Tijoratchilarga haqida

Assalomu alaykum! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : Rostgo‘y, ishonchli tijoratchi jannatda nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi – dedilar. Shu gaplarni o‘qib qoldim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ رِفَاعَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّهُ خَرَجَ مَعَ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم إِلَى الْمُصَلَّى، فَرَأَى النَّاسَ يَتَبَايَعُونَ، فَقَالَ: يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ، فَرَفَعُوا أَعْنَاقَهُمْ وَأَبْصَارَهُمْ إِلَيْهِ إِجَابَةً لَهُ، فَقَالَ: إِنَّ التُّجَّارَ يُبْعَثُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فُجَّارًا إِلَّا مَنِ اتَّقَى اللهَ وَبَرَّ وَصَدَقَ. وَفِي رِوَايَةٍ: التَّاجِرُ الصَّدُوقُ الْأَمِينُ مَعَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ. رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ Rifo’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohga chiqqan ekanlar. Bas, u zot savdo qilayotgan odamlarni ko‘rib: «Ey tojirlar jamoasi!» dedilar. Ular boshlarini ko‘tarib, chaqiriqqa javoban, u zotga qaradilar. Shunda u zot: «Albatta, tojirlar qiyomat kuni fojirlar holida tiriltirilurlar. Allohga taqvo qilgan, yaxshilik va rostgo‘ylik qilgan bundan mustasno», dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «Rostgo‘y, omonatli tojir nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir», deyilgan. Ikkovini Termiziy rivoyat qilgan. Sharh: Agar taqvodor, yaxshilik qiluvchi va rostgo‘y bo‘lmasa, tojirlik egasiga nadomat, oxirat sharmandaligini keltirar ekan. Har bir tojir ushbu hadisi sharifda zikr qilingan uch sifat: 1. Alloh taologa taqvo qilish. 2. Yaxshilik qilish. 3. Rostgo‘y bo‘lish sifatlarini o‘zida mujassam qilishga urinmog‘i kerak. Ushbu sifatlari bor odamgina tijoratda fojirlik, aldamchilik, haromxo‘rlik qilmaydi. Aslini olganda tojirlik ham shariat ko‘rsatgan yo‘l bilan amalga oshirilsa, ibodat bo‘ladi. Chunki tojirlar tijoratlari orqali o‘zlariga foyda topishdan tashqari, jamiyatlari uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ishni amalga oshiradilar. Ko‘pchilikning og‘irini engil qiladilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham Xadicha onamizning mollari bilan tijorat qilganlar. Alloh taolo Qur’oni Karimda tijoratni halol qilganini e’lon qilgan. Hatto haj ibodati vaqtida ham tijoratga ruxsat bergan. Ulamolarimiz tijorat, ziroat va sanoatdan qaysi biri afzal, deb savol berganlarga ba’zi hollarda tijorat afzal ekanligini ta’kidlaganlar. Sahobalardan ba’zilari vaqti kelganda tijorat jihodga teng bo‘lishini aytganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu «Jihoddan keyin menga eng afzal o‘lim savdo mollari ichida o‘lishdir», deganlar. Ammo ushbu afzalliklarning hammasi tojirning taqvodor, rostgo‘y va omonatli bo‘lishiga bog‘liqdir. Ana o‘shanda mo‘min-musulmon tojir qiyomat kuni yuksak martabalarga erishadi, nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi. Ushbu hadis oldimizga tojirning ikki xil holatini ko‘ndalang qo‘ymoqda: Aldamchi, yolg‘onchi va haromxo‘rlari qiyomat kuni fojir bo‘lib tiriltiriladi; Taqvodor, sodiq va omonatlilari qiyomat kuni nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladilar. Endi ixtiyor hammaning o‘zida. Har kim niyatiga va amaliga yarasha mansab topadi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:42 | Savol-javoblar | 162 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar