi barakotliligida shak-shubha yo‘q. Ammo “kimni bo‘lsa ham u bilan cho‘miltirib qo‘ysa do‘zaxda yonmaydi” deb e’tiqod qilish mutlaqo xato. Zam-zam suvida mayyitni yuvgandan ko‘ra tiriklar uni ichib mayyit haqqiga duo qilganlari mayyitga foydaliroq bo‘ladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 03:27 | Savol-javoblar | 143 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar