Tahorat qilishga yaroqlimi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, hozirda musofir yurtda kemasozlik sohasida ishlayman. Ish joyim dengiz ustida ya’ni suvni yuqori qismidan taxminan 40-50 metr balandlikda bo‘ladi.  Bu g‘ayri din yurtdagi insonlar vaqti vaqti bilan shu dengizga bavl qilishganiga ko‘zim tushib qoladi. Doim ham emas goh gohida tahorat olgani pastga tushishni imkoni bo‘lmay qoladi. Shundan kelib chiqib ish paytida namoz vaqti kirib qolsa, shu dengiz suvida tahorat olib namoz o‘qishim joizmi?
2). Yomg‘ir suvidan ham tahorat olib namoz o‘qisa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ikkisida ham tahorat qilishingiz joiz. Suvda tug‘iladigan va oqar qoni yo‘q narsa (suvda) o‘lib qolsa, hechqisi yo‘q. Daraxt yoki mevadan siqib chiqarilgan va qurbatga yoki betahoratlikni ketkazish uchun ishlatilgan suv ila tahorat qilinmaydi. Bu jumlalarda qanday suv bilan tahorat va g‘usl qilish mumkinligi va qanday suv ila joiz emasligi haqida so‘z bormoqda. Keling, ularni birma-bir o‘rganib chiqaylik. Osmon va erning suvi ila tahorat qilinadi, garchi ko‘p turish ila o‘zgargan yoki unga pok narsa aralashgan bo‘lsa ham. «Osmon suvi» deganda yomg‘ir, qor, do‘l va shudring kabilar anglanadi. Alloh taolo Anfol surasida: وَيُنَزِّلُ عَلَيْكُم مِّن السَّمَاء مَاء لِّيُطَهِّرَكُم بِهِ «U sizni poklash uchun ustingizga osmondan suv tushirgan edi», degan (11-oyat). Shuningdek, Alloh taolo Furqon surasida: وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاء مَاء طَهُورًا۝ «Va osmondan pok suv tushirdik», degan (48-oyat). «Er suvi» deganda buloq, quduq, chashma, daryo va dengiz suvlari ko‘zda tutiladi. Alloh taolo Zumar surasida: أَلَمْ تَرَ أَنَّ اللَّهَ أَنزَلَ مِنَ السَّمَاء مَاء فَسَلَكَهُ يَنَابِيعَ فِي الْأَرْضِ «Alloh osmondan suv tushirib, uni erdagi manbalardan oqizib qo‘yganini ko‘rmadingmi?!» degan (21-oyat). Er yuzidagi hamma suvlarni Alloh azza va jalla osmondan yog‘dirgan. Xoh buloq va quduqlar, xoh er osti daryolari va er usti daryolari suvi bo‘lsin, hamma-hammasini Alloh taolo osmondan tushirib qo‘ygandir. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ سَأَلَ رَجُلٌ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَقَالَ يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّا نَرْكَبُ الْبَحْرَ وَنَحْمِلُ مَعَنَا الْقَلِيلَ مِنَ الْمَاءِ، فَإِنْ تَوَضَّأْنَا بِهِ عَطِشْنَا، أَفَنَتَوَضَّأُ بِمَاءِ الْبَحْرِ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم  هُوَ الطَّهُورُ مَاؤُهُ، الْحِلُّ مَيْتَتُهُ رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi: «Ey Allohning Rasuli, albatta, biz dengiz(kemasi)ga minamiz. O‘zimiz bilan ozgina suv olamiz. Agar u bilan tahorat qilsak, chanqaymiz. Dengizning suvidan tahorat qilaveraylikmi?» Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U suvi pok, o‘limtigi halol narsadir», dedilar». «Sunan» egalari rivoyat qilishgan. Mazkur suvlarning hammasi pokdir va poklovchidir. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 10:57 | Savol-javoblar | 156 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar