Xasad kilishni muolajasi

Assalomu alaykum! Allox sizlardan rozi bulsin iltimos xasaddan kutulishda kanday yul tutishimiz kerak bu xakidagi xadislarni duolarni  urgatsangiz  iltimos
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! HASADNING DAVOSI Ma’lumki, hasad eng og‘ir qalb xastaliklaridan biridir. Qalb xastaliklarini esa faqat ilm va amal bilangina davolash mumkin. Hasadni ilm bilan davolash quyidagicha: Avvalo, har bir kishi hasad o‘zining dinu dunyosiga zarar ekani-ni yaxshi anglab etmog‘i lozim. Shu bilan birga, u hasad qilingan odamning na diniga va na dunyosiga zarar etkaza olmasligini ham tushunishi kerak. Aksincha, uning hasadidan dushmani foyda oladi. Agar oxiratga va undagi hisob-kitobga iymonni bir tarafga qo‘yib turib, aql yuzasidan ish tutganda ham, hasadga o‘rin yo‘q. Chunki hasadchi o‘z hasadi tufayli ich-ichini eydi, qalbi dard-alamga to‘ladi. Ammo biror foyda ko‘rmaydi. Hasad qilingan odamning ne’mati sizning hasadingiz tufayli bu dunyoda zavolga uchramaydi. Qanday qilib deysizmi? Unga ne’matni Alloh taolo bergan va Allohning O‘zi belgilagan muddatgacha davom etadi. Birovning hasadi tufayli ne’mat tu-gab qolmaydi. Sizning hasadingiz hasad qilingan odamning oxiratiga ham zarar etkazmasligi aniq. Chunki sizning hasadingiz unga gunoh bo‘lib yozilmaydi. Balki hasadingiz sababli mazlum bo‘lgani uchun foyda olishi turgan gap. Bu dunyoda uning foyda olishi sizning jizg‘anak bo‘lishingizdandir. Chunki odamlarning xursandchiligining sabablaridan biri dushmanining azoblanishidir. Yuqorida zikr qilingan narsalarning barchasi hasadchining o‘ziga o‘zi dushman va dushmaniga do‘st ekanini ko‘rsatadi. Bu xuddi dushmanini qatl qilish uchun tosh otayotgan odamga o‘xshaydi. Birinchi toshni otganida dushmaniga tegmay o‘ziga qaytadi va o‘ng ko‘zini ko‘r qiladi. Uning achchig‘i yana ham alanga olib, ikkinchi toshni otadi. Ikkinchi toshi ham mo‘ljalga tegmay o‘ziga qaytadi va chap ko‘zini ham ko‘r qiladi. U g‘azab otiga minib, uchinchi toshni otadi. Tosh qaytib kelib, o‘zining boshini yoradi. Dushmani esa soppa-sog‘, kulib, uni tomosha qilib turadi. Aytib o‘tilganlarni tafakkur qilgan odamning qalbida hasad olovi so‘nishi turgan gap. Hasadni amal bilan davolash quyidagicha: Bunda hasad dardiga mubtalo bo‘lgan shaxs, hasadi unga qaysi amalni buyuradigan bo‘lsa, o‘shaning aksini qilishi lozim bo‘ladi. Misol uchun, unga dushmanini yomonlashni amr qilmoqda, u uni maqtashga o‘tsin. Hasadi unga mutakabbirlik qilishni tavsiya qilmoqda, u unga tavoze’ ko‘rsatsin. Salafi solihlardan ko‘plari o‘zini g‘iybat qilgan shaxs haqida xabar eshitsa, unga hadyalar yuborar edilar. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:57 | Savol-javoblar | 168 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar