Oilaviy jamg‘armadan zakot

Assalomu alaykum! Biz oilamizda onam, men, ukam oylik pulimizni bir joyga egamiz. O‘sha pul nisobga etgan. Men o‘sha yig‘ilgan puldan zakot beriladi deb o‘ylardim. Ammo pul aynan bir kishiga tegishli bo‘lishi kerak ekan. Yig‘ilgan nisobga etgan pulda kimni puli kancha ekanini bilmaymiz. Bunday holda yig‘ilgan pul uchga bo‘linib, o‘shanda ham nisobga etsa zakot berilar ekan. Lekin bizda uchga bo‘linsa nisobga etmaydi. Savolim quyidagicha: Bundan buyog‘iga zakot masalasida chalkashmaslik uchun hozirdan uchga bo‘lib olib, alohida yig‘aylikmi?
Biz hali oilalik emasmiz, aloxida yig‘ish munosabatlarga ta’sir etmasmikin deb qo‘rqaman. Kim ko‘p pul topayotgani sababidan. Yoki shunaqa o‘rtada yig‘ib, har yili uchga bo‘lish kerakmi? Lekin bunda kimnidir puli nisobga etganini bilib bo‘lmaydi. Menga tinchlik bermayotgan narsa yig‘ilgan pulda men qo‘shgan ulush nisobga etgan bo‘lishi mumkin degan fikr. Lekin qanchaligini bilmayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Savol: Bir kishini to‘rtta o‘g‘li uylanib, barchasi birgalikda istiqomat qiladilar va ularning daromadlari xar hil bo‘lib, bor topganlarini otalariga olib kelib bersalar. Otasi esa, o‘g‘illari tomonidan keltirilgan pulga uy-joy qurgan bo‘lsa, o‘sha mol-mulkda shirkati amlokda sherikmilar yoki yo‘qmi? Javob: Ota-bolalar barchasi birga yashashib, topganlarini otalariga keltirib berishsa, to‘plangan mablag‘dan qurilgan uy-joyning barchasi otaniki, hisoblanadi. زَوَّجَ بَنِيهِ الْخَمْسَةَ فِي دَارِهِ وَكُلُّهُمْ فِي عِيَالِهِ وَاخْتَلَفُوا فِي الْمَتَاعِ فَهُوَ لِلْأَبِ وَلِلْبَنِينَ الثِّيَابُ الَّتِي عَلَيْهِمْ لَا غَيْرُ “Bir kishi beshta farzandini o‘z uyiga uylasa, barchasi otasining qaramog‘ida bo‘lsalar va keyinchalik mol-mulkda tortishib qolsalar, mol-mulkning barchasi otaniki hisoblanadi. Farzandlarga esa, ustilaridangi kiyimlardan boshqa biror narsa tegishli bo‘lmaydi” (Roddul muhtor). Savol: Aka-uka birgalikda tijorat qilsalar zakotlarini qay tarzda ado qiladilar? Javob: Avvalo shuni bilib olish kerakki, kimning moli qancha ekanligi ma’lum bo‘lishi kerak. Aka-ukalarning tijoratdagi o‘rinlari ham ma’lum bo‘lishi kerak. Masalan, aka-uka tijoratda bir-biriga mulki va foydasi tayin bo‘lgan sherikmi yoki mulk biriga tegishli bo‘lib, boshqasi unga ishchimi? Chunki, zakot har bir kishining o‘z molidan ado qilinishi shartdir. Shu narsalar ma’lum bo‘lganidan keyin kimning moli nisobga etsa, o‘sha kishining zimmasiga zakot berish vojib bo‘ladi (Opke masail unka hal). Savol: Er-xotin birgalikda tijorat qilsalar zakotlarini qanday ado qiladilar? Javob: Avvalo er-xotinning mulki aniq tayin qilingan bo‘lishi lozim. Chunki, ikkovlaridan birlari vafot etsa, taqsim qilinadigan meros tayin bo‘lishligi shart. Agar ajratib tayin qilib olmagan bo‘lsalar, u o‘rtadagi molni ikki tomonga taqsimlanganda har biriga nisob miqdoricha mol tegsa, ikkovlariga ham zakot lozim bo‘ladi. Agar taqsim qilinsa, ikkalalariga tekkan ulush belgilangan zakot nisobiga etmasa, u holda zakot bermaydilar (Opke masail unka hal). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:43 | Savol-javoblar | 145 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar