Dunyoviy ilm olish

Assalomu alaykum! Dunyoviy ilm olish xususida shariat qanday qaraydi? Iltimos batafsilroq javob bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ilm ikki qismga bo‘linadi. Farzi a’yn va farzi kifoya. Farzi a’yn bo‘lgan ilm har bir insonni o‘z zimmasiga farz qilingan ilmdir. Uni ilmi hol ham deyiladi. Ya’ni kim qaysi holatda bo‘lsin o‘sha holatining ilmini o‘rganishi farzdir. Masalan balog‘at yoshiga yaqinlashgan o‘g‘il va qizlarga, balog‘atga etganlaridan so‘ng zimmalariga farz bo‘ladigan amallarni zimmasidan soqit bo‘ladigan darajada ilmini o‘rganish farzi a’yndir. Bularning avvalgi safida iymon keltirish farz bo‘lgan narsalarni bilishi turadi. So‘ng qaysi holatlarda iymondan chiqib qolish mumkin bo‘lgan so‘z va amallarni bilish turadi. Shuningdek har bir kasb egasiga o‘sha kasbini halol va haromini o‘rganish ham farzi a’yn bo‘ladi. Qur’on va hadisda kelgan ilmdan murod shar’iy ilmlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, dunyoviy ilmlar holatdan kelib chiqib farzi kifoya darajasiga ko‘tariladi. Ya’ni insonlar dunyoviy tomondan qaysi sohalarga ehtiyojligi bo‘lsa, o‘sha ilmlarni o‘rganish farzi kifoya darajasida bo‘ladi. Diniy ilmlar ham dunyoviy ilmlar ham farzi kifoya maqomida bo‘ladi, lekin diniy ilmlarning farzi kifoyaligi “Hasanun lia’ynihi” ya’ni bu ilm o‘zi go‘zal bo‘lganligi tufaylidir. Dunyoviy ilmlarning farzi kifoyaligi esa, “Hasanun lig‘oyrihi” ya’ni u ilmdagi go‘zallik odamlarning unga bo‘lgan ehtiyoji tufayli paydo bo‘lgan. Muhtojlik sezilmasdan avval unda go‘zallik yo‘q edi. Vaqtlar kelib odamlarning unga ehtiyoji qolmaganda yana o‘z holiga qaytadi. Bu haqida batafsil "Hadis va Hayot"ning 3-juzidan olishingiz mumkin. Unda quyidagi mavzulardan ma’lumotlar bor: Ilm kitobi. Ilm va ulamolar fazli haqida. Ilmni etkazish vojibligi va uni tarqatishning fazli haqida. Ilmni saqlash uchun yozib borish haqida. Ilm odoblari haqida. Ilm Alloh taolo roziligi uchungina bo‘lishi. Xotima. Ilmning asari abadiy qolajak. Ilm kitobiga ilova. «Madrasaga qatnaydigan xalq». Kitoblar va kutubxonalar. Kimyo ilmi. Fizika. Falakiyot. Ilmi hisob (matematika). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:12 | Savol-javoblar | 171 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar