Iso Masih xudomi?

Assalomu alaykum! Iso Masih haqida ko‘proq ma’lumot bersangizlar. U nasroniylik dinini xudosimi? U ham payg‘ambarmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! U zot payg‘ambardir. Payg‘ambarlarni ham ichida martabalari ulug‘ “ulul a’zm” degan payg‘ambarlar bo‘lib, ular oltitadir. Nuh alayhissalom, Ibrohim alayhissalom, Muso alayhissalom, Iyso alayhissalom va Muhammad alayhissalomlardir. Iyso alayHissalom Qur’oni Karimda Iyso alayhissalomning muborak ismlari yigirma to‘rt marta zikr qilingan. U zot haqlarida «Baqara», «Oli Imron», «Niso», «Moida», «An’om», «Maryam», «Ahzob», «Shuro», «Zuxruf», «Hadid» va «Sof» suralarida oyatlar kelgan.U zotning ismlari Iyso, laqablari Masiyh, kunyalari ibn Maryamdir.Iyso alayhissalomning nasablari haqida nasorolar turli ixtiloflar qilganlar. U zotning nasablari haqida ikkita Injilda ikki xil ma’lumot bor.Luqo injilida Iyso alayhissalomni Yasu’ ibn Yusuf an-Najjor ibn Holi ibn Loviy ibn Malkiy deb Yahuzo ibn Ya’qub ibn Ishoq deyilgan.Mutto injilida esa Yasu’ ibn Yusuf an-Najjor ibn Ya’qub ibn Maton ibn al-Yaozir deb Yahuzo ibn Ya’qub ibn Ishoq deyilgan.Agar bu ikki nasabni solishtiradigan bo‘lsak, oradagi ixtilofdan hayron qolmay, iloj yo‘q.Biri «Yusuf an-Najjor ibn Holiy», deydi.Ikkinchisi «Yusuf an-Najjor ibn Ya’qub», deydi.Bu ixtilof silsilaning keyingi halqalarida ham davom etaveradi.O‘ylab ko‘raylik, Injil ilohiy kitob bo‘lsa, nima uchun uning nasabini har xil zikr qilyapti? Zikr qilganda ham, xilma-xil zikr qilyapti. Bunga aql bovar qilmaydi. Bu erda faqat bir narsa – Luqo, Mutto va boshqa ismli kishilarning o‘zlari Allohning nomidan kitob yozgan va ixtilof qilgan bo‘lishlari mumkin, xolos. Maryam Binti imron haqida Iyso alayhissalom haqidagi har bir so‘z Mar­yam binti Imronsiz o‘tmaydi. Maryam Iyso alay­hissalomning onalaridir. Shuning uchun avval Qur’oni Karim orqali u zot bilan tanishib olmog‘imiz lozim bo‘ladi.«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va u Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» («Tahrim» surasi, 12-oyat).Maryam binti Imron Alloh taologa sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali o‘sha pok jasadga o‘z ruhidan «Puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan. U kishi Allohning so‘zlariga va kitoblariga iymon keltirganlar hamda itoatkor qavmlardan bo‘lganlar.U kishining otalari katta obro‘ egasi va Bani Isroilning ulug‘ ulamolaridan biri edi. U farzandsiz ham edi. Shuning uchun xotinlari «Farzand tug‘sam, Baytul Maqdis xizmatiga beraman», deb nazr qilib qo‘ygan edi.«Men Allohning bandasiman» Ammo Alloh taolo har narsaga qodir. U xohlagan ish bo‘ladi. Beshikdagi go‘dak – Iyso alay­hissalom tilga kirdilar.«U dedi: «Albatta, men Allohning bandasiman. U Zot menga kitob berdi va meni Nabiy qildi. Meni qaerda bo‘lsam ham, muborak qildi. Modomiki, hayot ekanman, namoz va zakotni tavsiya qildi. Va volidamga mehribon (qildi) va jabrchi, badbaxt qilmadi. Menga tug‘ilgan kunimda ham, o‘ladigan kunimda ham va qayta tiriladigan kunimda ham salom bordir» («Maryam» surasi, 30-33-oyatlar).Beshikda yotgan Iyso alayhissalomning tillaridan yosh bolaning emas, ulul azm payg‘ambarning so‘zlari yangradi. Bu ilohiy haqiqatlar hozirgacha yanglish bo‘lib kelayotgan e’tiqod, tasavvur va tushunchalarni to‘g‘rilaydi. Iyso alayhissalomning ta’limoti, u zot haqlaridagi botil g‘oyalarni muolaja qiladi.U zotning gaplariga e’tibor beraylik:«Albatta, men Allohning bandasiman».«Ha, ta’kidlab aytaman, men Allohning bandasiman. Alloh emasman. Uning sherigi ham emasman. Uchlikning biri ham emasman. Allohning o‘g‘li ham emasman. Men Allohning bandasiman, insonman».«U Zot menga kitob berdi...»«Alloh menga ilohiy kitob – Injilni berdi. Injilni men berganim yo‘q».«...va meni Nabiy qildi».«Alloh taolo meni O‘ziga Payg‘ambar qildi. Bilib qo‘yinglar, men Allohning Payg‘ambariman. Men Alloh emasman».«Meni qaerda bo‘lsam ham, muborak qildi».«Men qaerga borsam, Alloh o‘sha erni xayr-barakotli, bandalarga saodat keltiradigan makon qilib qo‘ydi. Mening oyog‘im etgan joylardagi barakotlarni o‘zim hosil qilmayman. Bu yakka va yagona, sheriksiz Allohning qudratidir».«Modomiki hayot ekanman, namoz va zakotni tavsiya qildi».«Bu ham mening Allohning bandasi ekanligimdan dalolat. Chunki hayoti davomida namoz o‘qib, zakot berish bandaning vazifasidir».«Meni onamga mehribon qildi...»«Maryam – mening onam. Xudo emas. Men insonman, meni inson tuqqan. Inson bolasi onasiga mehribon bo‘lganidek, men ham onamga mehribonman. Alloh meni:«...jabrchi, badbaxt qilmadi».«Onamga mehribon bo‘lganimdek, boshqa insonlarga ham shafqatliman, hech kimga jabr-sitam etkazmayman».«Menga tug‘ilgan kunimda ham...»Bashar kabi tug‘ilgan zot hech qachon Xudo bo‘la olmaydi. U Xudo bo‘lishi mumkin emas.«...o‘ladigan kunimda ham...»Demak, Iyso o‘ladi. Bu sifati ham u zotning Xudo bo‘lishi mumkin emasligini tasdiqlaydi. O‘lish bandaga xos hodisa bo‘lib, Xudoga xos emas.«...va qayta tiriladigan kunimda ham...»Qayta tirilish ham bandaga xos.«...salom bordir», dedi.Ya’ni «Menga har uch holatimda – tug‘ilgan, o‘lgan va qayta tirilgan kunimda salomatlik, omonlik va xotirjamlik bordir».Diqqat qiladigan bo‘lsak, Allohning bandasi va Payg‘ambari bo‘lmish Iyso alayhissalomning bu sifatlari u zotdan oldin kelgan Yahyo alay­hissalomdagi sifatlarning aynan o‘zi. Bu ham Iyso alayhissalomning Xudo emas, Xudoning Payg‘ambari ekanliklarini yana bir bor tasdiqlaydi. Ibn Maryam to‘g‘risidagi haq so‘z Oyat davomida Alloh taolo bashariyatning teng yarmini dovdiratib turgan g‘oyat chigal masalaga yakun yasaydi va Iyso alayhissalomning kim ekanliklarini qat’iy qilib anglatadi.«Mana shu shubha qilishayotgan Iyso ibn Maryam to‘g‘risidagi haq so‘zdir» («Maryam» surasi, 34-oyat).Bundan o‘zga haq so‘z bo‘lishi mumkin emas.Boshqalar u zot haqlarida faqat shubhali va noraso so‘zlar aytadilar, xolos. Ba’zilar uni «xudo» dedilar, ba’zilar onalari Maryamni zinokorlikda aybladilar. Bu quruq va asossiz so‘zlarga emas, Allohning haq kalomiga ishonish kerak.«Bola tutmoq Allohga hech to‘g‘ri kelmas. U Zot pokdir. Bir ishni hukm qilsa, unga «Bo‘l!» deydi, xolos, bas, u bo‘ladir» («Maryam» surasi, 35-oyat).Bolali bo‘lish va uni o‘stirib, voyaga etkazish bandaga xos ish. Chunki bandaning umri qisqa, o‘zidan keyin nomu nasab qoldirishi uchun bolaga muhtoj bo‘ladi. Alloh esa bunga muhtoj emas. U doimo va abadiy boqiydir.Shuningdek, bola bandalarga zaif bo‘lganliklari uchun kerak. Ular dunyoviy ishlarida bolalarning yordamiga muhtojdirlar. Alloh taolo hech qanday yordamchiga muhtoj emas.«U Zot pokdir».U hech narsaga hojatmand emas. U hamma narsaga qodir. Xohlagan ishini xohlagan vaqtida bajaradi.«Bir ishni istasa, unga «Bo‘l!» deydi, xolos, bas, u bo‘ladir».Boshqa bir bajaruvchi, yordamchi, o‘rinbosar yoxud muovinning Unga keragi yo‘q.Iysoning payg‘ambarligi Iyso alayhissalom shu tarzda o‘sib, ul­g‘aydilar. O‘ttiz yoshga etganlarida Alloh taolo u zot payg‘ambar qilib yubordi. Iyso alayhissalomning payg‘ambar etib yuborilishlari va o‘shanda u zotning qavmiga aytgan gaplari haqida bir qancha oyati karimalar kelgan. Shulardan ba’zilarini o‘rganamiz:«Ularning izlaridan Iyso ibn Maryamni o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi qilib yubordik. Unga Injilni ichida hidoyat va nur bo‘lgan, o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi hamda taqvodorlar uchun hidoyat va mav’iza qilib berdik» («Moida» surasi, 46-oyat).Alloh taolo «Iyso ibn Maryamni yahudiylarning payg‘ambarlari izidan payg‘ambar qilib yubordik», deydi. Iyso alayhissalom o‘zlaridan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi bo‘lib kelganlar. Alloh taolo u zotga Injil kitobini bergan.«ichida hidoyat va nur bo‘lgan».Injilda ham kishilarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi hidoyat va ularning ikki dunyodagi saodat yo‘llarini yorituvchi nur bor.«o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi».Ya’ni Injil Tavrot shariatiga ba’zi o‘zgarishlar kiritgan, xolos. Shu bilan birga:«taqvodorlar uchun hidoyat va mav’iza».Ha, ilohiy kitoblardagi hidoyatdan manfaat topish uchun taqvoli bo‘lish kerak. Bu kitoblardagi hidoyat va nurning foydasi taqvosi borlarga tegadi. Taqvodan xoli, g‘aflat bosgan qalblarga esa bu nur va hidoyat kirib bormaydi. Alloh tushirgan kitobda hidoyat mavjudligi aniq, nur mavjudligi aniq, endi ana shu hidoyat va nurdan manafaat topish uchun hassos qalb kerak.«men sizga Hikmatni keltirdim» «Zuxruf» surasidagi oyatlardan ham Iyso alayhissalomning yangi payg‘ambar bo‘lib borgan chog‘larida qavmlariga aytgan gaplaridan namuna kelgan:«Iyso ochiq-oydin hujjat mo‘’jizalar bilan kelgan chog‘ida dedi: «Batahqiq, sizga hikmat bilan va siz ixtilof qilayotgan ba’zi narsalarni bayon qilish uchun keldim. Bas, Allohga taqvo va menga itoat qilinglar. Albatta, Alloh mening ham Robbim, sizning ham Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qiling. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir» (63-64-oyatlar).Iyso alayhissalom qavmlariga Allohning vahdoniyatiga va o‘zlarining haq Payg‘ambar ekanliklariga dalolat qiluvchi oyatlar, mo‘’jizalar bilan keldilar. U zot qavmlariga o‘sha payt:«Batahqiq, sizga hikmat bilan... keldim» dedilar. Hikmat ulug‘ ne’matdir. Hikmat Payg‘ambarlikdir. Yana Iyso alayhissalom qavmlariga:«...siz ixtilof qilayotgan ba’zi narsalarni bayon qilish uchun keldim», dedilar. Chunki qavm Muso alayhissalomning shariatlari haqida ko‘pdan-ko‘p ixtilofga tushgan, har xil mazhab va firqalarga bo‘linib ketgan edi. Iyso alayhissalom ularga ana shu ixtiloflar haqidagi hukmni bayon qilib berdilar. Va:«Bas, Allohga taqvo va menga itoat qilinglar», dedilar. «Allohga taqvo qilmaslik, Payg‘ambarga itoat etmaslik oqibatida mazkur ixtiloflar kelib chiqqan edi. Bas, endi u ixtiloflarni yig‘ishtirib, Allohga taqvo qiling va menga itoat eting, ana shunda ish yaxshi bo‘ladi».«Albatta, Alloh mening ham Robbim, sizning ham Robbingizdir».Demak, Iyso alayhissalom qavmlariga «Alloh mening Robbim», deganlar. «U mening otam», degan emaslar. Demak, Alloh taolo boshqa bandalarga Robb bo‘lgani kabi, Iyso alayhissalomga ham Robb­dir.«Bas, Unga ibodat qiling».Demak, Iyso alayhissalom «Menga ibodat eting», degan emaslar, balki «Allohga ibodat qiling», deganlar. Kimki boshqa gap aytsa, yolg‘on aytibdi. U zotning o‘zlari ham:«Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir», dedilar.Ya’ni «Allohga ibodat qilish to‘g‘ri yo‘ldir», dedilar. Lekin qavmlari bu ko‘rsatmaga amal qilmadilar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:28 | Savol-javoblar | 260 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar