"Baqara" surasi 62-oyat

Assalomu alaykum! «Albatta, iymon keltirganlar, yahudiy bo‘lganlar, nasorolar va sobiylardan, qaysilari Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa va yaxshi amallarni qilsa,»
Oyat tarjimasida iymon keltirganlarga nisbatan yana bir bor Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa deyilmoqda. Iymon keltirganlar deganda musulmonlar nazarda tutiladi to‘g‘rimi? Shunday ekan nega yana ularga nisbatan yana bir bor Allohga va qiyomatga ishonish kerakligi aytildi?
Bundan tushundimki, misol uchun men musulmonman, men Allohga va qiyomat kuniga ishonaman. Ammo bu mening o‘zim haqimdagi hukmim. Allohning men haqimdagi hukmi boshqacha bo‘lishi ham mumkin ekanda. Ya’ni hamma iymon keltirganlarga nisbatan, ular Allohga va qiyomat kuniga iymon  keltirishgan deb aytolmaymiz, shunaqami?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! إِنَّ الَّذِينَ آمَنُواْ وَالَّذِينَ هَادُواْ وَالنَّصَارَى وَالصَّابِئِينَ مَنْ آمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ وَعَمِلَ صَالِحاً فَلَهُمْ أَجْرُهُمْ عِندَ رَبِّهِمْ وَلاَ خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلاَ هُمْ يَحْزَنُونَ۝ 62. Albatta, iymon keltirganlar, yahudiy bo‘lganlar, nasorolar va sobiiylardan kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa va solih amal qilsa, ularga Robblari huzurida ajrlar bordir. Ularga xavf yo‘q va ular mahzun ham bo‘lmaslar. Oyati karimadagi «iymon keltirganlar»dan murod musulmonlardir. «Yahudiy bo‘lganlar» Banu Isroildir. Yahudiyning ikki toifasi bor: birinchisi – Allohga qaytgan, ikkinchisi – Yahudoning farzandlari. «Nasorolar» deganda esa Iyso alayhissalomga iymon keltirganlar tushuniladi. Ular u kishiga yordam berganlari uchun «nasoro» («yordam beruvchilar») deb nom olganlar. «Sobiiylar» deb, Payg‘ambarimiz kelishlaridan oldin arab mushriklaridan bir guruhi o‘z qavmlarining butu sanamlarga sig‘inishlarini yoqtirmay, o‘zlari yangi aqiyda axtarib, oxiri, Ibrohim alayhissalom dinida yuramiz, deb qavmlaridan ajrab chiqqan kishilarga aytiladi. Bu nomni ularga mushriklar bergan bo‘lib, «Otalarining dinidan burilganlar» degan ma’noni anglatadi. Oyati karima yuqorida zikr qilinganlardan kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirib, yaxshi amallarni qilgan bo‘lsa, o‘sha ajr oladi, oldinda uni xavf-xatar kutmaydi, o‘tgan ishlarga xafa bo‘lmaydi, degan tushunchani bermoqda. Ya’ni ajr olish uchun, qiyomatda xavfda qolmaslik uchun, bo‘lib o‘tgan ishlardan xafa bo‘lmaslik uchun biror irqqa mansublik shart emas. Balki iymonu yaxshi amal bo‘lsa, kifoyadir. Albatta, bu hukm Muhammad alayhissalom payg‘ambar bo‘lib kelgunlaricha bo‘lgan muddatga taalluqlidir. U zoti bobarakot payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ng hamma u kishiga iymon keltirishi shart. Kim u kishiga iymon keltirmasa, kofir bo‘ladi va azob-uqubatga loyiq ko‘riladi. Ajru savobdan mahrum bo‘ladi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Muhammad alayhissalom: «Mening nafsim qudrat qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, ushbu ummatdan biror kishi – yahudiymi, nasroniymi, men haqimda eshitsa-yu, menga yuborilgan narsaga iymon keltirmasa, do‘zax ahlidan bo‘ladi», – deganlar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan "Baqara" surasi). Kishi iymon keltirdim deb o‘ylasada, uning xotimasining xunuk bo‘lishi, insondagi odamlar bilmaydigan botiniy illatga bog‘liqdir. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:56 | Savol-javoblar | 208 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar