Bibixonim maqbarasidagi tosh

Assalomu alaykum! Samarqandga borgandik. Siyob bozori yaqinidagi Bibixonim maqbarasi hovlisida Qur’on quyiladigan lahv shaklida katta tosh yasalgan ekan. Bizni olib yurgan odam “shu tosh tagidan niyat qilib o‘tsangizlar amalga oshadi” dedi. Men buni qilmanglar, bu bid’at desam ham boshqalar tosh tagidan o‘tishdi. Bu ish menga yoqmadi. Iltimos aytinglarchi o‘sha odamni aytganlari to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Afsuski dinimiz ta’limotlaridan uzoqlashish bizni shu holatga olib keldi. O‘sha gapni aytgan inson Alloh va rasuliga yolg‘on to‘quvchi hisoblanadi. Chunki qachon niyat amalga oshishi Allohning bilishiga xos yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bildirgan o‘rinlariga xosdir. U inson go‘yoki : “Shu erdan o‘tsangiz Alloh niyatingizni amalga oshirishini menga bildirdi” degani bo‘ladi. Holbuki Alloh bilan payg‘ambarlarning orasidagi vahiy orqali xabar berish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlari bilan to‘xtagan. Bu kabi ishlar Alloh taologa yolg‘on to‘qishir. Alloh taolo “An’om” surasida marhamat qiladi: وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أَوْ كَذَّبَ بِآيَاتِهِ إِنَّهُ لاَ يُفْلِحُ الظَّالِمُونَ۝ 21. Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan yoki Uning oyatlarini yolg‘onga chiqargan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor? Albatta, zolimlar zafar topmaslar.  وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أَوْ قَالَ أُوْحِيَ إِلَيَّ وَلَمْ يُوحَ إِلَيْهِ شَيْءٌ وَمَن قَالَ سَأُنزِلُ مِثْلَ مَا أَنَزلَ اللّهُ وَلَوْ تَرَى إِذِ الظَّالِمُونَ فِي غَمَرَاتِ الْمَوْتِ وَالْمَلآئِكَةُ بَاسِطُواْ أَيْدِيهِمْ أَخْرِجُواْ أَنفُسَكُمُ الْيَوْمَ تُجْزَوْنَ عَذَابَ الْهُونِ بِمَا كُنتُمْ تَقُولُونَ عَلَى اللّهِ غَيْرَ الْحَقِّ وَكُنتُمْ عَنْ آيَاتِهِ تَسْتَكْبِرُونَ 93. Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan yoki unga hech narsa vahiy qilinmasa ham, «Menga vahiy qilindi», degan yoxud «Alloh nozil qilgan narsaga o‘xshash narsani men ham nozil qilaman», degan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor? Zolimlarning o‘lim talvasasida turgan paytlarini, farishtalarning «Joningizni chiqaring! Bugungi kunda Allohga nisbatan nohaq gap aytganlaringiz uchun va Uning oyatlaridan mutakabbirlik qilib yurganingiz uchun xorlik azobi ila jazolanursiz», – deya ularga qo‘l cho‘zib turganlarini ko‘rsang edi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 19:11 | Savol-javoblar | 152 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar