Ular qaerdan biladi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, qadimda Nostrodamus (frantsiya) va Vanga(bolgariya) degan odamlar bo‘lgan ekan. Ular aytib va yozib ketgan narsalarning ko‘pi xayotda sodir bo‘lmoqda. Bunga faqat bizning Yaratuvchimiz qodir ekanligini bilaman. Lekin ular buni qaerdan bilganini hali-xamon aqlim etmay turibdi. Savolim shundan iborat : Ular buni qaerdan bilganlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! O‘lib ketishganiga bir necha yillar bo‘lganiga qaramay “2015-16-yilda falon ishlar bo‘ladi” deyayotganlaridan ular tarafidan kimlar gapirishayotganini sezmadingizmi? G‘aybni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Alloh taolo "Naml" surasida : قُل لَّا يَعْلَمُ مَن فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ الْغَيْبَ إِلَّا اللَّهُ وَمَا يَشْعُرُونَ أَيَّانَ يُبْعَثُونَ۝ 65. Sen: «Osmonlaru erda Allohdan boshqa hech kim g‘aybni bilmas», – deb ayt. Ular qachon qayta tiriltirilishlarini ham sezmaslar. G‘aybni bilish faqat Alloh taoloning O‘ziga xosdir. Allohdan boshqa hech kim – na inson, na farishtalar, na jinlar g‘aybni bilmaydi. Bu esa Alloh taoloning mutlaq ilm egasi ekanini anglatish bilan birga, maxluqotlar uchun U buyuk Zotning lutfi hamdir. O‘ylab ko‘raylik, inson o‘z taqdirini – bir kun, bir hafta, bir oy, bir yildan keyin yoki umrining oxirigacha nimalar bo‘lishini aniq bilsa, uning uchun o‘sha kun, hafta, oy, yil va umrning qizig‘i qoladimi? Albatta, yo‘q. Bu mulohaza faqat birgina g‘ayb haqida. Yana qanchadan-qancha g‘ayb ishlari bor, ularni ham mulohaza qilsak, shunga o‘xshash hikmatlar kelib chiqaveradi. «Ular qachon qayta tiriltirilishlarini ham sezmaslar». Insonning qachon qayta tirilishi ham g‘ayb ilmidir. Uni ham osmonlaru erda Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Insonlarning o‘zlari qachon qayta tirilishlarini hatto sezmaydilar. Bu masala ham mayli, undan kattarog‘ini ham sezmaydilar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Qolaversa, uzoq yillarga reja tuzuvchi kishilar reja tuzgan kunida xabar berib bir necha yildan keyin uni amalga oshirishlari g‘aybni bilishlikka kirmaydi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:09 | Savol-javoblar | 135 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar