Yuqsin-yuqsin

Assalomu alaykum! Xalqimizda biror kishi yangi buyum olgan bo‘lsa, boshqalar tomonidan «Bizlarga ham yuqsin», degan iborani ishlatiladi. Bu to‘g‘rimikan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Albatta bu iborani shariat ruxsat bergan o‘rinlarda ishlatilsa, bunday deyishda xato yo‘q. Noshar’iy ish yoki narsalarga «Bizlarga ham yuqsin» deyish joiz emas. Bu gap aslida “ne’mat berilgan odamni ko‘rib, qalbi erigan vaqtda duo ijobat bo‘ladi” degan gapga borib taqaladi. Alloh taolo “Oli Imron” surasida marhamat qiladi : فَتَقَبَّلَهَا رَبُّهَا بِقَبُولٍ حَسَنٍ وَأَنبَتَهَا نَبَاتًا حَسَنًا وَكَفَّلَهَا زَكَرِيَّا كُلَّمَا دَخَلَ عَلَيْهَا زَكَرِيَّا الْمِحْرَابَ وَجَدَ عِندَهَا رِزْقاً قَالَ يَا مَرْيَمُ أَنَّى لَكِ هَذَا قَالَتْ هُوَ مِنْ عِندِ اللّهِ إنَّ اللّهَ يَرْزُقُ مَن يَشَاء بِغَيْرِ حِسَابٍ 37. Bas, uni Robbi chiroyli qabul qilib, chiroyli o‘stirdi va Zakariyoni unga kafil qildi. Zakariyo har safar uning oldiga – mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko‘rdi. U: «Ey Maryam, senga bu qaerdan?» – dedi. «Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», – dedi.
Mehribon onaizorning ixlosiga yarasha, xolisona qilgan nazriga binoan, duolarini qabul qilgan holda:
«Bas, uni Robbi chiroyli qabul qilib, chiroyli o‘stirdi...»
Ya’ni Alloh taolo qiz bola bo‘lsa ham, Maryamni nazr sifatida juda yaxshi qabul qilib oldi va u qizni ajoyib bir holda o‘stirdi.
«…va Zakariyoni unga kafil qildi».
Zakariyo alayhissalom Horun alayhissalomning zurriyotidan edilar. Yahudiylarning «Haykal» deb nomlangan asosiy ibodatxonasining xizmatini qilish shu avlodga nasib qilgan edi. O‘sha paytda Zakariyo alayhissalom «Haykal» ibodatxonasi boshlig‘i edilar. Shunday qilib, Maryam alohida e’tibor ostida muborak bo‘lib o‘sa bordi. Allohning O‘zi unga inoyat ko‘rsatib turdi.
«Zakariyo har safar uning oldiga – mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko‘rdi».
Tabiiyki, Zakariyo alayhissalom Maryamning kafili sifatida uning oziq-ovqati, rizqidan doimo xabardor bo‘lib turishi lozim. Lekin ibodatxona mehrobida ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan Maryamning oldiga qachon kirsa, uning huzurida rizq turar edi. Bu rizqni o‘zi keltirmaganini yaxshi bilgan Zakariyo alayhissalom ajablanib, Maryamga:
«Ey Maryam, senga bu qaerdan?» – dedi».
Payg‘ambar Zakariyo alayhissalomniki, taajjubga solibdimi, demak, albatta, u rizqning manbai e’tiborga loyiqdir.
Maryam esa bu manbadan xabardor, shuning uchun bamaylixotir:
«Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», – dedi».
Bu manzarani ko‘rib turib, befarzand yurgan Zakariyo alayhissalomda yangidan farzandli bo‘lish havasi uyg‘ondi: هُنَالِكَ دَعَا زَكَرِيَّا رَبَّهُ قَالَ رَبِّ هَبْ لِي مِن لَّدُنْكَ ذُرِّيَّةً طَيِّبَةً إِنَّكَ سَمِيعُ الدُّعَاء 38. Shu chog‘da Zakariyo Robbiga duo qilib: «Robbim, menga O‘z huzuringdan pokiza zurriyot hadya et. Albatta, Sen duoni eshituvchisan», – dedi.
Zakariyo alayhissalom Alloh taoloning duolarni eshituvchi ekaniga to‘la ishonch bilan duo qildi. Shuning uchun ham odatda befarzand katta yoshdagi kishilarning farzand ko‘rishi ehtimoldan yiroq bo‘lsa-da, Alloh bu duoni qabul etdi.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:54 | Savol-javoblar | 154 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar