Salomning tarixi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, kecha bir gap eshitdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir odam «assalomu aleykum» degan ekan va u odam Payg‘ambarimizga salomni sizga o‘lim degan ma’noda kilib aytgan ekan shunda Payg‘ambarimiz «valeykum assalom » deb javob kaytargan ekanlar. Ya’ni o‘zinga o‘lim deb javob bergan ekanlar. Ustozlar men tushunmay qoldim, salom berish o‘lim tilashmi? Javob uchun oldindan rahmat. Agar savolim noto‘g‘ri bo‘lsa oldinda uzr so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Noto‘g‘ri eshitibsiz. وَقَالَ بَعْضُ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم لَهُ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أَهْلَ الْكِتَابِ يُسَلِّمُونَ عَلَيْنَا، فَكَيْفَ نَرُدُّ عَلَيْهِمْ؟ قَالَ: قُولُوا وَعَلَيْكُمْ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ba’zi sahobalari: «Ey Rasululloh, ahli kitoblar bizga salom beradilar. Ularga qanday alik olamiz?» deyishdi. «Va alaykum», denglar», dedilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Bu alik olishda ikki ehtimolning oldi olinadi. Birinchisi – agar ahli kitob odam to‘g‘ri salom bergan bo‘lsa, to‘g‘ri alik olingan bo‘ladi. Ikkinchisi – agar ahli kitob so‘zni boshqa tarafga burgan bo‘lsa, unga ham o‘ziga mos javob berilgan bo‘ladi. Bu qanday bo‘lishini kelasi rivoyatdan aniq tushunib olamiz. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِذَا سَلَّمَ عَلَيْكُمُ الْيَهُودُ فَإنَّمَا يَقُولُ أَحَدُهُمُ: السَّامُ عَلَيْكَ، فَقُلْ وَعَلَيْكَ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yahudiylardan biri sizlarga salom bersa, «Assomu alayka», deydi. Siz esa «Va alayka», denglar», dedilar». Uchovlari rivoyat qilganlar. Sharh: «Assomu alayka» degani «Senga o‘lim bo‘lsin» degan ma’noni bildiradi. Shuning uchun alik olish o‘rniga «Senga ham» degan ma’nodagi javob qaytariladi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: دَخَلَ رَهْطٌ مِنَ الْيَهُودِ عَلَى رَسُولِ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَقَالُوا: السَّامُ عَلَيْكَ، فَفَهِمْتُهَا فَقُلْتُ: وَعَلَيْكُمُ السَّامُ وَاللَّعْنَةُ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: مَهْلًا يَا عَائِشَةُ، فَإِنَّ اللهَ يُحِبُّ الرِّفْقَ فِي الْأَمْرِ كُلِّهِ، فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَوَلَمْ تَسْمَعْ مَا قَالُوا؟ قَالَ: فَقَدْ قُلْتُ وَعَلَيْكُمْ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ. وَفِي رِوَايَةٍ لِمُسْلِمٍ: فَسَمِعَتْ عَائِشَةُ فَسَبَّتْهُمْ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: مَهْ يَا عَائِشَةُ، فَإِنَّ اللهَ لَا يُحِبُّ الْفُحْشَ وَلَا التَّفَحُّشَ. فَأَنْزَلَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: "وَإِذَا جَاؤُوكَ حَيَّوْكَ بِمَا لَمْ يُحَيِّكَ بِهِ اللَّهُ"  الْآيَةَ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir guruh yahudiylar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kirib, «Assomu alayka», deyishdi. Men buni fahmlab qolib, «Alaykumussomu valla’natu», dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilma, ey Oisha! Alloh barcha ishda yumshoqlikni yaxshi ko‘radi», dedilar. «Ey Rasululloh, ularning nima deganlarini eshitmadingizmi?!» dedim. «Batahqiq, men ham «Va sizlarga ham», dedim», dedilar». Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar. Muslimning rivoyatida: «Bas, Oisha eshitib, ularni so‘kdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilma, ey Oisha! Albatta, Alloh fahsh va so‘kishni xush ko‘rmaydi», dedilar. Shunda Alloh azza va jalla «Va huzuringga kelsalar, sen bilan Alloh sen bilan salomlashmagan tarzda ‎‎salomlashurlar» oyatini nozil qildi. (Mujodala surasi, 8-oyat)», deyilgan. Sharh: Yahudiylarning Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelganlarida u zot bilan Alloh o‘rgatmagan tarzda so‘rashishlari qanday bo‘lgani avval o‘tgan. Uni quyidagi rivoyatlardan yanada yaxshiroq tushunib olamiz. Muhaddislardan Ibn Abu Hotim Oisha onamizdan bunday rivoyat qiladilar: «Yahudiylar Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kirib kelib: «Assomu alayka, ey Abul Qosim!» (ya’ni «Senga o‘lim bo‘lsin») dedilar. Oisha onamiz ularga: «Va alaykum assomu», dedilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: «Hoy Oisha! Alloh taolo fahsh so‘zlarni xush ko‘rmaydi», dedilar. Oisha onamiz: «Ularning «Assomu alayka» («Senga o‘lim bo‘lsin») deganini eshitmadingizmi?» deb so‘raganlarida, Rasululloh bunday javob qildilar: «Mening «Va alaykum» («Sizlarga ham»), deganimni eshitmadingmi?» Yahudiylar har bir narsada hiyla ishlatib, Rasulullohga va musulmonlarga yomonlik qilishning payida bo‘lar edilar. Hattoki, ular salomlashish paytida ham «Assalomu alaykum» («Sizga tinchlik bo‘lsin»), deyish o‘rniga tillarini burib, sezilmaydigan qilib, «Assomu alaykum» («Sizga o‘lim bo‘lsin»), deb aytishardi. Ular o‘z qilmishlarining noto‘g‘ri ekanini yaxshi bilishardi. Shuning uchun ham ichlarida: «Shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi», deb qo‘yar edilar. Ko‘rinib turibdi, qadimda dushmanlar salomlashishni ham musulmonlar ziddiga ishlatishga uringanlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:55 | Savol-javoblar | 145 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar