Silash haqida

Assalomu alaykum! Qo‘rqqanda qulog‘ini tortib qo‘yadiganla, ko‘z tekkanda bazilar bazi odamlarga borib silab qo‘yishlarini aytishadi. Bu shirkmi? Ya’ni undan shifo kutadi, holbuki shifoni Alloh beradi. Javob uchun rahmat rahmat oldindan.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Muhtaram savol beruvchi, shirk o‘ta og‘ir gunoh. Har bir ishni shirkka chiqarib yuboraverish, unga amal qilganni kofirga chiqarish o‘ta og‘ir mas’uliyat. Siz aytgan narsa shar’iy ruqyaga noto‘g‘ri ishni qo‘shib qo‘yish bo‘ladi. Hech kim doktorga borib davolanishni shirk demaydiku. Doktor oldiga borganlarga ham shifoni Alloh beradi. Alloh taolo “Isro” surasida marhamat qiladi:   وَلاَ تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْؤُولاً  36. O‘zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko‘z va dil – ana o‘shalarning barchasi so‘ralajak narsalardir.
Islom har bir narsani ilmiy asosda olib borishga da’vat qiladi. Bilmagan narsadan chetda bo‘lishga chaqiradi.
«O‘zing bilmagan narsaga ergashma!»
Har bir narsani ochiq-oydin va aniq bilib olgachgina unga ishonish va u haqida hukm chiqarish kerak. Gumon bilan, birovning gapiga ishonib, turli noaniq ishoralarga suyanib hukm chiqarish musulmonlarga xos emas. Bilgan narsasini boricha etkazish ham omonatdir. Quloq nima gapni eshitsa, xiyonat qilmay, o‘sha gapni aniq etkazishi kerak. Ko‘z bir narsani ko‘rsa, o‘sha o‘zi ko‘rib-bilgan narsaga xiyonat qilmay, u haqda ochiq-oydin ma’lumot berishi kerak. Shuningdek, dil nimani idrok etsa, o‘sha narsani aniqlik bilan etkazmog‘i zarur. Bu a’zolarning bilgan, idrok etgan har bir narsasi ilmiy omonat sanaladi. Omonatga xiyonat qilmaslik katta mas’uliyat hisoblanadi. Ko‘z ham, quloq ham, dil ham har bir narsadan mas’uldir. Bu dunyoda bo‘lmasa, u dunyoda albatta mas’uldir. Ayniqsa, oxiratdagi ana o‘sha mas’uliyat musulmonlarni ilmiy omonatga hech xiyonat qilmaslikka undagan. Ular doimo bilganlari haqida to‘g‘ri ma’lumotlar berganlar. Ushbu oyati karimaga o‘xshash oyatlar, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari ularni doimo ilmiy omonatga xiyonat qilmay, to‘g‘ri ma’lumotlar berishga chorlab kelgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadislarida: «Gumondan ehtiyot bo‘linglar, chunki gumon eng yolg‘on so‘zdir», – deganlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:02 | Savol-javoblar | 201 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar