Kulib yurish

Assalomu alaykum! Men doimo kulib yuraman. Ayrim hollarda odamlar dakki beradi. Bilishimcha paygambarimiz ham kulib yurganlar. Men qanday yo‘l tutushim kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عن عبدالله بن الحارث رضي الله عنه قال ما رأيت أحدا أكثر تبسما من رسول الله صلى الله عليه وسلم  اخرجه الترمذي Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ra sertabassum bo‘lgan biror kimsani ko‘rmadim”. Termiziy rivoyati. عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: تَبَسُّمُكَ فِي وَجْهِ أَخِيكَ لَكَ صَدَقَةٌ، وَأَمْرُكَ بِالْمَعْرُوفِ وَنَهْيُكَ عَنِ الْمُنْكَرِ صَدَقَةٌ، وَإِرْشَادُكَ الرَّجُلَ فِي أَرْضِ الضَّلَالِ لَكَ صَدَقَةٌ، وَبَصَرُكَ لِلرَّجُلِ الرَّدِيءِ الْبَصَرِ لَكَ صَدَقَةٌ، وَإِمَاطَتُكَ الْحَجَرَ وَالشَّوْكَةَ وَالْعَظْمَ عَنِ الطَّرِيقِ لَكَ صَدَقَةٌ، وَإِفْرَاغُكَ مِنْ دَلْوِكَ فِي دَلْوِ أَخِيكَ لَكَ صَدَقَةٌ. رَوَى هَذِهِ الثَّلَاثَةَ التِّرْمِذِيُّ Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Birodaring yuziga tabassum qilmog‘ing sadaqadir. Amri ma’ruf, nahyi munkar qilmog‘ing sadaqadir. Adashgan joyida odamni yo‘llab qo‘ymog‘ing sen uchun sadaqadir. Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan kishiga bir narsani ko‘rsatib qo‘ymog‘ing sen uchun sadaqadir. Yo‘ldan toshni, tikanni va suyakni olib tashlashing sen uchun sadaqadir. O‘zingning chelagingdan birodaringning chelagiga quyib bermog‘ing sen uchun sadaqadir», dedilar». Uchalasini Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: «Birodaring yuziga tabassum qilmog‘ing sadaqadir». Ochiq yuzli bo‘lish husni xulqning bir sho‘’basidir. Birovning yuziga faqat bir bor tabassum ila boqmoq ham sadaqa ekan. Islomda kishilar orasidagi o‘zaro muomalalarga qanchalik e’tibor berilganini qarang! Sadaqa qilishdek ulug‘ ishning savobini olmoqchi bo‘lgan odam boshqa birovga tabassum ila boqib qo‘ysa etarli. Bu hadisi sharifga amal qilib yashagan jamiyatning qanday go‘zal jamiyat bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring-a! («Hadis va Hayot» kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:55 | Savol-javoblar | 139 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar