Dam soluvchi domladagi holat

Assalomu alaykum! Bizni qishloqda Qur’on o‘qib dam soladigan kishi, dam solib bo‘lgandan keyin dam solingan kishida ro‘y bergan har xil og‘riq yoki hissiyotlarni aytib beradilar. Misol uchun “sizni falon joyizda og‘riq paydo bo‘ldi, qo‘l yoki oyog‘ingizda uvishish kuzatildi va hokazo” deb. U kishidan siz buni qaerdan bilasiz deb so‘ralganda, “dam solib turgan paytimda dam soldiruvchi qanday holatni boshdan o‘tkazsa menda ham aynan shunday holatlar ro‘y beradi” deb javob beradilar. Shunday bo‘lishi mumkinmi va bu kishiga dam soldirish uchun borish mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! O‘sha domla nimalarni o‘qishini aytsangiz, unga qarab biror narsa deyishimiz mumkin. عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه قَالَ: كُنَّا نَرْقِي فِي الْجَاهِلِيَّةِ فَقُلْنَا: يَا رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم ، كَيْفَ تَرَى فِي ذَلِكَ؟ فَقَالَ: اعْرِضُوا عَلَيَّ رُقَاكُمْ، لَا بَأْسَ بِالرُّقَى مَا لَمْ يَكُنْ فِيهِ شِرْكٌ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ. Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Johiliyat davrida dam solar edik. Bas: «Ey Allohning Rasuli, bu haqida nima deysiz?» dedik. Shunda u zot: «Menga dam solishingizni ko‘rsating-chi? Modomiki, unda shirk bo‘lmasa, dam solishning hechqisi yo‘q», dedilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Avf ibn Molik roziyallohu anhuning «Johiliyat davrida dam solar edik», deyishlaridan Islom kelgungacha bo‘lgan davrda dam solish rivojlanganini tushunib olish mumkin. U vaqtlarda sog‘liq borasidagi deyarli hamma narsa dam solishga bog‘liq bo‘lib qolgan edi. Tib deyarli o‘z mavqe’ini yo‘qotgan, dam solish esa asosan butxona xodimlari tomonidan amalga oshirilib, Alloh taologa shirk keltirishning rivoj topgan bir turiga aylanib qolgan edi. Shuning uchun ham Islomning dastlabki ta’limotlari bilan tanishgan odamlarda o‘z-o‘zidan bu narsaning to‘g‘ri emasligi haqida tushuncha paydo bo‘lar edi. Ana shu tushunchadan kelib chiqib, odamlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning Rasuli, bu haqida nima deysiz?» dedilar. «Shunda u zot: «Menga dam solishingizni ko‘rsating-chi? Modomiki, unda shirk bo‘lmasa, dam solishning hechqisi yo‘q », dedilar». Demak, dam solishga ruxsatning asosiy sharti unda zinhor va zinhor Alloh taologa shirk keltirish bo‘lmasligi zarur ekan.("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:49 | Savol-javoblar | 176 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar