Zilzila vaqtida…

Assalomu alaykum! Oxirgi oylarda zilzilalar tez-tez kuzatilyapti. Aqlimizni taniganimizdan kattalar zilzila vaqtida "Subhanalloh"ni takrorlashganini eshitganmiz va o‘zimiz ham shunday qilib kelamiz. Savolim: zilzila vaqtida qaysi zikrlarni aytish maqbulligi xaqida ulug‘larimizdan ko‘rsatmalar bormi? Javob uchun oldindan tashakkur!

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo "An’om" surasida marhamat qiladi : 42. Batahqiq, sendan oldingi ummatlarga ham rasullar yuborganmiz. So‘ngra shoyad tazarru qilsalar deb, ularni yo‘qchilik va qiyinchiliklar ila tutganmiz.
Alloh taolo Islom ummatidan avvalgi ummatlarga ham payg‘ambarlar yuborgan. Ulardan payg‘ambarlarning da’vatiga yurmaganlarini balo-ofatlarga duchor qilgan va ziyon ila tutgan. Bundan, shoyadki, boshiga og‘ir kun tushganda o‘ziga kelib, hushini yig‘ib, xatosini tushunsa va iymon yo‘liga yursa, degan maqsad ko‘zda tutilgan. Agar voqe’likka nazar soladigan bo‘lsak, xuddi shu haqiqatni ko‘ramiz. Avvallari turli holatlarda yurib, keyin to‘g‘ri yo‘lga tushib olganlar bilan gaplashsangiz, hidoyat yo‘lini tutishlariga boshlariga tushgan og‘ir musibat sabab bo‘lganini aytadilar. Agar qur’oniy maqsad amalga oshib, boshiga balo va ziyon tushganlar tazarru qilib, hidoyat va taqvo yo‘liga tushib olsalar, yaxshi bo‘lar edi.
43. Ularga Bizning balomiz etganda, tazarru qilsalar edi! Lekin qalblari qattiq bo‘ldi va shayton ularga qilayotgan ishlarini chiroyli ko‘rsatdi.
Afsuski, ular tazarru qilmadilar. Qalblari qotib, mog‘or bosib ketganligi sababli, boshlariga tushgan balo-ofatlar ham ularga ta’sir o‘tkazmadi. Buning ustiga, shayton ularga qilayotgan ishlarini ziynatlab ko‘rsatdi. Ular kufr va shirklarida bardavom bo‘ldilar.
44. Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik. Bas, qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar.
Bunday muomalaga «istidroj» – bildirmasdan, darajama-daraja olish deyiladi. Alloh ogohlantirish maqsadida avval balo-ofatga duchor qilgan edi, tazarru qilmadi, kufrda davom etdi. Balo-ofat ta’sir qilmaydigan qalb tosh qotgan, yaxshilik umid qilib bo‘lmaydigan qalbdir. Undan endi iymon ham, biror-bir yaxshilik ham kutib bo‘lmaydi. Alloh O‘zi hikoya qilayotgan avvalgi ummatlardan shunday qattiq qalblilarini bir muddat tek qo‘yib qo‘ygan. Ular boshidan o‘tgan musibatlarni va:
«Eslatilgan narsalarni unutgan chog‘larida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik», – deydi.
Ya’ni ular istaganlaridan ham ortiq nozu ne’matlarga ko‘mib tashlanganlar. Bu dunyoning matohlari ularga seldek oqib kelgan. Albatta, ular bu narsalarga cheksiz xursand bo‘lganlar. Ammo iymonsiz, tazarrusiz kelgan nozu ne’mat yaxshilikka olib bormasligi turgan gap. Aslida iymonli, tazarruli va taqvolilarga nozu ne’matlar, farovon turmush berilishi lozim. Alloh taoloning va’dasi shu. Ammo bu narsalar kofir-mushriklarga berilsa, xususan, hamma narsaning eshigi ochib qo‘yilsa, orqasida boshqa gapi bo‘ladi. Nozu ne’matga ko‘milgan kofirlar g‘ururga ketib, yana ham ko‘proq isyonga, gunohkorlikka o‘zlarini uradilar. Ammo haqiqiy hikmat keyin paydo bo‘ladi:
«O‘zlariga berilgan narsalardan xursand bo‘lib turganlarida, ularni birdaniga tutdik».
Bunday bo‘lishini xayollariga ham keltirmagan edilar. Ularni birdaniga Allohning azobi tutdi.
«Bas, qarabsizki, butunlay noumid bo‘ldilar».
Endi tavba-tazarru qilishga imkon qolmadi.("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Fuqaholarimiz zilzila vaqtida istig‘for, duo, tazarru’ va sadaqa qilishni mustahab hisoblaganlar. Zakariyo Ansoriy rohmatullohi alayh : “Zilzila, chaqmoq va qattiq shamol turgan paytda, duoga shoshilib, yolg‘iz holatda namoz o‘qish mustahadbir” deganlar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq shamol turganda : “Ey Allohim sendan bu shamolning va shamoldagi yaxshilikni va u bilan yuborgan narsalarning yaxshiligini so‘rayman va shamloning va shamoldagi yomonlikdan va u bilan birga yuborgan narsalaringni yomonligidan panoh so‘rayman” der edilar. Muslim rivoyati. Bizning bilishimizcha zilzila vaqtida aytiladigan muayyan bir zikr sunnatda kelmagan ekan. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:21 | Savol-javoblar | 154 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar