Nega bunday nomlagan?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, savolim noo‘rin bo‘lsa oldindan uzr so‘rayman. Nega bu savol-javob bo‘limi «Zikr ahlidan so‘rang» deb nomlangan?  Ilm ahlidan so‘rang deb nomlanmagan. Savol aslida ilmli kishidan so‘ralmidimi? Nima zikr ahli ilm ahlidan «ustunroq-olimroq» hisoblanadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Nahl” surasi 43-oyatida marhamat qiladi : وَمَا أَرْسَلْنَا مِن قَبْلِكَ إِلاَّ رِجَالاً نُّوحِي إِلَيْهِمْ فَاسْأَلُواْ أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ۝ 43. Sendan oldin ham faqat er kishilarni yuborib, ularga vahiy qilganmiz. Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar. Ya’ni «Biz, odatimiz bo‘yicha, doimo er kishilarni payg‘ambar qilib yuborib, ularga vahiy nozil qilganmiz. Farishtalarni ham, ayollarni ham payg‘ambar qilmaganmiz. Ey qurayshliklar, Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallamni inkor qilayotganlar! «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar». Zikr ahllari – ilohiy kitob ahllaridir, o‘shalardan so‘ranglar. Ular sizlarga payg‘ambarlar odam bo‘lganmi, farishtami yoki boshqa narsami – aytib beradilar. Garchi ushbu joyda «zikr ahli» – eslash, bilish ahli avvalgi ilohiy kitoblar ahllari bo‘lsa ham, boshqa har bir masalaning o‘z «zikr ahli» bo‘lishi haqdir. Shunga binoan, Alloh taoloning ushbu oyati karimadagi «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar» degan qavli umumiy qoida bo‘lib qolgan. Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. E’tiqod va dinu diyonatga tegishli narsalardan boshqa narsalarni g‘ayridindan bo‘lsa ham o‘rganish kerak bo‘ladi. “Anbiyo” surasi 7-oyatida ham : وَمَا أَرْسَلْنَا قَبْلَكَ إِلاَّ رِجَالاً نُّوحِي إِلَيْهِمْ فَاسْأَلُواْ أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ۝ 7. Sendan oldin ham faqat er kishilarni rasul qilib yuborib, ularga vahiy qilganmiz. Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang. Mushriklar «Bu o‘zimizga o‘xshagan insondan o‘zga emas-ku», deb Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklarini inkor qilmoqdalar. Albatta, Muhammad sollallohu alayhi vasallam birinchi payg‘ambar emaslar. Balki oxirgi payg‘ambardirlar. U kishidan oldin qanchadan-qancha payg‘ambarlar o‘tgan. Ular kimlar? Insonmi yoki malak? «Sendan oldin ham faqat er kishilarni rasul qilib yuborib, ularga vahiy qilganmiz». Avvalgi payg‘ambarlar ham senga o‘xshash erkak kishi bo‘lgan. Ularga ham senga yuborganimiz kabi vahiy yuborganmiz. Ey mushriklar! «Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang». «O‘zimizga o‘xshagan odam payg‘ambar bo‘lmaydi», deb da’vo qilayotgan, ey kofir-mushriklar, agar payg‘ambarlar inson ekanini bilmasangiz, zikr ahlidan – ilm egalaridan so‘rang. Ahli kitoblardan so‘rang. Ular sizga aytib beradilar.  (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 08:41 | Savol-javoblar | 154 | Mediya
|
Boshqa savol-javoblar