Guvohlik berish haqida

Assalomu alaykum! Muhtaram ustozlar, oliygohda bir do‘stim bor, uylanmoqchi edi. Kuni kecha uni surishtirib qizning oila a’zolari institutga kelishdi. Meni bir chetga chaqirib u bolaning xulq-atvori, ibodati haqida so‘rashdi. Men uning namoz o‘qimasligini va hatto zino qilganini ham bilaman. U ibodatli, yaxshi xulq egasi desam yolg‘on guvohlik bergan bo‘laman. Shuning uchun ularga bor gapni aytdim. Bu gapdan keyin ular ham yigitga ya’ni do‘stimga rad javobini berishibdi. Muhtaram ustozlar men bu vaziyatda noto‘g‘ri ish qilmadimmi? Bunday vaziyatlarda u do‘stim bo‘lgan taqdirda ham guvohlikda doimo haqiqatni aytish kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Yolg‘on guvohlik berish, gunoh hisoblanadi. Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi : يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ كُونُواْ قَوَّامِينَ بِالْقِسْطِ شُهَدَاء لِلّهِ وَلَوْ عَلَى أَنفُسِكُمْ أَوِ الْوَالِدَيْنِ وَالأَقْرَبِينَ إِن يَكُنْ غَنِيًّا أَوْ فَقَيرًا فَاللّهُ أَوْلَى بِهِمَا فَلاَ تَتَّبِعُواْ الْهَوَى أَن تَعْدِلُواْ وَإِن تَلْوُواْ أَوْ تُعْرِضُواْ فَإِنَّ اللّهَ كَانَ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرًا۝ 135. Ey iymon keltirganlar! Adolat ila turing hamda agar o‘zingiz, ota-ona va qarindoshlar ziddiga bo‘lsa ham, Alloh uchun guvohlik beruvchi bo‘ling. Agar u boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham, Alloh unga yaqinroqdir. Havoyi nafsga ergashib, adolatsizlik qilmang. Agar tilingizni bursangiz yoki yuz o‘girib ketsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan o‘ta xabardordir. Ushbu oyatdagi amrlar g‘oyatda muhim bo‘lib, musulmonlar bu masalalarga jiddiy qarashlari lozim. Shu boisdan Alloh taolo musulmon bandalariga: «Ey iymon keltirganlar!» – deb murojaat qilmoqda. Bu bilan diqqatni jalb etmoqda. Ushbu nidoning hikmatlarini avval bir necha bor aytib o‘tdik. Xullas, bu nidodan keyin kelayotgan amrlardan biri adolat ila turishdir. Ya’ni hamma ishda, hamma joyda, hamma masalada adolat ila turishdir. Adolat ila turishni taqozo etadigan ishlardan biri guvohlik berishdir. Guvohlik juda ham nozik va mas’uliyatli ishdir. Chunki guvohlik berish yo‘li bilan dalil-hujjat etishmay turgan ishlar hal bo‘ladi. Bir og‘iz guvohlik so‘zi bilan birovga nisbatan o‘lim hukmi chiqishi yoki bekor qilinishi mumkin. Birov qamalib ketishi yoki qutulib qolishi mumkin. Shuningdek, birov katta mol-mulkka ega bo‘lishi yoki o‘zining mol-mulkidan ajrab qolishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, guvohlik ko‘pgina hassos masalalarga dahldordir. Shuning uchun ham Islomda guvohlik adolat ila bo‘lishiga katta e’tibor beriladi. Biz o‘rganayotgan ushbu oyati karimada ham xuddi shu masala muolaja qilinmoqda: «Adolat ila turing hamda agar o‘zingiz, ota-ona va qarindoshlar ziddiga bo‘lsa ham, Alloh uchun guvohlik beruvchi bo‘ling». Demak, guvohlik Alloh uchun bo‘lishi kerak. Boshqa narsa uchun emas. Biror shaxs uchun emas, qabila uchun emas, hizb yoki xalq uchun emas. Faqat Alloh uchun bo‘lishi kerak. Ana shundagina adolatli guvohlik bo‘ladi. Albatta, insonning o‘ziga qarshi guvohlik berishi, ota-onasi yoki qarindosh urug‘iga qarshi guvohlik berishi oson emas. Bu ish gapirishga oson, xolos. Lekin ilohiy ta’limot shuni iroda qiladi. Ana shundagina haqiqiy adolat yuzaga chiqishi mumkin. Guvohlik berishda nasab omilini hisobga olish mumkin bo‘lmaganidek, guvohlik berilayotgan shaxsning, ya’ni ayblanuvchining ijtimoiy holati ham e’tiborga olinmaydi: «Agar u boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham, Alloh unga yaqinroqdir». Ya’ni «Unga sizdan ko‘ra Alloh yaqinroqdir. U nima qilishni o‘zi yaxshi biladi. Siz uning boyligi yoki kambag‘alligiga qarab guvohlik berib, islomiy ta’limotlarni buzmang. Bu bechora kambag‘al ekan, deb rahm qilib, uning foydasiga guvohlik bermang. Yoki yalangoyoq, kambag‘alning qo‘lidan nima kelar edi, deb, guvohlikni uning zarariga ham burmang. Guvohlik berishingiz Alloh uchun to‘g‘ri bo‘lsin. Shuningdek, bu boy ekan, keyin menga nisbatan har narsa qilish uning qo‘lidan keladi, deb qo‘rqib, yoki boy ekan, bunga balo ham urmaydi, deb noto‘g‘ri guvohlik bermang. To‘g‘ri guvohlik bering». Guvohlik berishda: «Havoyi nafsga ergashib, adolatsizlik qilmang». Havoyi nafs o‘zini sevishga, ota-ona va qarindoshlarga yon bosishga undashi mumkin. Nafs boyga xushomad qilishga yoki kambag‘alga mehr ko‘rsatishga va shunga o‘xshash noto‘g‘ri ishlarga boshlashi mumkin. Havoyi nafsga berilib: «Agar tilingizni bursangiz yoki yuz o‘girib ketsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan o‘ta xabardordir». U Zot O‘zi bilib, adolat-la jazoingizni beradi. Tilingizni burib, noto‘g‘ri guvohlik berishingiz mumkin emas. Shuningdek, mas’uliyatdan qochib, guvohlik berishdan yuz o‘girishingiz ham mumkin emas. Islomda guvohlikni berkitish yoki uni ado etishdan qochish ham katta gunoh hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda guvohlikni berkitgan odam qalbi gunohkor odam ekanini ta’kidlagan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislaridan birida: «Guvohlarning eng yaxshisi so‘ralmasdan turib guvohlik beradiganlaridir», – deganlar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 10:45 | Savol-javoblar | 164 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar