Bid’at deyish

Assalomu alaykum! Men odnaklassnikning bir guruxida o‘qib qoldim ular: «tasbeh ishlatish bid’at, namozdan so‘ng qo‘lni ko‘tarib duo qilish bid’at, buyinga masx tortish bid’at» deb yozib qo‘yishibdi. Men bularni o‘qib ularga «Sizlarni musulmonlarni ibodatidan ayb qidirishdan boshqa ishlaring yo‘qmi? Namozxonlarga xadeb u bid’at bu bid’at deyavergandan ko‘ra benamoz, Xudo bexabar insonlaga Allohni tanitish yaxshi emasmi? Din bilan bezdirmaylik din bilan xursand qilaylik» deb yozdim. Ular manga: siz yozganlar safsata va hissiyot xolos ilm o‘rganing – deb yozishdi. Men noto‘g‘ri yozmadimmi? Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz aytgan kishilarning yo‘li insonlarni dinga tortish o‘rniga dindagilarni kofirga chiqarish, keng dinni toraytirish, qarshi chiqqanni o‘ldirish ustiga qurilgan. Ularning ishlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tobe’ bo‘lishdan ko‘ra shaytonning ishiga yaqinroqdir. Shayx Mutavalli Sha’roviy rahmatullohi alayh siz aytgandek yigitlarning biri bilan munozara qilganini hikoya qilib, quyidagilarni aytganlar. Mutashaddid yigitlarning biri bilan munozara qilib, biror musulmon davlatida tungi klubni portlatish halolmi yoki harom? – dedim. U – shak shuhasiz halol, ularni qatl qilish joiz – dedi. Men – ular Alloh taologa osiy bo‘lgan hollarida sen ularni qatl qilsang borar joylari qaer bo‘ladi? – dedim. U – tabiyki do‘zax bo‘ladi – dedi. Men – Shayton ularni qaerga tushirishni iroda qiladi – dedim. U – tabiyki shayton ularni do‘zaxga tushirishni xohlaydi – dedi. Shunda men : “Sizlar bilan shayton la’inning maqsadi bir. Odamlarni do‘zaxga kirgizish ekanda” dedim va unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir yahudiyning janozasi olib o‘tilganida yig‘laganlarini, sahobalar “Nega yig‘ladingiz ey Rasululloh” deganlarida, u zot : “Bir jon mendan qochib do‘zaxga ketdi” degan hadislarini aytib berdim. Va  “Sizlar bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtadagi farqni o‘ylab ko‘ring. U zot odamlarning hidoyat topib, do‘zaxdan qutlishlariga harakat qilar edilar. (sizlar esa uning aksi) Sizlar bir vodiyda bo‘lsangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umuman boshqa bir vodiydalar” dedim. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:10 | Savol-javoblar | 148 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar