Qarindosh va qo‘shni

Assalomu alaykum! Qarindosh va qo‘shni aloqalarini mustahkamlash to‘g‘risida juda ko‘p hadislar kelgan. Lekin qarindosh yoki qo‘shni bir so‘z bilan aytganda inson qiyofasidagi shayton bo‘lsachi? Buning hukmi qanday? Bunday vaziyatlarda aslida kim qarindoshlik va qo‘shnilik aloqalarini uzgan hisoblanadi? Ahir dinda o‘ziga ham  o‘zgaga ham zarar etkazish yo‘qku. Javobingiz uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!
عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الْأَنْصَارِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَحِلُّ لِرَجُلٍ أَنْ يَهْجُرَ أَخَاهُ فَوْقَ ثَلَاثِ لَيَالٍ، يَلْتَقِيَانِ فَيُعْرِضُ هَذَا وَيُعْرِضُ هَذَا، وَخَيْرُهُمَا الَّذِي يَبْدَأُ بِالسَّلَامِ
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kishiga o‘z birodaridan uch kechadan ortiq arazlash halol emas. Uchrashib qolishganda bu ham yuz o‘girib ketadi, u ham yuz o‘girib ketadi. Ikkovidan yaxshisi birinchi salom berganidir». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Alloh taolo “Shuuro” surasida marhamat qiladi :
وَجَزَاء سَيِّئَةٍ سَيِّئَةٌ مِّثْلُهَا فَمَنْ عَفَا وَأَصْلَحَ فَأَجْرُهُ عَلَى اللَّهِ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الظَّالِمِينَ۝
40. Yomonlikning jazosi o‘z mislidek yomonlikdir. Kim afv etib, isloh qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U Zot zolimlarni sevmas.
Adolat yuzasidan ish tutish Islomning barcha ishlarida o‘z aksini topgan. Hatto o‘ziga nisbatan qilingan zulm uchun o‘ch olishda va o‘zini himoya qilishda ham adolatli ish tutish joriy qilingan.
«Yomonlikning jazosi o‘z mislidek yomonlikdir».
Ya’ni musulmon kishiga biror dushmanlik etsa, xuddi o‘sha miqdor va shaklda javob qaytarish kerak bo‘ladi. Undan orttirmaslik lozim. Chunki yomonlik o‘z o‘rnida qaytarilmasa, avj olib ketadi. Yomonligiga jim qarab turilganini ko‘rgan yomon kimsa andishaning otini qo‘rqoq qo‘yib, yana ham ko‘proq yomonlik qilishga o‘tadi.
Ammo yomonlikni o‘z o‘rnida qaytarishga qodir bo‘la turib, o‘sha umumiy qoidadan istisno tariqasida
«Kim afv etib, isloh qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir».
Afv etish tajovuzkorni jazolash imkoniga ega bo‘la turib, bag‘rikenglik ila kechirib yuborgan odam tomonidan bo‘ladi. Kim zolimdan o‘ch olishga qodir bo‘la turib, uni afv etsa, so‘ngra zolimni isloh qilishga urinsa, unga Alloh taoloning huzurida ajru savoblar bo‘ladi. Mazlumning undan o‘ch olishga qodir bo‘la turib, ammo unga o‘xshab, pastkashlik qilmay, aksincha, oliyjanoblarcha kechirib yuborganini ko‘rgan zolim xijolat bo‘ladi va o‘zini o‘nglashga harakat qiladi.
«Albatta, U Zot zolimlarni sevmas».
Demak, zolim shunday ham Allohning g‘azabiga uchraydi. Zulmi uchun Alloh taoloning O‘zidan jazo oladi. Agar fazilat yo‘lini tutmay, umumiy qoidaga amal qilib, zolimga o‘z yomonligi mislida javob qaytarish o‘rniga, undan oshirib yuborilsa ham, zulm bo‘ladi. Buni ham Alloh suymaydi. Ushbu jumla ikki tomonni ham zulmdan qaytarmoqda. ("Tafsiri hilol" kitobidan).
عن أبي خراش حدرد بن أبي حدرد الأسلمي، ويقال السلمي الصحابي رضي الله عنه أنه سمع النبي صلى الله عليه وسلم يقول: "من هجر أخاه سنة فهو كسفك دمه".رواه أبو داود بإسناد صحيح
Abu Hadrad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi :  
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Kim birodarini bir yil tark qilsa, uni qonini to‘kkani kabi bo‘ladi” dedilar.
Abu Dovud rivoyati.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تُفْتَحُ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ يَوْمَ الْاِثْنَيْنِ وَيَوْمَ الْخَمِيسِ، فَيُغْفَرُ لِكُلِّ عَبْدٍ لَا يُشْرِكُ بِاللهِ شَيْئًا، إِلَّا رَجُلًا كَانَتْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ أَخِيهِ شَحْنَاءُ، فَيُقَالُ: أَنْظِرُوا هَذَيْنِ حَتَّى يَصْطَلِحَا، أَنْظِرُوا هَذَيْنِ حَتَّى يَصْطَلِحَا، أَنْظِرُوا هَذَيْنِ حَتَّى يَصْطَلِحَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jannatning eshiklari dushanba va payshanba kunlari ochiladir. Shunda Allohga biror narsani shirk keltirmagan banda mag‘firat qilinadir. O‘zi bilan birodari o‘rtasida kin-adovat bor kishigina mag‘firat qilinmaydi. (Balki «Manavi ikkovi o‘zaro yarashgunlaricha kutinglar! Manavi ikkovi o‘zaro yarashgunlaricha kutinglar! Manavi ikkovi o‘zaro yarashgunlaricha kutinglar!» deyiladi», dedilar».
Muslim, Abu Dovud, va Termiziy rivoyat qilganlar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:56 | Savol-javoblar | 162 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar