Masjidda o‘qilgan qazo namoz

Assalomu alaykum! Ustozlar,  masjidda farz namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng qazo namozi o‘qimoqchi bo‘lsam azon aytamanmi yoki masjidda aytilgan azon kifoya qiladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Masjidda o‘qilgan qazo namozlarga azon ham, takbir ham aytilmaydi. Aksincha odamlar ko‘ziga xuddi nafl o‘qiyotgandek qiladi. Chunki namozni qazo qilish gunoh hisoblanib, masjidda azon takbir aytish gunohni oshkor qilish hisoblanadi. Oshkor qilish joiz emas.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم يَقُولُ: كُلُّ أُمَّتِي مُعَافًى إِلَّا الْمُجَاهِرِينَ، وَإِنَّ مِنَ الْمُجَاهَرَةِ أَنْ يَعْمَلَ الرَّجُلُ بِاللَّيْلِ عَمَلًا ثُمَّ يُصْبِحُ وَقَدْ سَتَرَهُ اللهُ، فَيَقُولَ يَا فُلَانُ عَمِلْتُ الْبَارِحَةَ كَذَا وَكَذَا، وَقَدْ بَاتَ يَسْتُرُهُ رَبُّهُ وَيُصْبِحُ يَكْشِفُ سِتْرَ اللهِ عَنْهُ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
«Mujohirlardan boshqa ummatimning hammasi avf qilingandir. Albatta, bir kishining kechasi bir ishni qilib, tong otganda Alloh uni satr qilgan bo‘lsa ham «Ey falonchi, kechasi unday qildim, bunday qildim», demog‘i ham mujoharadandir. Batahqiq, u Alloh uni satr qilgan holida yotgan edi. Tong otganda esa o‘zidan Allohning satrini ochadi», dedilar».
Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: «Mujohir» jahr so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda «oshkora qiluvchi» degan ma’noni bildiradi. Shar’iy istilohda esa gunohni oshkora va uyalmasdan qiluvchi odamga aytiladi. Ushbu hadisi sharifdagi ta’rifga qaraganda, o‘zi qilgan gunohni odamlarga maqtanib yuradi.
Demak, gunohni oshkora qilgan, o‘zidan sodir bo‘lgan gunohlarini gapirib yuradigan mujohirlarning gunohi avf qilinmas ekan. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:07 | Savol-javoblar | 147 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar