Moshina urib ketgan g‘oz

Assalomu alaykum! Ustozlar, sizlardan Alloh rozi bo‘lsin. Meni g‘ozimni moshina bosib, qorni yorilib qon chiqdi. U halol bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Go‘shti hlol bo‘lishi uchun ikki narsa shartdir. Biri so‘yayotganida Alloh taoloning ismini zikr qilish, ikkinchisi tig‘li narsa bilan so‘yilgan bo‘lishi. Alloh taolo “An’om” surasida marhamat qiladi : وَلاَ تَأْكُلُواْ مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ وَإِنَّ الشَّيَاطِينَ لَيُوحُونَ إِلَى أَوْلِيَآئِهِمْ لِيُجَادِلُوكُمْ وَإِنْ أَطَعْتُمُوهُمْ إِنَّكُمْ لَمُشْرِكُونَ۝ 121. Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar. Shubhasiz, u fisqdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar. Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida «Agar musulmon kishi hayvonni so‘yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, so‘ygan go‘shti halol», deganlar. Ammo bilib turib, qasddan zikr qilmasa, unday go‘sht harom bo‘ladi. «Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar». Shuningdek, avval o‘tgan oyatlarning hukmiga binoan, ahli kitoblarning so‘yishi ham haloldir. Boshqalarini esa eyish mutlaqo mumkin emas. «Shubhasiz, u fisqdir». Ya’ni Allohning nomi zikr qilinmay so‘yilgan hayvonning go‘shtini eyish fisq, ya’ni dinning amridan chiqishdir. «Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar». Shaytonning do‘stlari bo‘lmish kofir va mushriklar imkonlari boricha sizlar bilan tortishadilar. Turli masalalarda, jumladan, Allohning nomi zikr etilmay so‘yilgan hayvonlarning go‘shti haqida ham tortishadilar. Sizlar ularning gaplariga, tortishuvlariga hech e’tibor bermasligingiz kerak. «Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar». “Moida” surasida : حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالْدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلاَّ مَا ذَكَّيْتُمْ وَمَا ذُبِحَ عَلَى النُّصُبِ وَأَن تَسْتَقْسِمُواْ بِالأَزْلاَمِ ذَلِكُمْ فِسْقٌ 3. Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan, yirtqich egan hayvonlar – magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol) – va butlarga so‘yilgan hayvonlar hamda cho‘plar ila fol ochishingiz harom qilindi. Bu fisqdir. Ushbu oyati karimada asli go‘shti halol qilingan hayvonlar haqida so‘z ketmoqda. Albatta, cho‘chqani hisobga olmaganda. Aslida go‘shti harom bo‘lgan hayvonlar o‘z-o‘zidan ma’lum, bahs ular haqida emas. Shuningdek, Alloh taolo bandalariga ko‘plab ne’matlarni tanovul qilishni halol qilib qo‘ygan. Ularning barchasining asli halol. Modomiki, harom narsa aralashmasa, iste’mol qilinaveradi. Inson shaxsining yoki amalining unga ta’siri yo‘q. Misol uchun, nonni olaylik. Uning bug‘doyini kim ekkan, kim o‘rgan, qanday yanchigan yoki qanday qilib nonga aylantirilgan – bularning ahamiyati yo‘q, hammasi iste’mol qilinaveradi. Ammo go‘sht mahsulotlari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Chunki go‘sht tirik hayvondan olinadi. Ana o‘sha tirik jonivorni go‘shtga aylantirish jarayoni va undagi niyat hamda e’tiqod uning halol yoki haromga aylanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham bu jarayonga, ya’ni tirik hayvonni go‘shtga aylantirish jarayoniga shariatda alohida e’tibor beriladi. Bir qancha shartlar qo‘yiladi. O‘sha shartlar vujudga kelgandagina u hayvon go‘shti halol hisoblanib, iste’mol etishga ruxsat beriladi. Bu shartlarning boshida hayvonning jonini chiqarish paytida unga jon bergan Allohning nomini zikr qilish turadi. Bu ish qilinmasa, katta ma’naviy jinoyat sodir bo‘lgan bo‘ladi, shu sababli uning go‘shti haromga aylanadi. Ushbu oyatda go‘shti haromga aylanib qoladigan hayvonlardan bir necha toifasi zikr etilgan. «Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti…» harom qilindi. O‘limtik (o‘zi o‘lib qolgan hayvon), hayvon so‘yilganda undan oqadigan qon va cho‘chqa go‘shti shular jumlasidandir. Bularning harom qilinganligi hikmatlari, tibbiy sirlari haqida «Baqara» surasi tafsirida batafsil so‘z yuritilgan. «Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan» hayvon go‘shtining ham harom bo‘lishi, avval aytganimizdek, iymon taqozosiga to‘g‘ri kelmaganidandir, ya’ni uni yaratgan va unga jon bergan Zotning nomini qo‘yib, boshqaning nomi ila so‘yilganidandir. «Bo‘g‘ilib o‘lgan» – hayvon bo‘g‘ilish oqibatida o‘lgan bo‘lsa, go‘shti haromdir. Unga ham Allohning nomi aytilmagan, ham qoni ichiga tarqab, go‘sht zararli holga kelgan bo‘ladi. «Urib o‘ldirilgan» – bunda ham avvalgi holdagi hikmat tufayli haromlik hukmi bor. Biror hayvon tosh, yog‘och yoki(mashina kabilarda urib o‘ldirilsa) shunga o‘xshash narsalar bilan urib o‘ldirilgan bo‘lsa, uning go‘shti haromga aylanadi. «Yiqilib o‘lgan» – tog‘danmi, baland joydanmi, yiqilib o‘lgan hayvonlarning go‘shti ham harom. «Suzishdan o‘lgan» – ikki hayvon bir-biri bilan suzishsa-yu, biri o‘lib qolsa, uning go‘shti ham haromdir. «Yirtqich egan hayvonlar» harom qilindi. Ya’ni bir yirtqich hayvon mazkur go‘shti halol hayvonga hujum qilib, esa va o‘ldirsa, undan ortib qolgan go‘sht harom hisoblanadi. «…magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol)». Mazkur holatlarga duchor bo‘lgan hayvonlar o‘lmay turib so‘yib yuborilsa, go‘shti halol bo‘ladi. «va butlarga so‘yilgan hayvonlar». Johiliy arablarning turli butlari bo‘lib, ularga atab jonliq so‘yishar va qonini o‘sha butlarga surtishar edi. Bunday hayvonlarning go‘shti, garchi Allohning nomini aytib so‘yilgan bo‘lsa ham, butlarga atab so‘yilgani uchun haromdir. Oyat davomida katta ma’naviy harom ish ham zikr etilgan. «...hamda cho‘plar ila fol ochishingiz harom qilindi». Johiliyat davrida butxonalarda xizmat qiluvchi kohinlar huzurida bir maxsus idishda uchta yoki ettita cho‘p turar edi. Ularga turli iboralar, jumladan, «Robbim buyurdi» yoki «Robbim qaytardi» degan iboralar yozilgan bo‘lardi. Biror ishni qilish yoki qilmaslikda ikkilangan odam kohinga u-bu narsa berib, fol ochishni so‘rardi. Shunda kohin idishdagi cho‘plarni aralashtirib, fol ochiruvchiga tutar, u idishdagi cho‘plardan birini tortganda «Robbim buyurdi» deb yozilgan cho‘p chiqsa, ishni qilishga, «Robbim qaytardi» deb yozilgani chiqsa, ishni qilmaslikka amr etar edi. Boshqa cho‘p chiqsa, yana pul olib, qaytadan fol ochardi. Xuddi shu uslub qimorning bir turida ham qo‘llanar edi. Bularning hammasi harom qilindi. «Bu fisqdir».  ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:52 | Savol-javoblar | 151 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar