Musibatxonada tasbeh aytish

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, biz taraflarda o‘likni qirqi chiqqunicha bir kun belgilanib, tasbeh ag‘darish qilishadi. Mingta tosh terilib, 70.000 marta tasbeh aytib tosh ag‘darishadi. “La ilaxa illAlloh”  9 marta, “La ilaha illAlloh Muhammadar rasululloh” 1 marta aytilib, 7 marta takrorlanadi jami 70.000 marta mayda toshchalarga tasbeh aytib tosh ag‘darishadi. Bizlarda buni tosh ag‘darish deyishadi. Mullolarimizdan so‘rasam u yoki bu kitobda yozilgan deydiyu aniq javob berolmaydilar. Ota-bobolarimiz ham eshonlar ham shunday qilishadi deyishadi. Tasbeh ag‘darish dinimizda bormi. Avvaldan rahmat. Alloh  to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shariatimizda “Chegaralanmagan narsani chegaralanmagan holida qoldiriladi, chegaralangan narsani chegaralangan holida qoldiriladi” degan qoida bor. Masalan mayyitga savob bag‘ishlashda biror narsani, biror kunida biror maxsus shaxslarga, biror ma’lum miqdorda bersin degan narsa yo‘q. Kim bu borada cheklov yoki qo‘shimcha kiritsa u inson o‘ariatga qo‘shimcha kiritgan hisoblanib gunohkor bo‘ladi. Savob olish o‘rniga bid’at ishni qilganning gunohi bo‘ladi. Chunki shariat xolis niyat bilan xohlagan narsasini, xohlagan kunida, xohlagan kishisiga, xohlagan miqdorda ehson qilib, savobini bag‘ishlashni joriy qilgan. Allohni zikr qilib, savobini bag‘ishlashda hech qanday qaytariq yo‘q. Lekin siz aytgan tarzda savob bag‘ishlash shariatimizda yo‘q. Shuningdek qurbonlik qilishda maxsus kunda, maxsus jonivorlarni maxsus shaxslar tomonidan qilinishni shariat belgilab qo‘ygan. Buni ziddini qilish bid’at hisoblanadi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:05 | Savol-javoblar | 178 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar