Quyosh tutilganda

Assalomu alaykum! Bir joyda eshtib qoldim. Quyosh tutilganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qigan ekanlar. Shu namoz haqida ma’lumot bersangizlar. Bu namozni biz ham o‘qisak bo‘ladimi va bu namozni qanday o‘qiladi? Alloh ilmlaringizni ziyoda qilsin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! KUSUF VA XUSUF Quyosh tutilganda jumaning imomi odamlar bilan ikki rak’at nafl namoz o‘qiydi.
Bu namoz xuddi juma va ikki iyd namozlari kabi bo‘ladi.
عَنْ قَبِيصَةَ بْنِ مُخَارِقِ الْهِلَالِيِّ  قَالَ: كُسِفَتِ الشَّمْسُ عَلَى عَهْدِ رَسُولِ اللهِ   فَخَرَجَ فَزِعًا يَجُرُّ ثَوْبَهُ، وَأَنَا مَعَهُ يَوْمَئِذٍ بِالْمَدِينَةِ، فَصَلَّى رَكْعَتَيْنِ فَأَطَالَ فِيهِمَا الْقِيَامَ، ثُمَّ انْصَرَفَ، وَانْجَلَتْ، فَقَالَ: «إِنَّمَا هَذِهِ الْآيَاتُ يُخَوِّفُ اللهُ بِهَا، فَإِذَا رَأَيْتُمُوهَا فَصَلُّوا كَأَحْدَثِ صَلَاةٍ صَلَّيْتُمُوهَا مِنْ الْمَكْتُوبَةِ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.
Qobiysa ibn Muxoriq al-Hiloliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida quyosh tutildi. Bas, u zot daxshatga tushgan holda kiyimlarini sudrab, (shoshilib) chiqdilar. Men ham o‘sha kuni u zot bilan Madinada edim. Bas, ikki rak’at namoz o‘qidilar. Ikkisida qiyomni uzoq qildilar. So‘ng quyosh ochilganda qaytdilar va:
«Albatta, bular oyat-belgilardir. Alloh taolo ular bilan bandalarini qo‘rqitadi. Qachon ularni ko‘rsangiz, eng yaqindagi o‘qigan farz namozingiz kabi namoz o‘qing», dedilar».
Imom Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Kamol ibn Humom: «O‘shanda bomdod namozidan keyin, quyosh ikki nayza bo‘yi ko‘tarilganda tutilgan edi», degan.
Ikkisida qiroatni maxfiy va uzoq qiladi.
عَنْ سَمُرَةَ  قَالَ: صَلَّى بِنَا النَّبِيُّ  فِي كُسُوفٍ لَا نَسْمَعُ لَهُ صَوْتًا. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ.
Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyosh tutilganda bizga imom bo‘lib namoz o‘qidilar. Biz u zotning ovozlarini eshitmadik».
«Sunan» egalari rivoyat qilishgan.
Chunki quyosh kunduzi tutiladi. Kunduzgi jamoat namozlarida qiroat maxfiy bo‘ladi.
وَقَالَتْ عَائِشَةُ: كُنَّا فِي صَلَاةِ كُسُوفٍ، فَحَزَرْتُ قِرَاءَتَهُ فِي الرَّكْعَةِ الْأُولَى بِسُورَةِ الْبَقَرَةِ، وَفِي الثَّانِيَةِ بِسُورَةِ آلِ عِمْرَانَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ.
Oisha roziyallohu anho:
«Kusuf namozida edik. U zotning qiroatlarini birinchi rak’atda Baqara surasiga, ikkinchisida esa Oli Imronga taxmin qildim», deganlar.
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Qiroat maxfiy bo‘lganidan, qaysi sura qiroat qilinganini bilib bo‘lmagan. Shu bilan birga, qiroat uzoq bo‘lgani ham bilinib turibdi.
So‘ngra to quyosh ochilib ketguncha duo qiladi.
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunga amr qilganlar.
عَنْ أَبِي مُوسَى, عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: «إِنَّ هَذِهِ الْآيَاتِ الَّتِي يُرْسِلُ اللهُ لَا تَكُونُ لِمَوْتِ أَحَدٍ وَلَا لِحَيَاتِهِ، وَلَكِنَّ اللهَ يُرْسِلُهَا يُخَوِّفُ بِهَا عِبَادَهُ، فَإِذَا رَأَيْتُمْ مِنْهَا شَيْئًا فَافْزَعُوا إِلَى ذِكْرِهِ وَدُعَائِهِ وَاسْتِغْفَارِهِ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh yuboradigan ushbu oyatlar birovning o‘limi yoki hayoti uchun bo‘lmaydi. Lekin Alloh ularni bandalarini qo‘rqitish uchun yuboradi. Bas, ulardan bir narsani ko‘rsangiz, Allohga zikr va duo qilishga, istig‘for aytishga shoshiling», dedilar».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Bu namozda jumadagi kabi xutba qilinmaydi. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qishga amr qilganlar. Xutba qilishga amr qilmaganlar.
Agar imom hozir bo‘lmasa, xuddi xusufdagi kabi, yakka-yakka o‘qiydilar.
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xusuf namozini jamoat bilan o‘qiganlari naql qilinmagan. Shuning uchun xusuf namozini uylarda oddiy nafl namozlari kabi o‘qiladi.(“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:39 | Savol-javoblar | 188 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar