Zikr haqida

Assalamu alaykum! Kishi yurgan yo‘lida tilda Allohni zikr kilsayu, ammo hayoli boshqa erda bo‘lsa ham savob olaveradimi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! ALLOHNING ZIKRI
Alloh taoloning zikri ham totli va oson ibodatki, uni inson arzimagan tavajjuh bilan har vaqt ado qila oladi va uning fazli ham foydasi ham behisob bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda ba’zi o‘rinlarda O‘z zikrini qilishni ta’kid qilgan. Masalan, ko‘rsatma borki: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اذْكُرُوا اللَّهَ ذِكْرًا كَثِيرًا۝ وَسَبِّحُوهُ بُكْرَةً وَأَصِيلًا “Ey! Imon keltirganlar Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va ertayu kech Uni poklab yod etinglar” (Ahzob 41-42 oyatlar).
Ma’lumki, Alloh taologa bandalari qilgan zikrdan hech qanday foyda yo‘q va U bandalarning zikridan behojatdir. Lekin, unda bandalarning foydasi borki. Ko‘p zikr qilish orqali bandaning Alloh taolo bilan aloqasi mustahkamlanib va banda ruhan oziqalanib boradi. Zikr bilan bandada kuch va quvvat paydo bo‘ladi. U ruhiy quvvat natijasida inson uchun nafs va shaytonga qarshi chiqish oson bo‘lib boradi va gunohlardan saqlanish ham engil bo‘ladi. Har bir zikrdan keyin nomai a’molda yaxshilik ortib boradi.
عَنْ أَبِي سَعِيد الْخُدْرِيِّ : " أَنَّ رَسُول اللَّه صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سُئِلَ : أَيّ الْعِبَادَة أَفْضَل دَرَجَة عِنْد اللَّه يَوْم الْقِيَامَة ؟ قَالَ : الذَّاكِرِينَ اللَّه كَثِيرًا , قَالَ : قُلْت : يَا رَسُول اللَّه , وَمِنْ الْغَازِينَ فِي سَبِيل اللَّه ؟ قَالَ : لَوْ ضَرَبَ بِسَيْفِهِ فِي الْكُفَّار وَالْمُشْرِكِينَ حَتَّى يَتَكَسَّر وَيَخْتَضِب دَمًا , لَكَانَ الذَّاكِرُونَ اللَّه أَفْضَل مِنْهُ دَرَجَة "
Abu Sa’iyd al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Qiyomat kuni Allohning huzurida qaysi (nafl) ibodatning darajasi afzal?” deb so‘radi.
“Allohni ko‘p zikr qiluvchilar”, dedilar.
“Ey Allohning Rasuli! Allohni yo‘lida g‘azot qiluvchidan ham (afzal)mi?” dedim.
“Agar (bir odam) kofir va mushriklarga hattoki qilich singuncha zarba bergan va qonga bo‘yalgan bo‘lsa ham, Allohni zikr qiluvchilarning darajasi undan afzal bo‘lgay” dedilar” (Abu Dovud rivoyati).
ِ عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ بُسْرٍ قَالَ : جَاءَ أَعْرَابِيَّانِ إِلَى رَسُولِ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- يَسْأَلاَنِهِ فَقَالَ أَحَدُهُمَا : يَا رَسُولَ اللَّهِ أَىُّ النَّاسِ خَيْرٌ؟ قَالَ :« مَنْ طَالَ عُمْرُهُ وَحَسُنَ عَمَلُهُ ». وَقَالَ الآخَرُ : يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ شَرَائِعَ الإِسْلاَمِ قَدْ كَثُرَتْ عَلَىَّ فَأَخْبِرْنِى بِأَمْرٍ أَتَشَبَّثُ بِهِ قَالَ :« لاَ يَزَالُ لِسَانُكَ رَطْبًا بِذِكْرِ اللَّهِ ».
Abdulloh ibn Yusr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Ikki a’robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga (savol) so‘ragani keldilar. Ulardan biri: “Ey Allohning Rasuli! Qaysi inson yaxshi?” dedi.
“Umri uzun bo‘lib, amali yaxshi bo‘lgani” dedilar.
Boshqasi: “Ey Allohning Rasuli! Men uchun Islom shariati ko‘payib ketdi. Menga o‘zim mahkam ushlaydigan narsaning xabarini bering” dedi.
“Tiling Allohning zikridan ho‘l bo‘lib tursin” dedilar”. (Termiziy rivoyati).
وَعَن أبي مُوسَى رَضِيَ اللَّهُ عَنْه ، عَن النَّبِي صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم َ قَالَ : " مثل الْبَيْت الَّذِي يُذكر الله فِيهِ ، وَالْبَيْت الَّذِي لَا يُذكر الله فِيهِ ، مثل الْحَيّ وَالْمَيِّت " مُتَّفق عَلَيْهِ .
Abu Muso al-Ash’riy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam dedilar:
“Alloh zikr qilinadigan uy bilan Alloh zikri qilinmaydigan uy huddi tirik va o‘likka o‘xshaydi” dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَا جَلَسَ قَوْمٌ مَجْلِسًا فَتَفَرَّقُوا عَنْ غَيْرِ ذِكْرٍ إِلَّا تَفَرَّقُوا عَنْ مِثْلِ جِيفَةِ حِمَارٍ وَكَانَ ذَلِكَ الْمَجْلِسُ عَلَيْهِمْ حَسْرَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:
“Bir qavm biror majlisda o‘tirib, (Alloh taoloning) zikrisiz tarqalishsa, eshshak o‘limtigi kabidan tarqalibdilar va o‘sha majlis ular uchun (qiyomat kuni) hasrat bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati rivoyati).
Shu bois Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari borki, har majlis oxirida bu so‘zlarni o‘qish lozim:
(سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوْبُ إِلَيكَ).
“Subahaanakallohumma va bi hamdika ashhadu an laa ilaaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”
Tasbihning ma’nosi: Ey Allohim! Seni poklayman va Senga hamd bo‘lsin. Sendan o‘zga iloh yo‘q deb guvohlik beraman. Sengagina istig‘for aytaman va Sengagina tavba qilaman”. Bu bilan u majlisning kamchiliklariga kafforat bo‘ladi (Nasoiy rivoyati).
Allohning zikri - ulug‘ ibodat bo‘lishiga qaramay Alloh taolo uni shunday oson qildiki, uni qilish uchun biror narsa shart emas. Agar tahorat bilan qiblaga yuzlanib, fikrni bir joyga qo‘yib zikr qilishga qodir bo‘lsa, juda yaxshi. Lekin, buning imkoni bo‘lmasa, aylanib, yurib, turib, o‘tirib va ish qilib bo‘lsa ham har holatda bu ibodatni qilish mumkin. Bu ibodat uchun tahorat ham shart emas. Balki, janobat va hayz hollarida ham zikr qilish joiz. Faqat, yalong‘och holatda, najosat o‘rnida, masalan hojatxonada til bilan zikr qilish durust emas. U vaqtda ham qalb bilan zikr qilish joiz. Shuning uchun inson ushbu ulug‘ ibodat savobini har vaqt biror xos mehnat va mashaqqatsiz qo‘lga kirita oladi. Munosib gap shuki, erta-yu, kech bir oz vaqt ajratib, qoidaga binoan tahorat bilan qiblaga yuzlanib, hayolni bir joyga qo‘yib zikr qilsa va boshqa vaqtlarda aylanib, yurib, yotib, o‘tirib zikr aytsa, ne’mat ustiga ne’mat bo‘ladi.
 
Kuyida bir necha qisqa zikrlarni keltirib o‘tamiz.
1. Hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari borki, Alloh taolo huzurida eng mahbub to‘rt so‘z bor:
سُبْحَانَ اللهِ، وَالْحَمْدُ للهِ، وَلاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ، وَاللهُ أَكْبَرُ
“Subaanallohi, valhamdulillohi, valaa ilaaha illallohu vallohu akbar”
Ma’nosi: “Alloh barcha aybu nuqsondan pokdir. Unga hamd bo‘lsin. Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Alloh ulug‘dir” (Muslim rivoyati).
2. Hadisda kelishicha, ikki so‘z Rohmanga juda mahbub, tilga engil, amal tarozisida esa og‘irdir:
سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ، سُبْحَانَ اللهِ الْعَظِيْمِ
“Subahaanallohi, va bihamdihi, subahanallohil ’aziym”
Ma’nosi: “Alloh barcha aybu nuksondan pokdir. Unga hamd bo‘lsin. Ulug‘ Alloh pokdir” (Buxoriy va Muslim rivoyati).
3. Hadisda borki “لاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَّ بِالله” (Laa havla va laa quvvata illa billaah)ni ko‘p o‘qinglar. Chunki, bu so‘zlar jannat xazinalaridan bir xazinadir (Mushkot).
Ma’nosi: “Havl (gunohdan saqlanishga)ham, (toatga) ham quvvat faqat Allohdandir”.
4. Hadisda kelishicha, qaysi shaxs tongda quyidagi so‘zlarni o‘qisa, bas, unga Ismoil alayhissalomning farzandlaridan o‘nta qulni ozod qilgan kishining savobi etadi, o‘nta savob yoziladi, o‘nta gunoh afv etiladi, o‘n daraja ko‘tariladi va shomgacha u shayton yomonligidan saqlanadi va shu so‘zlarni shomda aytsa, bas tonggacha yuqoridagi foydalar hosil bo‘ladi.
لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَشَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ، وَلَهُ الْحَمْدُ، يُحْيِي وَيُمِيتُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ.
“Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariykalah, lahul mulku va lahul hamd, yuhyiy va yumiytu va huva ’ala kulli shay’in qodiyr”
Ma’nosi: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U yolg‘iz, sheriksiz zotdir. Mulk ham, hamd ham Unikidir. (U) tiriltiradi va (U) o‘ldiradi. U xar bir narsaga qodirdir” (Abu Dovud rivoyati).
5.
حَسْبِيَ اللَّهُ، لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ، عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ، وَهُوَ رَبُّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ
“Hasbiyalloh, laa ilaha illa hu, ’alayhi tavakkaltu va huva Robbul ’arshil ’aziym”
Ma’nosi: “Alloh menga kifoya qilguvchidir. Undan o‘zga iloh yo‘q. Unga tavakkal etdim va U ulkan Arshning Parvardigoridir”. Vallohu a’lam.

28 Aprel 2022, 08:13 | Savol-javoblar | 264 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar