Toj kiydirilishi to‘g‘rimi?

Assalomu alaykum! Kimki Qur’onni to‘liq o‘rganib yod olsa, qiyomat kuni o‘sha kishining ota-onasiga toj kiydirilar ekan. Shu to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! وَلِأَبِي دَاوُدَ: مَنْ قَرَأَ الْقُرْآنَ وَعَمِلَ بِمَا فِيهِ أُلْبِسَ وَالِدُهُ تَاجًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ، ضَوْءُهُ أَحْسَنُ مِنْ ضَوْءِ الشَّمْسِ فِي بُيُوتِ الدُّنْيَا لَوْ كَانَتْ فِيكُمْ فَمَا ظَنُّكُمْ بِالَّذِي عَمِلَ بِهَذَا Abu Dovudning rivoyatida: «Kim Qur’onni o‘qisa va undagi narsaga amal qilsa, uning ota-onasiga qiyomat kuni toj kiydiriladi. Agar u orangizda bo‘lsa edi, uning ziyosi bu dunyo uylaridagi quyoshning ziyosidan ham yaxshiroq bo‘lar edi. Endi bunga amal qilganga nima bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering», deyilgan. Sharh: Ya’ni Qur’oni Karimni o‘qimagan ota-onaga shunchalik takrim va tashrif bo‘lsa, Qur’oni Karimni o‘qigan va unga amal qilganning o‘ziga qanchalar takrim va tashrif bo‘lishini har kim o‘zi bilib olaversin. Shunday bo‘lganidan keyin har bir ota-ona o‘zining har bir bolasiga Qur’oni Karimni o‘qitishga o‘tsin. Shunday bo‘lganidan keyin har birimiz Qur’oni Karimni o‘qishga va unga amal qilishga o‘taylik. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ الَّذِي لَيْسَ فِي جَوْفِهِ شَيْءٌ مِنَ الْقُرْآنِ كَالْبَيْتِ الْخَرِبِ Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, ichida Qur’ondan biror narsa bo‘lmagan odam xaroba uyga o‘xshaydi», dedilar». Sharh: Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’ondan hech narsani yodlamay yurgan odamni ajoyib o‘xshatish ila sifatlabdilar: xaroba uyga o‘xshatibdilar. U ham sirtidan uyga o‘xshab ko‘rinadi. Devori bor, yana uyda bo‘ladigan ba’zi narsalari ham bor. Ammo aslida u to‘laqonli uy emas. Xaroba. Ichiga nazar solgan odam undan hazar qiladi. Uning ichi iflos, qaralmagan, turli axlatlar bilan to‘lgan. Qur’ondan biror narsa yodlamagan odam ham sirtidan odamga o‘xshaydi. Ammo ichi.... Xaroba uyga o‘xshab qolmaslik uchun Qur’oni Karimdan yod olishimiz kerak. Undan qancha ko‘p yod olsak, ichimiz shuncha obod va go‘zal bo‘lib boraveradi. عَنْ عَبْدِ اللهِ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: مَنْ قَرَأَ حَرْفًا مِنْ كِتَابِ اللهِ فَلَهُ بِهِ حَسَنَةٌ، وَالْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا، لَا أَقُولُ الم حَرْفٌ وَلَكِنْ أَلِفٌ حَرْفٌ وَلَامٌ حَرْفٌ وَمِيمٌ حَرْفٌ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga buning uchun bir savob bo‘lur. Har bir savob esa o‘n misli(ga ko‘paytirilur). «Alif. Laam. Miym – bir harf» demayman. Balki «Alif» bir harf, «Laam» bir harf, «Miym» bir harf», dedilar». Sharh: Bu hadisi sharifda Qur’oni Karim qiroati bitmas-tuganmas savob manbai ekani bayon qilinmoqda. Qur’oni Karimni o‘qigan odamga har bir harf uchun alohida savob berilar ekan. Umumiy qoidaga binoan, har bir savob o‘nga ko‘paytirib berilardi. Bundan Qur’oni Karimni o‘qigan odam uchun har bir harfni o‘qiganiga o‘n savob berilishi kelib chiqadi. Buning hammasi Qur’oni Karimning cheksiz fazlga ega bo‘lganidandir. Bas, shunday bo‘lganidan keyin bir harf bo‘lsa ham, Qur’oni Karimni o‘qishga harakat qilmog‘imiz zarur. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:27 | Savol-javoblar | 139 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar