Ikkiyuzlamachilar

Assalomu alaykum! Iltimos menga ikkiyuzlamachilarning hukmlar haqida ma’lumot bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تَجِدُونَ النَّاسَ مَعَادِنَ خِيَارُهُمْ فِي الْجَاهِلِيَّةِ خِيَارُهُمْ فِي الْإِسْلَامِ إِذَا فَقِهُوا، وَتَجِدُونَ خَيْرَ النَّاسِ فِي هَذَا الشَّأْنِ أَشَدَّهُمْ لَهُ كَرَاهِيَةً قَبْلَ أَنْ يَقَعَ فِيْهِ، وَتَجِدُونَ شَرَّ النَّاسِ ذَا الْوَجْهَيْنِ الَّذِي يَأْتِي هَؤُلَاءِ بِوَجْهٍ وَيَأْتِي هَؤُلَاءِ بِوَجْهٍ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarni ma’danlarga o‘xshash holda topasiz. Ularning johiliyatda yaxshi bo‘lganlari, agar (dinda) faqih bo‘lsalar, Islomda ham yaxshidirlar. Bu borada odamlarning eng yaxshisi unga voqyo bo‘lishidan oldin uni eng yomon ko‘radiganidir. Odamlarning eng yomoni anavilarga bir yuz bilan, manavilarga bir yuz bilan keladigan ikki yuzlisidir», dedilar». Ikki shayx rivoyat qilganlar. Sharh: Bu hadisi sharifda insonlarning yaxshi-yomoni qanday bo‘lishi haqida ba’zi ma’lumotlar keltirilmoqda. «Odamlarni ma’danlarga o‘xshash holda topasiz. Ularning johiliyatda yaxshi bo‘lganlari, agar (dinda) faqih bo‘lsalar, Islomda ham yaxshidirlar». Demak, odamning yaxshiligi fiqhni, ya’ni Alloh taoloning dini – Islom ahkomlarini yaxshi bilishiga qarab ham ajratilar ekan. Johiliyatda yaxshi bo‘lgan odam Islomda ham yaxshi bo‘lishi mumkin ekan. Bunga faqat bir shart bor ekan. U ham bo‘lsa, fiqhni yaxshi bilish ekan. «Bu borada odamlarning eng yaxshisi, unga voqyo bo‘lishidan oldin uni eng yomon ko‘radiganidir». Hadisi sharifdagi «Bu borada» degan ibora «Xalifa bo‘lish masalasida» degan ma’noda kelgandir. Xalifa bo‘lish uchun qiziqib, bu ish uchun elib-yugurgan odam unga noloyiq bo‘lar ekan. O‘sha mansabga saylangunga qadar uni eng yomon ko‘rgan odam o‘sha ish uchun eng yaxshi nomzod bo‘lar ekan. «Odamlarning eng yomoni anavilarga bir yuz bilan, manavilarga bir yuz bilan keladigan ikki yuzlisidir», dedilar». Ikkiyuzlamachi odam eng yomon odam hisoblanar ekan. Shuning uchun bu sifatdan uzoqda bo‘lish lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:22 | Savol-javoblar | 190 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar