Maymunlar va odamlar

Assalomu alaykum! Bir masjid imom xatibi “odamlar maymundan emas, balki maymunlar odamdan tarqalgan” deb “Baqara” surasini 65-oyatini dalil sifatida keltirdi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu gap to‘g‘ri emas. “Baqara” surasining 65-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi: وَلَقَدْ عَلِمْتُمُ الَّذِينَ اعْتَدَواْ مِنكُمْ فِي السَّبْتِ فَقُلْنَا لَهُمْ كُونُواْ قِرَدَةً خَاسِئِينَ۝ «Batahqiq, sizlardan shanba kuni tajovuzkorlik qilganlarni bildingiz. Biz ularga: «Quvilgan, xorzor maymunga aylaning», dedik. Shanba kuni haddan oshganlarning qissasi boshqa oyatlarda keladi. Shanba kuni haddan oshgan yahudiylar Iyla nomli joyning yahudiylari edilar. Shanba Bani Isroilning muqaddas kunidir. Ular o‘sha kuni dam olib, faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib, dunyoni yodga olmaslikka ahdu paymon berishgan. Alloh taolo ularni sinash uchun xuldi o‘sha kuni, yaqinlaridagi suv havzasida baliqni ko‘paytirib qo‘ydi. Boshqa kunlari baliq uncha ko‘p ko‘rinmas edi. Yahudiylar qaerda bo‘lsalar ham, qachon bo‘lsa ham yahudiyliklarini qiladilar. Ushbu masalada ham ular xiyonat qildilar, hiyla o‘ylab topdilar. Shanba kuni baliq ko‘payganda, ularni dengizdan ajratib olish uchun hovuzlar qilib, o‘shalarga kirgan baliqlarni qamab olib, boshqa kuni ovlaydigan bo‘ldilar. O‘shandan keyin Alloh taolo ularni hayvonlarning ichida eng pastkashi, tuturig‘i yo‘g‘i, orsizi bo‘lmish maymunga aylanishga va xorzorlikda, quvilgan holda yashashga amr berdi. Ba’zi ulamolarimiz ta’kidlashlaricha, albatta, bu ma’no shaklan maymun bo‘lishni taqozo qilmaydi, balki maymunsifat xulqatvor va tabiatga ega bo‘lishni ham bildiradi. Bu hodisa ajoyib bir hodisadirki, qancha ibrat olinsa, shuncha oz. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Lekin bu oyatda zikri kelgan qavm hozirgi maymunlar emas, ular bu voqeadan avval ham bo‘lishgan. Imom Muslim Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilgan hadislarida shunday deyiladi: عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ : قَالَ رَجُلٌ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ، الْقِرَدَةُ وَالْخَنَازِيرُ هِيَ مِمَّا مُسِخَ ؟ فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ لَمْ يَجْعَلْ لِمَسْخٍ نَسْلًا وَلَا عَقِبًا، وَإِنَّ الْقِرَدَةَ وَالْخَنَازِيرَ كَانُوا قَبْلَ ذَلِكَ روى مسلم«Bir kishi: «Ey Allohning Rasuli(hozirgi) maymun va to‘ng‘izlar o‘sha maymun va to‘ng‘izga aylantirilganlarning avlodidanmi?» deb so‘radi. Nabiy sollalohu alayhi vasallam: «Alloh taolo ulardan nasl ham, ortidan qoluvchini ham qilmagan. Ulardan avval ham maymun va to‘ng‘izlar bo‘lgan», dedilar». Imom Muslim rivoyati. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:15 | Savol-javoblar | 150 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar