Ilm olishga vaqt topa olmayapman

Assalomu alaykum! Oilaliman, farzandlarim bor. Ilm olaman, lekin ko‘p vaqtim oila ishlariga ketib qoladi. Ko‘nglimdagiday ko‘p  ilm ololmayapman. Shunga menga qanday maslahat berasiz? Nima qilay? 

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!Alloma Ibn Abdulbarr o‘z sanadi bilan G‘olib Qatton rohmatullohi alayhning bir voqeasini hikoya qilib keltiradi. Bundan ularning qanchalik ilmga muhabbatlik va ilm talabida ko‘plab mashaqqat chekkani, sabr qilganini, qolaversa har bir hadis va masala naqadar qiyinchilik bilan bizgacha etib kelganini bilsak bo‘ladi.G‘olib Qatton rohmatullohi alayh paxta savdosi bilan shug‘ullanar edi. Bir bor tajorat yuzasidan Kufaga safar qildi. Bu safardan maqsad faqatgina tijorat edi. Lekin Kufaga etib kelganida u erdagi hadis ulamolarini ko‘rib, hazina topgandek hursand bo‘lib ketdi va darhol ulardan hadis eshitib, foyda olishga kirishdi. O‘sha paytlarda Mashhur muhaddis Sulaymon A’mash hadisdan dars aytar edi.G‘olib Qatton rahmatullohi alayh uning darslariga qatnay boshladi. Tez orada ko‘plab hadislarni oldi.Tijorat ishlari nihoyasiga etgach, o‘z yurti Basraga ketish oldidan ustozi A’mash rohmatullohi alayh huzuriga keldi va kechasi ustozining huzurida qoldi. Tun oxirlab qolganida A’mash rohmatullohi alayh tahajjudga turdi. Namozida:شَهِدَ اللَّهُ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ وَالْمَلَائِكَةُ وَأُولُو الْعِلْمِ قَائِمًا بِالْقِسْطِ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ“Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim zotdir” (Oli Imron 18-oyat)ini tilovat qildi.G‘olib Qatton rohmatullohi alayh ustozi bu oyatni tilovat qilishidan bu oyat borasida biror hadisni ham bilsa kerak, deb o‘ylab qoldi. Subhida, xayrlashish chog‘ida kechasi siz mana bu oyatni takror-takror tilovat qildingiz, bu oyat haqida biror bir hadisni bilasizmi?. Men bir yil shu erda turgan bo‘lsam ham sizdan bu haqida hadis eshitmadim, dedi. Unga javoban A’mash rohmatullohi alayh "Allohga qasamki, bir yilgacha bu hadisni senga aytmayman", dedi. G‘olib Qatton savdogar bo‘lib, savdo ishlari bilan Kufaga kelgan edi. Bir qancha muddat tijoratini bitirish asnosida ko‘plab hadislarni yod olgan edi. Endi halol va haromga taalluqli bo‘lmagan oyatning fazilatiga tegishli bir hadisni bir yil kutadimi? G‘olib Qattonning ilmga bo‘lgan ishtiyoqini qarangki, ustozidan bu gapni eshitiboq safarini bekor qildi. Yana bir yil A’mash rohmatullohi alayhning huzurida istiqomat qiladigan bo‘ldi. G‘olib Qatton o‘zi borasida: “Men u erda qoldim va Imom A’mash rohmatullohi alayh darvozasiga o‘sha kunni belgilab qo‘ydim. Bir yil to‘lgach, "Ey Abu Muhammad, bir yil to‘ldi, endi o‘sha hadisni menga aytib bering", dedim.Imom A’mash rohmatullohi alayh aytdi:حَدَّثَنِي أَبُو وَائِلٍ، عَنْ عَبْدِ اللَّهِ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:يُجَاءُ بِصَاحِبِهَا يَوْمَ الْقِيَامَةِ،فَيَقُولُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: عَبْدِي عَهِدَ إِلَيَّ، وَأَنَا أَحَقُّ مَنْ وَفَّى بِالْعَهْدِ، أَدْخِلُوا عَبْدِي الْجَنَّةَ "Abu Voil menga Abdullohdan hadis so‘zladi:"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:"Qiyomat kuni bo‘lganda“Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim zotdir” (Oli Imron 18-oyat)ini o‘qib yuruvchi kishini keltiriladi. Shunda Alloh taolo: "Bandam Men bilan ahdlashdi va Men ahdga vafo qilishga eng haqli Zotman. Bandamni Jannatga kirgizinglar", deydi”, dedilar” (Jami’u bayanil ilmi va fazlihi). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:10 | Savol-javoblar | 135 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar