“Mulk” surasining fazli

Assalamu alaykum! Xudoga shukur “Mulk” surasini yodladim. Yodlashdan maqsadim, qabrda azob farishtalaridan saqlanish va qiyomatda shafoatchim bo‘lishidir. Meni qazo namozlarim ko‘p. Ularni o‘qib chiqishim kerak. Savol: “Mulk”surasini fazliga to‘la ega bo‘lishi uchun albatta oqshom turib, nafl namozda o‘qish kerakmi yoki oqshomda qazo namozlar uchun zam qilsam ham uni fazlidan umid qilsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 3327. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohning Kitobida bir sura bor. Uning oyatlari o‘ttizta. U sohibini to mag‘firat qilingunicha shafoat qiladi. «Tabarokallazi biyadihil Mulk», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Makkada nozil bo‘lgan boshqa suralar kabi, bu sura ham aqida mavzusining aslini muolaja qiladi. «Mulk» surasi uchta asosiy maqsadni o‘z ichiga olgan: 1. Allohning azamati, U Zotning tiriltirish va o‘ldirishga qodirligi. 2. Tangrining yagonaligiga dalil va hujjatlar keltirish. 3. Qiyomatga va o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga ishonmaydiganlarning oqibati nima bo‘lishi. Shuning uchun ham bu suraning fazli ulug‘ bo‘lgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni maqtaganlar va uni qiroat qiladiganlarga ushbu hadisdagi kabi, ko‘p narsalarni va’da qilganlar. Bu surai karima o‘z sohibini to u mag‘firat qilingunicha shafoat qilgani uchun «Shafoatchi» deb ataladi. Shuning uchun ham bizning diyorlarimizda uni dafndan keyin qabr ustida o‘qish odatga aylangan. 3328. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qi­linadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biri bilmay o‘z kapasini bir qabrning ustiga qurdi. Bir payt uning ichida bir inson «Tabarokallazi biyadihil Mulk»ni oxirigacha qiroat qildi. Bas, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Kapamni bir qabrning ustiga qurdim. Uning qabr ekanini bilmagan edim. Birdan uning ichida bir inson «Tabarokallazi biyadihil Mulk»ni oxirgacha qiroat qildi», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U man qiluvchi va najot beruvchidir, qabr azobidan najot beradi», dedilar». Sharh: Shuning uchun bu sura «Saqlovchi» va «Najot beruvchi» deb ham ataladi, chunki u bandalarni katta azobdan saqlaydi. Ushbu surani qabr ichidagi odam o‘qiganidan keyin uning sirtidagi tiriklarning o‘qishlari foydali bo‘lishi turgan gap. Boshqa bir hadisi sharifda esa: «Mayit qabrga qo‘yilgandan so‘ng (azob farishtalari) oyoqlari tarafdan kelsalar, oyoqlar: «Sizning buning oldiga kelishingizga yo‘l yo‘q, chunki u biz bilan turib, kechasidagi namozda «Mulk» surasini o‘qir edi», derlar. Agar bosh tarafdan kelsalar, tili: «Sizning buning oldiga kelishingizga yo‘l yo‘q. Chunki u men bilan «Mulk» surasini o‘qirdi», deydi», deyilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Mulk» surasi har bir mo‘minning qalbida bo‘lishini xohlardim», deganlar. 3329. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Alif, Laam, Miym. Tanziyl…» va «Tabarokallazi biyadihil Mulk»ni qiroat qilmasdan uxlamas edilar». Ikkisini Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Hozirda ham ko‘pchilik musulmonlar «Mulk» surasini o‘qimasdan uxlamaslik haqidagi hadisi sharifga og‘ishmay amal qilib keladilar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam.

20 Aprel 2022, 20:00 | Savol-javoblar | 159 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar