Shu xususda hadis bormi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, kuyov bilan qaynota, kuyov bilan ayolining aka-ukalari urishib qolsalar, ularni yarashtirib qo‘yish uchun qanday tadbir ko‘rish va nimalar deyish kerak? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shu haqida biror hadis vorid bo‘lganmi? Iltimos maslahat bersangizlar. Javoblaringizni kutib qolaman. Oldindan tashakkur.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Niso” surasi 35-oyatida marhamat qiladi :
35. Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, u(er)ning ahlidan bir hakam va bu(xotin)ning ahlidan bir hakam yuboring. Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh u(er-xotin)larning orasini muvofiqlashtirur. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir.
Bu oyati karimada kelishmovchilik ham er, ham xotin tomonidan chiqqan paytda ko‘riladigan chora haqida gap ketmoqda. Bu holatda oilaning sirini tashqariga chiqarmasdan hal etishning iloji qolmagan bo‘ladi. Endi boshqalar aralashib bo‘lsa ham, oilani saqlab qolishga harakat qilinadi.
«Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, u(er)ning ahlidan bir hakam va bu(xotin)ning ahlidan bir hakam yuboring».
Er o‘zi rozi bo‘lgan qarindoshini, xotin ham o‘zi rozi bo‘lgan bir qarindoshini hakamlikka tayin qiladilar. Rozilik keyinchalik hakamlar chiqargan hukmga ham rozi bo‘lishlari uchun kerak bo‘ladi. Albatta, hakamlar aqlli, tajribali, turmushning pastu balandidan xabardor kishilar bo‘lishi lozim. Tabiiyki, ikkovlari ham Allohdan qo‘rqqan holda adolatli hukm chiqarishga harakat qilishlari kerak. Hakamlarning asosiy vazifasi eru xotin orasini isloh qilishdir. Shuning uchun ham oyati karimada
«Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh u(er-xotin)larning orasini muvofiqlashtirur», deb, hakamlarga islohchilik nisbati berilmoqda. Xuddi shu tushunchadan kelib chiqib, ba’zi ulamolar: «Hakamlarga faqat yarashtirish isloh huquqi berilgan», – deydilar. Boshqalari esa «Holatni o‘rgangach, isloh qilishning iloji yo‘qligiga amin bo‘lishsa, eru xotinni ajratib qo‘yishga ham haqlari bor, shuningdek, ularga tegishli jazo choralarini, molu mulkka oid masalalarni ham hal qilishadi», – deydilar.
Hazrati Usmon ibn Affon Zinnurayni vaqtlarida xuddi shu oyati karimaga amal qilib, ish yuritilganligi tafsir kitoblarimizda naql qilinadi:
«Aqiyl ibn Abu Tolib Fotima binti Utba ibn Robi’aga uylangan edi. Ayol:
«Sen menga sabr qilsang, men senga nafaqa beraman», – degan edi. Eri ko‘chadan kelsa, «Utba ibn Robi’a va Shayba ibn Robi’alar qaerda?» – deb so‘rardi. Bir kuni eri:
«Do‘zaxga kirsang, sening chap tomoningda bo‘ladilar», – deb javob qildi. Xotin kiyimlarini kiyib, xalifa hazrati Usmonning huzuriga borib, bo‘lgan voqeani aytdi. Hazrati Usmon kuldilar-da, Abdulloh ibn Abbos bilan Muoviya ibn Abu Sufyonlarni chaqirib, hakam etib tayinladilar va ularga:
«Agar yarashtirishni istasangiz, yarashtiring, ajratishni istasangiz, ajratinglar», – dedilar».
Albatta, hakamlar o‘zlarining insoniy cheklangan ilmlari va imkonlari doirasida hukm chiqaradilar. Qolgani esa har bir narsani o‘zining cheksiz ilmi ila biluvchi va har bir ishdan xabardor Alloh taoloning o‘ziga havola.
«Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir».("Tafsiri Hilol" kitobidan).

Ushbu oyati karimada iloji qolmay o‘rtaga odam tushishi kerak bo‘lsa, ikki tomondan bittadan hakam olib, isloh qilishga buyruq bordir. Ikki hakamning niyati qaysi tomonga bo‘lsa ham isloh qilish bo‘lish shart. Shunda Alloh ikki tomonning o‘rtasini muvofiq qilishni va’da qilmoqda. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:43 | Savol-javoblar | 142 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar