Mening ishlagan haqqimni bermagan insonlar

Assalomu alaykum! Men ko‘p joylarda ishlaganman Alxamdulillax Namozxonman Ustalarga men yordamchi bo‘lib ishlaganman Ustalar ko‘plari ishlagan xaqqimni bermadilar bu xolat ko‘p ustalar bilan yuz bermoqda turli vaj karson baxonalar qilib ishlaganimga arzimagan pul berib qolganini keyin beraman deb aldashadi. Mana yaqinda bir inson bilan ishladim 20 kundan ortiq ishlatib qo‘limga boshqa shogirti orqali 200000 so‘m pul berib yuboribdi tel qilsam tuxmat qilib asboblarim yo‘qolibdi dedi. Qaysi asbob desam baxona aytib telni o‘chirdi. Onajonim aytdi yaxshi kuniga buyurmasin deb duoibat qildilar menga o‘g‘lim uyiga borib usta bilan urushgin janjal qil xaqqingni talab qil dedi, ishlab qolaverasanmi dedi. Men ko‘p insonlarda xaqqim bor ular baribir berishmaydi chunki ularni xammasi iymoni sust ichkilkka ruju quygandir birovni xaqqidan qo‘rqmaydi. Men bu vaziyatda qanday yo‘l tutay? Xaqqimni talab qilsam baribir berishmaydi, qiyomat qarz bo‘lsinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mo‘min kishining kechirimli bo‘lishi, insonlarning aziyatlarini ko‘tara olishi, ularga rahmdil bo‘lishi maqtalgan sifatlardan. Kishi qodir bo‘la turib boshqaning zulmini afv qilsa Alloh taoloning huzuridagi darajasi oshadi. Ammo bu erda nozik jihat borki barcha ham buni farqlay olmaydi. Inson boshqalarning unga qilgan zulmini Alloh uchun kechirsa savob oladi, ammo qo‘rqoqligi tufayli indamasa unday emas. Mo‘min kishi bir marotaba aldansa boshqa bunday holga tushmaslik choralarini ko‘radi. Aks holda jamiyatda mo‘minlarga nisbatan hunuk tamg‘a tushishi hech gap emas. Siz ishingizga puxta bo‘ling, zolimlardan chetda yuring, bordi-yu shundaylarga uchrasangiz haqqingizni undirib olishingiz to‘g‘ri bo‘ladi. Agar qarzini bermasdan qolib ketsa, siz qiyomatda yutqazmaysiz. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَتَدْرُونَ مَا الْمُفْلِسُ؟ قَالُوا: الْمُفْلِسُ فِينَا مَنْ لَا دِرْهَمَ لَهُ وَلَا مَتَاعَ، فَقَالَ: إِنَّ الْمُفْلِسَ مِنْ أُمَّتِي مَنْ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِصَلَاةٍ وَصِيَامٍ وَزَكَاةٍ، وَيَأْتِي قَدْ شَتَمَ هَذَا، وَقَذَفَ هَذَا، وَأَكَلَ مَالَ هَذَا، وَسَفَكَ دَمَ هَذَا، وَضَرَبَ هَذَا، فَيُعْطَى هَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ وَهَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ، فَإِنْ فَنِيَتْ حَسَنَاتُهُ قَبْلَ أَنْ يُقْضَى مَا عَلَيْهِ أُخِذَ مِنْ خَطَايَاهُمْ فَطُرِحَتْ عَلَيْهِ ثُمَّ طُرِحَ فِي النَّارِ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kasodga uchragan kimligini bilasizlarmi?» dedilar.

«Bizning ichimizda kasodga uchragan dirhami ham, matohi ham yo‘q odam», deyishdi.
«Albatta, ummatimdan kasodga uchragani qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan, ammo buni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, buning molini egan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odamdir.
Bunga uning savoblaridan berilur, anavinga ham uning savoblaridan berilur. Agar uning zimmasidagi narsa tamom bo‘lmasdan avval savoblari tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib, uning ustiga tashlanur. So‘ngra u do‘zaxga tashlanur», dedilar».
Sharh: To‘liq ma’noda kasodga uchragan odam bu dunyoda odamlarga yomonlik qilgan kishi ekan. Ushbu hadisi sharifda o‘sha kasodga uchraganlarning eng yaxshisi haqida so‘z ketmoqda. Chunki u qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan bo‘ladi.
Avval o‘sha kasodga uchragan baxtsizning savoblari bo‘lsa, ularni olib, undan yomonlik ko‘rgan bechoralarga taqsimlab beriladi.
Keyin esa mazkur kasodga uchragan baxtsizning ustiga bu dunyoda uning yomonligidan zarar topgan bechoralarning gunohlari yuklanadi.
Oxirida o‘sha kasodga uchragan baxtsiz jahannamning qa’riga uloqtiriladi.
Ana, ko‘rdingizmi, birovni so‘kish, birovning obro‘sini to‘kish, birovning molini eyish, birovning qonini to‘kish va birovni urish qanday ham yomon ish! Bas, bularga o‘xshagan yomon ishlardan saqlanaylik. وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَتُؤَدَّنَّ الْحُقُوقُ إِلَى أَهْلِهَا يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُقَادَ لِلشَّاةِ الْجَلْحَاءِ مِنَ الشَّاةِ الْقَرْنَاءِ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, qiyomat kuni haqlarni o‘z ahliga ado qilursiz. Hattoki, shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yga o‘ch olib beriladi», dedilar».

Ikkisini Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

14 May 2022, 07:30 | Savol-javoblar | 175 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar