Yoshiga to‘lmagan qo‘zichoq

Assalomu alaykum! Ustozlar savolim shuki men oshpaz bo‘lib ishlayman. Menga 10-15kg keladigan qo‘zichoqdan ovqat pishirishimni so‘rashadi. Men qassobga buyurtma bersam “yoshiga to‘lmagan qo‘zichoqni so‘yish uvol, haqiqiy qassob qo‘zichoqni so‘ymaydi” dedi. Axir Allohning nomi bilan so‘yilgan go‘shti halol bo‘lgan hayvonlarni barchasi halol emasmi? Men buyurtma qilib gunohkor bo‘lmayapmanmi? Shu ovqatni pishirib topgan pulim halolmi? Shu haqida tushuntirib bersangizlar. Bilaman qo‘zichoq juda kichkina bo‘ladi, lekin shar’an so‘ysa halol bo‘ladiku. Agar noo‘rin savol bergan bo‘lsam kechirasizlar. Men gunoh ishga qo‘l urishdan qo‘rqib sizlardan so‘rayapman. Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Qo‘zichoqni shariatga muvofiq so‘yilsa shak-shubhasiz joiz. O‘sha qassob shariatimizda yo‘q gapni gapirib xato qilibdi. Har kim o‘zicha masala aytib fatvo berishdan saqlanishi kerak. عَنْ عُبَيْدِ الله بْنِ أَبِي جَعْفَرَ عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرؤُكُمْ عَلىَ النَّارِ. رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ Ubaydulloh ibn Abu Ja’fardan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Fatvoga jur’atli bo‘lganingiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», dedilar». Dorimiy rivoyat qilgan. Kim do‘zaxga tushishdan qo‘rqmasa, parvo qilmasdan to‘g‘ri kelgan fatvoni aytaveradi. Ushbu ta’limotlar musulmonlarning avvalgi avlodlari tomonidan yaxshi o‘rganib chiqilgan, ularga amal qilingan va ular asosida maxsus qoidalar ishlab chiqilgan edi. Abdurrohman ibn Abu Laylo bir masalani so‘rab bilib olish uchun bir yuz yigirmata sahobiyga murojat qilganini, ularning hammasi o‘zidan boshqadan so‘rashni tavsiya qilganlarini rivoyat qilgan. O‘zidan ilmliroq kishining borligini bilgan olim ham o‘zi fatvo bermay mazkur bilmliroq kishidan so‘rashni maslahat berishi qoidaga kiritilgan. Musulmonlar ushbu qoidaga qarshi chiqqanlarga nisbatan murosasiz kurash olib borganlar va shuning uchun ham, turli ixtiloflar hamda balo ofatlardan saqlanganlar.(“Din nasihatdir” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:53 | Savol-javoblar | 143 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar