O‘lgandan so‘ng qarz

Assalomu alaykum! Agar bir insonning katta qarzi bo‘la turib, u vafot etsa va bir kimsa u qarzni to‘lashga rozi bo‘lsa, lekin 1-2 yil davomida to‘lay olmayotgan bo‘lsa, o‘lgan insonning holi qanday bo‘ladi? "Uning ruxi notinch bo‘ladi" degan gaplar durustmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Ko‘pchilik insonlar qarzdorni holini o‘ylashadi, lekin qoldirgan uylarini sotib qarzini ado qilishni xayoliga ham keltirishmaydi. Qoldirgan uy ham uning merosi hisoblanadi. Avvalo uyni sotib bo‘lsa ham qarzni ado qilish shart. Aks holda merosxo‘rlar birovlarning haqqidan foydalanayotgan bo‘lishadi. QARZINI UZMAY VAFOT ETGAN ODAM  Har bir qarzdor tezroq qarzini uzish payida bo‘lishi kerak. Qarzni uzmay turib vafot etib qolish juda ham og‘ir vaziyatni yuzaga keltiradi. O‘lgan bandadan Alloh taolo O‘z haqini kechib yuborishi mumkin, ammo qarz bandaning haqidir. Bu haqni qarz egasining o‘zi kechmaguncha, Alloh taolo kechmaydi.
Shuning uchun ham qay bir musulmon vafot etsa, avvalo uning qarzi surishtiriladi va o‘sha qarzni uzish choralari ko‘riladi.
Vafot etgan kishidan qolgan tarikaga, ya’ni «tark qilingan narsa»ga  bir necha haqlar bog‘liq bo‘ladi va ular quyidagi tartib ila ado etiladi:
1. Bir musulmon odam vafot etganidan so‘ng uning tarika(qoldirgan mol-mulki, yashagan uylari ham)si hisob qilinib, birinchi galda uni kafanlab, ko‘mish uchun ketadigan xarajatlar ajratiladi.
Bunda uni kafanlashga, yuvishga, go‘rini qazishga, olib borib, ko‘mishga ketadigan xarajatlar o‘rtacha hisob bilan chiqariladi. Bu xarajatlar uchun ketadigan molda merosxo‘rlarning haqqi bo‘lmaydi.
2. Undan keyin odamlardan qarzi bo‘lsa, o‘sha qarz uchun beriladigan mablag‘ ajratiladi.
Bu haq ham merosxo‘rlarning haqqidan ustun haq hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda:
«Mo‘minning ruhi to ado etilmaguncha, qarziga bog‘liq bo‘lib turadi», deganlar.
Boshqa hadislarda aytilishicha, mayyit hatto shahid bo‘lsa ham, qarzi tufayli o‘z darajasiga erisha olmay turadi. Faqat yaqinlari uning qarzini ado etganlaridan keyingina shahidlarga va’da qilingan martabalarga erishadi. Shuning uchun ham qarz merosxo‘rlar haqqidan ustun qo‘yiladi.
Faraz qilaylik, qarzi bor, ammo uni uzishga ortida biror narsasi yo‘q odamning holi nima bo‘ladi? Bunday holda vafot etgan odam Alloh taoloning huzuridagi eng katta gunoh bo‘lmish shirkdan keyingi o‘rinda turadigan gunohni qilib o‘lgan bo‘ladi. عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:  إِنَّ أَعْظَمَ الذُّنُوبِ عِنْدَ اللهِ أَنْ يَلْقَاهُ بِهَا عَبْدٌ بَعْدَ الْكَبَائِرِ الَّتِي نَهَى اللهُ عَنْهَا أَنْ يَمُوتَ رَجُلٌ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ لَا يَدَعُ لَهُ قَضَاءً . رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ  Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Allohning nazdida Alloh nahyi qilgan kabira gunohlardan keyingi eng og‘ir gunoh bir kishining zimmasidagi qarzini uzishga narsa qoldirmay o‘lib, u Zotga ro‘baro‘ bo‘lishidir», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Birovdan olgan qarzini uzmasdan yoki uni uzishga imkon qoldirmasdan o‘lib ketishdan og‘ir narsa yo‘qligini bayon qilish uchun bu so‘zlardan ortiq ifoda topilmasa kerak. عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يُصَلِّي عَلَى رَجُلٍ مَاتَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ، فَأُتِيَ بِمَيِّتٍ، فَقَالَ: «أَعَلَيْهِ دَيْنٌ؟» قَالُوا: نَعَمْ دِينَارَانِ، قَالَ: «صَلُّوا عَلَى صَاحِبِكُمْ»، قَالَ أَبُو قَتَادَةَ: هُمَا عَلَيَّ يَا رَسُولَ اللهِ، فَصَلَّى عَلَيْهِ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَلَمَّا فَتَحَ اللهُ عَلَى رَسُولِهِ قَالَ: «أَنَا أَوْلَى بِكُلِّ مُؤْمِنٍ مِنْ نَفْسِهِ، فَمَنْ تَرَكَ دَيْنًا فَعَلَيَّ قَضَاؤُهُ، وَمَنْ تَرَكَ مَالًا فَلِوَرَثَتِهِ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo‘la turib o‘lgan odamga janoza namozi o‘qimas edilar. Bir mayyit olib kelindi. Bas, u zot:
«Uning zimmasida qarz bormi?» dedilar.
«Ha, ikki dinor», deyishdi.
«Sohibingizga o‘zingiz janoza o‘qing», dedilar.
«O‘sha ikki dinor mening zimmamga, ey Allohning Rasuli», dedi Abu Qatoda. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o‘qidilar. Alloh O‘z Rasuliga fath ato qilganidan keyin:
«Men har bir mo‘min uchun uning o‘zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda. Kim mol tark qilsa, merosxo‘rlariga», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharif zimmasida qarzi bo‘laturib o‘lish o‘ziga yarasha muomala talab qilishini ko‘rsatadi.
Ushbu hadisga amal qilgan holda, hozirda ham har bir mayyitga janoza namozi o‘qishdan oldin uning qarzi bor-yo‘qligi so‘raladi. Uning qarzlarini yaqin kishilardan biri o‘z zimmasiga olganidan keyingina janoza namozi o‘qiladi. Shariat hukmi bo‘yicha biror mayyitning qarzini o‘z zimmasiga oladigan kishi topilmasa, uning qarzi xazinadan uziladi. Xazina bo‘lmagan joylarda mazkur qarz shu erlik musulmonlarning zakotidan ado etilishi mumkin.
Ammo bugungi kunimizda bu shar’iy hukmni ham o‘z foydasiga o‘zicha talqin qiladiganlar topildi. Ba’zi odamlar oqibatini o‘ylamay, katta miqdorda qarz olishni o‘zlariga ep ko‘rmoqdalar. Biladigan kishilar ularga qarzni uzishni ham o‘ylash kerakligini eslatsalar, «Janozamizda qarzimizni birorta odam o‘z zimmasiga olsa, qutulib ketamiz», degan gapni aytmoqdalar. Lekin asl haqiqat ularning xom xayollaridagi kabi emas. Mayyitning qarzini birov zimmasiga olsa, janoza o‘qiladi. Ammo bu o‘sha mayyit qarzdan tamoman qutuldi, degani emas. Keling, ushbu ma’noni hadisi shariflar orqali o‘rganaylik. وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ ثُمَّ أُحْيِيَ، ثُمَّ قُتِلَ ثُمَّ أُحْيِيَ، ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ  Nasoiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ishning qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom! Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi nihoyatda og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz, qayta-qayta ta’kidlanganidek, bandaning haqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim. عَنْ سَمُرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صَلَّى الْفَجْرَ فَقَالَ:  هَاهُنَا مِنْ بَنِي فُلَانٍ أَحَدٌ؟» ثَلَاثًا، فَقَالَ رَجُلٌ: أَنَا، قَالَ: فَقَالَ: «إِنَّ صَاحِبَكُمْ مَحْبُوسٌ عَنِ الْجَنَّةِ بِدَيْنِهِ . رَوَاهُ أَحْمَدُ  Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdodni o‘qib bo‘lib, uch marta: «Bu erda Banu Fulondan kim bor?» dedilar. Bir kishi: «Men», dedi. Sohibingiz qarzi tufayli jannatdan to‘silib turibdi», dedilar».
Ahmad rivoyat qilgan.
Bomdod namozidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozxon qavmga qarab ushbu hadisi sharifdagi murojaatni qilganlar. Nomi aytilgan urug‘ning vafot etgan kishisi jannatga kira olmay turgani u zot alayhissalomga Alloh taolo tomonidan bildirilgan. Tasavvur qiling-a, bir odam vafot etib, so‘roq-savoli bitsa-yu, faqat birgina narsa sababidan jannatga kira olmay tursa! Bu odamning hamma ishi yaxshi ekan: iymon-e’tiqodi joyida, taqvo-ibodati joyida, odamlar bilan muomalasi joyida. Jannatga kirishga haqli. Ammo bechora banda jannatga kira olmay turibdi. Chunki bir odamdan qarzi bor ekan, o‘shani uzmay turib vafot etib qolibdi. Qarindoshlari ham beparvo qolibdi. Endi esa Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘lgan odamning qarindoshlarini unga yordam berishga chaqirmoqdalar. Merosxo‘rlar, qarindoshlar o‘lganning qarzini uzmagunlaricha, u banda oxirat diyorida xijolat chekib turar ekan.
Ushbu hadisi sharif va undagi ma’no hammamizni bu masalada juda ham ehtiyotkor va ahamiyatli bo‘lishga chorlaydi. O‘zimiz va qarindoshlarimizda o‘zganing biror chaqa haqi qolmasligi uchun alohida e’tibor bilan harakat qilishimiz zarurligini ko‘rsatadi.  عَنْ سَعْدِ بْنِ الْأَطْوَلِ: أَنَّ أَخَاهُ مَاتَ وَتَرْكَ ثَلَاثَ مِائَةِ دِرْهَمٍ، وَتَرَكَ عِيَالًا، فَأَرَدْتُ أَنْ أُنْفِقَهَا عَلَى عِيَالِهِ، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ أَخَاكَ مَحْبُوسٌ بِدَيْنِهِ، فَاقْضِ عَنْهُ، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، فَقَدْ أَدَّيْتُ عَنْهُ إِلَّا دِينَارَيْنِ ادَّعَتْهُمَا امْرَأَةٌ وَلَيْسَ لَهَا بَيِّنَةٌ، قَالَ: فَأَعْطِهَا، فَإِنَّهَا مُحِقَّةٌ. رَوَاهُ أَحْمَدُ  Sa’d ibn Atvaldan rivoyat qilinadi:
«Akam o‘lib, ortidan uch yuz dirham pul va ahli ayoli qoldi. Men pullarni ahli ayoliga sarflamoqchi bo‘ldim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Akang qarzi tufayli to‘silib turibdi. Uning qarzini uz», dedilar. Men: «Ey Allohning Rasuli! Uning qarzlarini ado qildim. Faqatgina bir ayol hujjatsiz da’vo qilgan ikki dinor qoldi», dedim. «O‘shanga ber, u haqlidir», dedilar».
Ahmad rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda avvalgi hadisdagi mavzu yana ham nozikroq tarzda davom etmoqda. Vafot etgan odamning ukasi akasining qoldirgan pulidan qarzlarini uzib bo‘lib, qolganini uning ahli ayoliga sarflamoqchi bo‘lib turganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga hali o‘lgandan qolgan mablag‘ni uning ahli ayoliga sarflash vaqti kelmagani, o‘lgan shaxs qarzi tufayli jannatdan to‘silib turgani haqida xabar bermoqdalar.
Uka akasining qarzlarini uzib bo‘lgan ekan. Faqtgina hujjat va dalili, guvohi yo‘q bir ayol da’vo qilgan ikki dinorgina qolgan ekan. Ana o‘sha ikki dinor sababidan uning akasi jannatga kirolmay turgan ekan. Qarang-a, bandaning haqi qanday ham nozik va ahamiyatli! Bir banda o‘zidagi Alloh taoloning haqini va bandalarning haqini to‘laligicha ado etibdi. Faqatgina bir ayolning ikki dinor haqi qolibdi. Shuning uchun u odam oxiratda jannatga kirolmay turibdi.
Bas, shunday ekan, u hodda «O‘lsam, janozamda birov «Qarzini men to‘layman», desa, qutulib ketaman», deya bo‘lgan-bo‘lmaganga odamlardan qarz olib yurganlarning holi nima kechadi? Albatta, ularning holi o‘ta ayanchli bo‘ladi. Shuning uchun bilib-bilmay, shariat ko‘rsatmalari bo‘yicha o‘zicha qaror chiqarish o‘ta dahshatli ishdir. Bu borada to‘liq va to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lmay turib mahmadonalik qilmaslik kerak. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:12 | Savol-javoblar | 173 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar