Iymon o‘girish

Assalamu alaykum! Alloh ilmimizni ziyoda qilsin. Savol-javoblarimizni insonlarga foydali qilsin! Sizlardek ilm egalari ko‘paysin. Og‘ir dardga chalinib, yoki qarichilikdanmi, o‘lim to‘shagida yotganlarga «IYMON O‘GIRTIRISh» degan amaliyot eshitdim. To‘g‘risi bunaqasini eshitmagandim. Shu amaliyot haqida xabarila bormi va u shariatimizga to‘g‘ri keladimi? Uydigilaga tezroq etkazishim kerak.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Muhtazarni o‘ng yonboshi ila qiblaga yuzlantirish sunnatdir. Chalqancha yotqizish ixtiyor qilingan. Shahodat talqin qilinadi. Muhtazar(o‘limga yuz tutgan shaxs)ga nisbatan qilinadigan mustahab ishlar: 1. Muhtazarni sunnatga binoan, o‘ng yonboshi bilan qiblaga qaratib yotqiziladi. Chunki vafot etganidan keyin xuddi shu holda qabrga qo‘yiladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Baytulloh haqida: «U sizning tirigingizning ham, o‘ligingizning ham qiblasidir», deganlar. Imom Hokim Abu Qatodadan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib, Baro ibn Ma’rur haqida so‘radilar. «U vafot qildi. Molining uchdan birini sizga vasiyat qildi. Muhtazar bo‘lganida qiblaga yuzlantirishga vasiyat qildi», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sof tabiatni topibdi. Uning uchdan birini bolasiga qaytardim», dedilar». Agar buning iloji bo‘lmasa, uni chalqancha holida yuzi va ikki oyog‘ini qiblaga qaratib yotqiziladi va oyoqlari qiblaga bo‘lib qolmasligi uchun tizzalarining ostiga biror narsa qo‘yib, ko‘tarib qo‘yiladi. Chunki ushbu holatda uning jag‘ini tang‘ish, ko‘zini yumdirish oson bo‘ladi. Mayyit qotganda bukilib qolmaydi. 2. Muhtazarga «Laa ilaaha illallohu»ni aytish talqin qilinadi. Hanafiy mazhabi ulamolari: «Mayyitni lahadga qo‘ygandan keyin ham ushbu kalimai tavhid talqin qilinadi», deganlar. Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jon taslim qilayotganlaringizga «Laa ilaaha illallohu»ni talqin qilinglar», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. O‘lim oldida turgan shaxsning yonida hozir bo‘lgan kishilar ovozlarini chiqarib «Laa ilaaha illallohu»ni aytib turishlari hukmi mana shu hadisi sharifdan olingan. Muhtazarga «Shu kalimani ayt», deb majbur qilinmaydi. Jon achchig‘ida «Aytmayman», deb yuborishi, yuz o‘girishi yoki boshqa noqulay holat paydo bo‘lishi mumkin. Shuning e’tiboridan, hozir bo‘lganlar o‘zlaricha ovozlarini chiqarib aytib turishadi. Muhtazar ham aytsa, to‘xtashadi. Oxirgi so‘zi kalimai shahodat bo‘lgan inson baxtli bo‘ladi. Muhtazar kalimai shahodatni aytgandan keyin yana boshqa gap aytsa, hozir bo‘lganlar yana kalimai shahodatni ayta boshlaydilar. Xullas, nima bo‘lganda ham, muhtazar o‘z ixtiyori bilan oxirgi so‘z sifatida kalimai shahodatni aytishiga erishishga harakat qilinadi. 3. Bu holatdagi ishlarni muhtazarning eng yaqin va yaxshi ko‘rgan kishisi, unga qanday muomala qilishni yaxshi biladigan odam qilishi kerak.("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:17 | Savol-javoblar | 145 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar