Kechikib kelib, oldinga intilish

Assalomu alaykum! Bir ilmlik insondan eshitishimcha: “agar masjidga kechikib kelib, odamlarni orasidan suqilib o‘tib, oldingi qatorga o‘tish o‘zi o‘ziga jaxannamga yo‘l ochadi» deb aytgan edilar. Shu gap qanchalik to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ عَبْدِ اللهِ بْن بُسْرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ يَتَخَطَّى رِقَابَ النَّاسِ يَوْمَ الْجُمُعَةِ وَالنَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم يَخْطُبُ، فَقَالَ لَهُ: اجْلِسْ فَقَدْ آذَيْتَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَالْحَاكِمُ وَصَحَّحَهُ. وَلِلتِّرْمِذِيِّ: مَنْ تَخَطَّى رِقَابَ النَّاسِ يَوْمَ الْجُمُعَةِ اتَّخَذَ جِسْرًا إِلَى جَهَنَّمَ  Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir odam Jum’a kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam xutba qilayotganlarida kelib, odamlarning elkalaridan hatlab o‘tdi. Bas, u zot unga: «O‘tir! Batahqiq, ozor berding-ku!» dedilar». Abu Dovud, Nasaiy va Hokim rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan Termiziyning rivoyatida: «Kim Jum’a kuni odamlarning elkasidan hatlab o‘tsa, jahannamga ko‘prik olgan bo‘ladi», deyilgan. Sharh: Avvalo hadisning roviyci Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik. Abdulloh ibn Busr al-Mozaniy, kunyalari Abu Safvon, ikki qiblaga yuzlanib namoz o‘qigan sahobalardan. Bu kishining otalari, onalari hamda akalari Atiyya, singillari Samo’lar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatlarida bo‘lishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llarini           Abdulloh ibn Busrning boshlariga qo‘yib, umrlari uzoq bo‘lishini tilab, duo qilgan edilar. Haqiqatda bu kishi uzoq umr ko‘rdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hammasi bo‘lib 50ta hadis rivoyat qilganlar. Bu kishidan Abu Zohiyriyya, Xolid ibn Ma’dan, Solim ibn Omir, Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Avf, Hasan ibn Ayyub va boshqalar rivoyat qilganlar. Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu hijratning 88-yili, 95 yoshlarida Himsda vafot etdilar. U kishi o‘sha erda vafot topgan oxirgi sahoba edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har doim, har vaqt va hamisha ummatlariga ta’lim berar edilar. Ushbu hadisi sharifda Jum’a xutbasini qilayotib ham ta’lim berishni unutmaganliklarini ko‘rib turibmiz. Juma xutbasi qanchalik ahamiyatli ekanligini o‘tgan hadislardan bilib oldik. Lekin Jum’a odoblarini bilmagan kishiga o‘sha odobni o‘rgatib qo‘yish ham kerak. Shuning uchun ham Jum’a xutbasini qilib turgan bo‘lishlariga qaramay, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xutbadan to‘xtab, odamlarni turtib o‘tayotgan kishini odobga chaqirganlar: «O‘tir! Batahqiq, ozor berding-ku!» dedilar». Demak, Jum’aga kelgan odam o‘tirgan kishilarning elkasidan hatlab oldinga yoki boshqa tarafga o‘tishi joiz emas. Agar shunday qilsa, musulmon birodarlariga ozor bergan bo‘ladi. Imom Termiziyning rivoyatiga qaraganda esa, u katta gunoh qilgan va odamlarga ozor berib o‘tganligi uchun jahannamga ko‘prik bo‘ladi. Shuning uchun Jum’aga borganimizda mazkur odoblarga qattiq rioya qilishimiz kerak. Avvalo birinchi borganlar oldindan joy olib o‘tirsinlar. Toki keyin kelganlar oldinga o‘tishlariga joy qolmasin. Qolaversa, keyin kelganlar zinhor o‘zidan oldin kelib o‘tirganlarning elkalaridan turtib, oldinga o‘tishga harakat qilmasinlar. Imom-xatib domlalar ham bu narsani namozxonlarga doimo eslatib turmoqlari lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:54 | Savol-javoblar | 169 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar