Jinlar

Assalomu alaykum! Jinlardan mo‘minlar va kofirlari borligi haqida eshitganman. Shu mo‘min jinlar ham jannatga kiradimi? Ular ham musulmon insonlar bilan birga jannatda bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Hud” surasi 119-oyatida marhamat qiladi : إِلاَّ مَن رَّحِمَ رَبُّكَ وَلِذَلِكَ خَلَقَهُمْ وَتَمَّتْ كَلِمَةُ رَبِّكَ لأَمْلأنَّ جَهَنَّمَ مِنَ الْجِنَّةِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ۝ Robbing rahm qilganlaridan boshqalari. Ularni shuning uchun yaratgandir. Robbingning «Jahannamni, albatta, jinlar va odamlar bilan tamomila to‘ldirurman» degan so‘zi batamom bo‘ldi. Alloh taolo qudrati va xohishi cheksiz Zotdir. U nimani xohlasa, shuni qiladi. «Bo‘l» desa, hamma narsa bo‘ladi. Agar U xohlasa, hamma odamlarni bir xil qilib yaratishi mumkin edi. Barcha odamlarni mo‘min qilib yaratish Uning uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shuningdek, hamma odamlarni kofir qilib yaratishi ham mumkin edi. Ha, «Agar Robbing xohlasa, odamlarni bir ummat qilardi». Lekin bunday qilmadi. Ularning turli-tuman bo‘lishini xohladi. Chunki Uning O‘zi borliqda yaratgan hayotning taqozosi shu. Alloh insonning ushbu turli-tuman sharoitda yashashini, o‘zi ham turlicha bo‘lishini xohladi. O‘sha turli narsalardan yaxshisini tanlab olish ixtiyorini unga berdi. Hamda o‘sha ixtiyor yuzasidan so‘roq-savol qilishni tayin etdi. Odamlar bir xil bo‘lmaganlari uchun «Ular ixtilof qilishda bardavom bo‘lurlar... Robbing rahm qilganlaridan boshqalari». Chunki ular turlicha yaratilganlar. Dinda ham ixtilof qiladilar. Faqat Alloh rahm qilganlargina xilofsiz, Allohning aytganlarida yuradilar. Ixtilof qilganlar esa bu yo‘ldan yurmaydilar. Shuning uchun: «Robbingning «Jahannamni, albatta, jinlar va odamlar bilan tamomila to‘ldirurman» degan so‘zi batamom bo‘ldi». Yuqoridagi oyat jinlarni ham jahannamga kiritishiga dalolat qiladi. “Ar-Rohman” surasida : وَلِمَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ جَنَّتَانِ۝ 46. Robbining huzurida turishdan qo‘rqqanlar uchun ikki jannat bor. Qiyomat kuni Parvardigori olamning huzurida savollarga javob berishdan, hisob-kitob maqomidan qo‘rqib, tirikligidayoq tayyorgarlik ko‘rib, yaxshilik bilan kun kechirganlarga ikki jannat bor ekan. «Ikki jannat»ning bir necha sharhlari bor, jumladan, insonlarga alohida jannat, jinlarga alohida jannat yoki ikkovlaridan har birlariga ikkitadan jannat. Gunohkorlar jahannam bilan o‘ta qaynoq suv o‘rtasida aylansalar, taqvodorlar birinchi jannatlari, ya’ni bog‘lari bilan ikkinchi jannatlari – bog‘lari orasida sayr qilib yuradilar. Ya’ni rohat ustiga rohat, farog‘at ustiga farog‘at. Ushbu oyat esa ularni jannatga kirishligiga ishora qiladi. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan bir rivoyatda “Ular jannatga kirmay tuproqqa aylanib ketadilar. Ularning savobi do‘zaxdan najot topish bo‘ladi” degan rivoyat ham bor. Bunga ushbu oyatni dalil qiladilar. “Ahqof” surasi يَا قَوْمَنَا أَجِيبُوا دَاعِيَ اللَّهِ وَآمِنُوا بِهِ يَغْفِرْ لَكُم مِّن ذُنُوبِكُمْ وَيُجِرْكُم مِّنْ عَذَابٍ أَلِيمٍ۝ 31. Ey qavmimiz, Allohning da’vatchisiga javob bering va Unga iymon keltiring. U sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qilur va alamli azobdan saqlar. Jinlar Qur’oni Karimdan ba’zi oyatlarni tinglashlari bilanoq, uning insonlaru jinlarga yuborilgan ilohiy Kitob ekanini tushunib etganlar. Shuningdek, Muhammad alayhissalomning Allohning da’vatchisi ekanliklarini, u zotning chaqiriqlariga javob berish lozimligini, Allohga iymon keltirish vojibligini ham anglab etganlar. «Ey qavmimiz, Allohning da’vatchisiga javob bering va Unga iymon keltiring». Eng muhimi, jinlar Nabiy alayhissalomning qiroatlarini eshitganlaridan so‘ng oxiratni, qiyomat kunini bilganlar, unda alamli azoblar borligini, Allohga iymongina kishini u azobdan saqlab qolishi mumkinligini fahmlaganlar. «U sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qilur va alamli azobdan saqlar». (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:28 | Savol-javoblar | 190 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar