Shariat, zamonaviy ilm va fan

Assalomu alaykum hurmatli Ustozlar! Gohida sizlarning borligingizdan qalbim sururga to‘lib ketadi. Qandaydir savol tug‘ilsa, so‘raydiganim borku deb shukur qilaman. Savollarimizga javob berayotganingiz uchun ming rahmat sizlarga. Savolim : Shariatimiz zamonaviy ilm fan yutuqlari bilan qanchalik hisoblashadi? Bilaman, zamonaviy ilm fan yutuqlari borgan sari Islomning haqligini isbotlab bormoqda. Lekin shunday holatlarni ham kuzatmoqdamanki, qandaydir qarama qarshiliklar yuzaga kelmoqda. Masalan, chapaqaylik borasida. Men o‘zim biologman, shu sohani mutaxassisiman. Chapaqaylik bu tarbiyaga bog‘liq emas, balki bu gen bilan o‘tadigan belgi va uni o‘zgartirishning iloji yo‘q. Lekin shu borada beriladigan savollarga aksariyat hollarda ota-ona yoshligidan o‘ng qo‘lni ishlatishni o‘rgatmagan deyilmoqda. Bunday misollarni ko‘plab keltirmoqchi edimu lekin, savol matni cheklanganligi uchun ularni yoza olmadim. Iltimos, shu borada shariatimiz hukmidan bizni boxabar qilsangizlar. Javobingiz uchun tashakkur.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ilm ikki qismga bo‘linadi diniy va dunyoviy. Diniy ilm bir necha qismga bo‘linadi.
1-Farzi ayn. Har bir kishi bilmaslikdan chora yo‘q bo‘lgan ilm. Farzi ayn miqdorida hamma musulmon barobardir. Musulmonga tegishli bo‘lgan aqiyda ilmi, ro‘za, namoz, zakot va haj kabi ibodat sanalgan amallarning ilmi. Har bir kishi o‘zi shug‘ullanadigan kasbining ilmi. Jamiyatdagi insonlar va Allohning barcha maxluqotlarga qanday munosabatda bo‘lish ilmi va ruhiy tarbiya ilmi. Bu ilm o‘z zotida go‘zal bo‘lgan ilmdir. Bularsiz musulmon komil musulmon hisoblanmaydi.
2-Farzi kifoya. Yuqoridagi fanlarning har birida mutaxassislik darajasiga etish. Bu ishni ba’zilar ado qilishi bilan boshqalarning zimmasidan uning talabi soqit bo‘ladi. Bu ikki ilm o‘z zotida go‘zal hisoblanib, bu ikki ilmni talabida qilingan har bir harakat ibodat hisoblanadi. Bu ilmni odam ko‘paytirgani sayin Allohning xuzurida martabasi oshib boraveradi.
Dunyoviy ilm ham bir necha qismga bo‘linadi.
1-Farzi kifoya. Qaysi bir zamonda bo‘lsa ham inson manfaati uchun xizmat qiladigan, shariatga zid bo‘lmagan, insonlarning kunlik ehtiyojini qondira oladigan darajaga etishish uchun olinadigan ilm. Inson sog‘ligi uchun kerak bo‘lgan tib ilmi, hayot kichirishi uchun kerak bo‘ladigan ziroat ilmi, vatan ximoyasi uchun harbiy ilm kabilar kiradi. Bularning asl zotida go‘zallik yo‘q. Uning go‘zalligi insonlarga etadigan manfaati e’tibori bilan bo‘ladi. Manfaat qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha go‘zal bo‘lib boraveradi.
2-Muboh bo‘lgan ilm. Bunday ilmni bilish insonga manfaat keltirmasada, zarar ham keltirmaydi. Lekin chuqur o‘ylab ko‘rilsa, uning o‘rniga foydali ilmni o‘rganilganida dunyo va oxiratiga foyda keltirishi mumkin edi. Vaqtni zoe qilgani uchun zararli iml qatoriga qo‘shilishi ham mumkin.
3-Harom bo‘lgan ilm. Sehr, fitnalarga sabab bo‘ladigan insonlarning zarariga xizmat qiladigan va umrni zoe qiladigan har qanday ilm.
Siz aytganingizdek Qur’onda zikr qilingan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelgan narsalar insonga ayni foyda ekanligi kundan-kun o‘z tasdiqini topmoqda. Chapaqiylikka kelsak sunnatda o‘ng qo‘l bilan bajarilishi zikr qilingan har bir ishni o‘ng bilan bajarish ayni foydadir. Uni bajarish muhabbat va odatlanishning taqozosidir. Tsirkdagi yovvoyi hayvonlar og‘zi bilan bajaradigan ishlarni qo‘llari bilan bajarib turgani bunga misoldir. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:15 | Savol-javoblar | 148 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar