Moshina savdosida aybi aytilmasa

Assalomu alaykum! Biz mashinamizmi bo‘lib to‘lash uchun sotgan edik, lekin mashina urilganini aytmagan edik. Oramizda ma’lum bir summa qolgan, so‘rasak berishni hohlamayapdi. Aldab sotganingiz uchun bermiman deyapdi. Bunda nima qilish kerak? Ikki taraf rozi rizochilik qilib o‘rtani isloh qilaylikmi? Sudga berib berib olsak ham bo‘ladi, lekin qiyomat kunidan qo‘rqyapmiz?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shariatimizda “xiyorul ayb” degan masala bor.
Agar iyjobdan keyin orada savdodan boshqa masalaga o‘tish sodir bo‘lsa, ixtiyor haqqi qolmaydi. عَنْ حَكِيمِ بْنِ حِزَامٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ الْبَيِّعَانِ بِالْخِيَارِ مَا لَمْ يَتَفَرَّقَا، فَإِنْ صَدَقَا وَبَيَّنَا، بُورِكَ لَهُمَا فِي بَيْعِهِمَا، وَإِنْ كَتَمَا وَكَذَبَا، مُحِقَتْ بَرَكَةُ بَيْعِهِمَا Hakim ibn Hizom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sotuvchi va oluvchi, modomiki ayrilib ketmasalar, ixtiyorlari o‘zlari bilandir. Agar ular rost gapirib, ochiq-oydin bayon qilsalar, ikkovlariga ham savdolarida baraka bo‘ladi. Agar yolg‘on gapirsalar va berkitsalar, savdolarining barakasi o‘chiriladi», dedilar». عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ كُلُّ بَيِّعَيْنِ لَا بَيْعَ بَيْنَهُمَا حَتَّى يَتَفَرَّقَا إِلَّا بَيْعَ الْخِيَارِ رَوَاهُمَا الْخَمْسَةُ  Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir sotuvchi va oluvchi ajralgunlaricha oralarida savdo yo‘q, faqat xiyor savdosi mustasno», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Ushbu va shunga o‘xshash hadislardagi ixtiyor haqqi ham hanafiy mazhabi bo‘yicha, qabul qilish ixtiyoridir, majlis tamom bo‘lguncha cho‘ziladigan ixtiyor emas.
Alloh taolo Moida surasida: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَوْفُواْ بِالْعُقُودِ«Ey iymon keltirganlar! Ahdnomalarga vafo qiling!» degan (1-oyat).
Iyjob va qabul sobit bo‘lganidan keyin savdo ahdnomasi oxiriga etgan bo‘ladi. Bu holdan keyin aynigan odam ahdnomaga vafo qilmagan bo‘ladi. Mo‘min kishining bu ishni qilishi durust emas.
Alloh taolo Niso surasida:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تَأْكُلُواْ أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلاَّ أَن تَكُونَ تِجَارَةً عَن تَرَاضٍ مِّنكُمْ «Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan emang. Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli», degan (29-oyat).
O‘zaro rozilik ila iyjob va qabul orqali bajarilgan tijoratdan keyin aynish ushbu oyati karimaga xilof bo‘ladi.
Shuning uchun iyjob va qabuldan keyin faqat savdo molidagi ayb, uni ko‘rmaganlik yoki shart vujudga kelmagani tufayligina bay’ni buzish mumkin. Boshqa holatlarda bay’ lozim bo‘ladi.
Savdo moli va bahoni aniq bilish lozim. (“Kifoya” kitobidan).
Sotilgan molni aybi chiqib qolsa  Bir kishi biror narsani sotib olganidan keyin, uning aybi chiqib qolsa va u ayb sotuvchining xuzurida ham mavjud ayb ekanligi ma’lum bo‘lsa xaridor uni sotib olayotgan vaqtda uning aybi bor ekanini bilmagan bo‘lsa yoki mukammal bilmagan bo‘lsa, sotib olayotgan vaqtda aybiga roziligini izhor qilmagan bo‘lsa, ikki narsadan birini ixtiyor qilish haqqiga ega bo‘ladi.
Xohlasa qiymatining barchasini evaziga molni o‘z huzurida olib qoladi yoki pulni olib molni qaytarib beradi. Aybining evaziga qiymatidan kamaytirishlikka haqqi yo‘q. Lekin sotuvchi molni xaridorda qoldirib, aybining evaziga qiymatidan kechib berishlikka rozi bo‘lsa xaridor molni qaytarib bermay aybining evazini olishi mumkin. مطلق البيع يقتضي سلامة المبيع و كل ما اوجب نقصان الثمن في عادة التجار فهو عيب إذا علم المشتري بالعيب عند الشراء او عند القبض و سكت فقد رضي به و إذا اطلع المشترى على عيب فإن شاء اخذ المبيع بجميع الثمن و ان شاء رده و ليس له اخذه و اخذ النقصان إلا برضاء البائع لأن الأوصاف لا يقابلها شيءٌ من الثمن بالعقد. الإختيار لتعليل المحتار للمصلي Mutloq (shartlar qo‘yilmagan) bay’ sotilgan molni salomat holda bo‘lishini taqozo qiladi. Savdogarlar odaticha qiymatini tushirib yuboradigan kamchiliklar molning aybi sanaladi. Xaridor molni sotib olayotgan yoki qo‘lga olayotgan vaqtida molning aybini bilib sukut qilsa, aybiga rozi bo‘lgan sanaladi. Agar xaridor (keyinchalik) molni aybini bilib qolsa xohlasa bergan pulini barchasi evaziga molni o‘zida olib qoladi, agar xohlasa molni qaytarib beradi. Moldagi ayb tufayli molning qiymatini bir qismini kamaytirishga haqqi yo‘q. Chunki kelishuv bitimini tuzish bilan molni ba’zi bir sifatlari evaziga qiymat belgilanmaydi. Lekin sotuvchi o‘z ixtiyori bilan molning nuqsoni evaziga pulidan o‘tib bersa joiz.
Xaridor molning aybi chiqib qolganligi tufayli sotuvchiga qaytarib berish huquqiga ega bo‘lishi uchun bir necha qaydlar mavjud.
1-sotib olayotgan vaqtida aybi bor ekanligini bilmagan bo‘lsin. Aybi borligini bilaturib sotib olib keyin “aybini to‘g‘rilab ber” deb qaytarib berishga haqqi yo‘q.
2-molni qo‘lga olayotgan paytda aybi borligini bilmagan bo‘lsin.
3-molning aybi tufayli qaytarib berishi uchun ayb savdogarlar nazdida molning qiymatini tushiradigan darajada bo‘lsin. Misol uchun kiyimga qon yoki dog‘ tekkan bo‘lib, uni yuvish ila qiymati tushadigan bo‘lsa, qaytarib berish haqqiga ega. Agar yuvganidan keyin qiymati o‘zgarmasa qaytarib berish haqqiga ega bo‘lmaydi.
4-xaridor molning aybini bilgan zaxoti moldan foydalanishni to‘xtatadi. Aybini bilgandan keyin ham foydalansa qaytarib berish haqqi bekor bo‘ladi. Ulamolarimiz bunga misol qilib, “Bir kishi ulov sotib olib, aybini bilganidan keyin uni xaydashda davom etsa, o‘sha nuqsoni tufayli sotuvchiga qaytarib berish huquqidan mahrum bo‘ladi. Egasiga qaytarib olib borish uchun xaydasa bundan mustasno” deganlar.
5-haridor molni qaytarib bergunigacha o‘sha molga sotuvchi xuzuridagi nuqsondan tashqari boshqa, narxini tushiradigan nuqson etkazishi kerak emas. Misol uchun tikuvchi bir matoni olib, kiyim uchun bichib qo‘yganidan keyin uning aybi chiqib qolsa qaytarib berish huquqiga ega bo‘lmaydi. Lekin aybni evaziga  matoga to‘lagan narxdan ma’lum qismini qaytarib olsa bo‘ladi.
Sotuvchi biror molni sotayotgan vaqtda xaridorga uni ko‘rsatib “Keyinchalik molni aybi chiqib qolsa men uni zimmamga olmayman” deb sotishligi shar’an joiz. Sotuvchining bu so‘zidan keyin xaridorga molning aybi ma’lum bo‘lsa, qaytarib berishga hech qanday haqqi bo‘lmaydi. Yuqoridagi masalada esa sotuvchi ushbu so‘zni aytmagan suvrat ko‘zda  tutilgan.
Hadislarda, sotuvchi molning aybini aytmasdan sotsa farishtalar uni la’natlashligi zikr qilingan.
“Bahrurroyiq” kitobida : “Molning aybini aytmasdan sotishlik harom. Hamda bu ishni qilgan kishi fosiqlikka hukm qilinib, guvohligi qabul qilinmaydi” deyilgan. Ba’zilar ulamolar esa “Fosiqqa hukm qilinib guvohligi qabul qilinmasligi uchun sotuvchi bilib turib qasddan sotgan bo‘lsa” deyishgan. Vallohu a’lam!
27 Aprel 2022, 18:56 | Savol-javoblar | 128 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar