Gunoh yoki gunoh emasmi?

Assalomu alaykum! Ustozlar, bir masala buyicha tortishuv bo‘lib qoldi. Bir kishi boshqa bir kishidan “sen namoz o‘qiysanmi” deb so‘rasa gunoh bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Gunoh emas, balki ushbu savol berilganda namozni inkor qilish yoki namozxonlarni haqoratlash gunoh. Haqoratlashini bilib turib bunday savol berish ham joiz emas. Alloh taolo “An’om” surasi 108-oyatida: وَلاَ تَسُبُّواْ الَّذِينَ يَدْعُونَ مِن دُونِ اللّهِ فَيَسُبُّواْ اللّهَ عَدْوًا بِغَيْرِ عِلْمٍ كَذَلِكَ زَيَّنَّا لِكُلِّ أُمَّةٍ عَمَلَهُمْ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِم مَّرْجِعُهُمْ فَيُنَبِّئُهُم بِمَا كَانُواْ يَعْمَلُونَ Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangizki, bilmasdan, tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar. Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik. So‘ngra esa qaytishlari faqat Robblarigadir. Bas, U qilib yurgan amallarining xabarini berur. Mushriklar Allohni qo‘yib, sanam va butlarga ibodat qiladilar. Ushbu oyati karimada mushriklarning o‘sha butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. «Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangizki...» Ularning butlarini so‘kishdan qaytarishning asosiy sababi oyatning o‘zidan anglashilyapti: «...bilmasdan tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar». Ya’ni musulmon kishi mushrikning sanamini so‘ksa, bundan g‘azablangan mushrik ham unga javoban Alloh subhanahu va taoloni tahqirlashi mumkin. Bu turgan gap. Chunki: «Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik». Insonning tabiati shunday. Qilayotgan amallari uning o‘ziga go‘zal va ziynatli ko‘rinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga so‘z topadi. Shuningdek, mushriklarga ham o‘z shirklari juda ham ziynatli bo‘lib tuyuladi. Ana shu e’tibordan ularning butlari haqoratlangan chog‘da g‘azablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli bo‘lgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qo‘yaversa, u yog‘ini Allohning O‘zi biladi. «So‘ngra esa qaytishlari faqat Robblarigadir. Bas, U qilib yurgan amallarining xabarini berur».(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:19 | Savol-javoblar | 155 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar