Haqoratlasa

Assalomu alaykum! Bir kishi mendan arzimagan pul qarz edi. Ya’ni ovqat olgandi. Shu pulni ancha vaqt bermay yurdi. Bir, ikki so‘radim, keyn “qarz oxiratga qolmasin, qiyomatda qiyin bo‘ladi” dedim. U “mayli beraman” deb, bir kuni ko‘chada ko‘rib, men hali undan so‘ramay turib, “xay sen menga qara, sendan qarzmanmi, tepada kim bor edi” dedi. Men “Xudo bor” dedim, u “Qaerda qiyin bo‘ladi” dedi, men “Qiyomatda” degandim u “O‘sha xudoyingga falonim, qarzingni bermayman” dedi. Men ham so‘kdim. Menga alam qilgani Allohni so‘kkani bo‘ldi. Haligacha o‘zimni kechira olmayapman, uni urishim kerakmidi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Allohni so‘kadigan darajaga keltirish kerakmas edi. Quyidagi oyati karimada hatto mushrikni ham og‘zidan Allohni so‘kadigan darajada so‘z chiqishga olib kelmaslik takidlanmoqda. Johillarni ham dindan chiqadigan holatga keltirmaslik kerak. وَلاَ تَسُبُّواْ الَّذِينَ يَدْعُونَ مِن دُونِ اللّهِ فَيَسُبُّواْ اللّهَ عَدْوًا بِغَيْرِ عِلْمٍ كَذَلِكَ زَيَّنَّا لِكُلِّ أُمَّةٍ عَمَلَهُمْ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِم مَّرْجِعُهُمْ فَيُنَبِّئُهُم بِمَا كَانُواْ يَعْمَلُونَ۝ 108. Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangizki, bilmasdan, tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar. Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik. So‘ngra esa qaytishlari faqat Robblarigadir. Bas, U qilib yurgan amallarining xabarini berur.
Mushriklar Allohni qo‘yib, sanam va butlarga ibodat qiladilar. Ushbu oyati karimada mushriklarning o‘sha butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda.
«Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangizki...»
Ularning butlarini so‘kishdan qaytarishning asosiy sababi oyatning o‘zidan anglashilyapti:
«...bilmasdan tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar».
Ya’ni musulmon kishi mushrikning sanamini so‘ksa, bundan g‘azablangan mushrik ham unga javoban Alloh subhanahu va taoloni tahqirlashi mumkin. Bu turgan gap. Chunki:
«Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik».
Insonning tabiati shunday. Qilayotgan amallari uning o‘ziga go‘zal va ziynatli ko‘rinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga so‘z topadi. Shuningdek, mushriklarga ham o‘z shirklari juda ham ziynatli bo‘lib tuyuladi. Ana shu e’tibordan ularning butlari haqoratlangan chog‘da g‘azablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli bo‘lgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qo‘yaversa, u yog‘ini Allohning O‘zi biladi.
«So‘ngra esa qaytishlari faqat Robblarigadir. Bas, U qilib yurgan amallarining xabarini berur». (“An’om” surasi “Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:22 | Savol-javoblar | 152 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar